"SO‘NGGI QO‘NG‘IROQ"DA FAQAT IKKITA SINF O‘QUVCHILARI QATNASHADI. NEGA?

"Mening maktabim - mening uyim"

Ertaga, 25-may kuni mamlakatimizdagi barcha maktablarda "Mening maktabim - mening uyim" shiori ostida 2018-2019-o‘quv yilini yakunlash va "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari o‘tkaziladi.

Soha xodimlarining xabar berishicha, bu yilgi "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlarida faqat 1- va 11-sinf o‘quvchilari ishtirok etishadi.

Xabarga ko‘ra, "So‘nggi qo‘ng‘iroq" tadbirlari maktab hovlisi, bog‘ida yoki soya-salqin ochiq maydonlarda o‘tkaziladi. Maktab hududiga texnika vositalari va begona shaxslarning kiritilmasligi ta’minlanadi. Ushbu tadbirlar joylardagi mahalla faollari, ota-onalar va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari bilan hamkorlikda tashkil etilib, o‘quv muassasalariga faxriy o‘qituvchilar, ota-onalar, maktabning sobiq bitiruvchilari taklif etiladi. Bitiruvchi o‘quvchilarning turli liboslar hamda lentalar taqishi taqiqlanishi ko‘pchilik ota-onalarni ham xursand qildi. Shuningdek, maktab ma’muriyati tomonidan yil davomida namunali xulq va a’lo baholarga o‘qib, eng yuqori reyting ko‘rsatkichlariga erishgan iqtidorli bitiruvchilar taqdirlanadi.

- Uch nafar farzandim maktabda o‘qiydi, - deydi Qarshi shahrilik Nargiza Primova. - Yangi tartib haqida eshitib, juda xursand bo‘ldim. Chunki bitiruv oqshomlarini xonadonlar, restoran,  qahvaxonalarda banket yoki boshqa marosimlar shaklida o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmasligi turli ortiqcha xarajatlarning oldini oladi.

  S.ALLAYOROVA