Ma'naviyat 23.04.2019 50

"SO‘Z IZLAYMAN BARDOSHDAN ULKAN..."

Yoshlar - el-yurt umidi

Har bir ijodkorning - u aktyormi yo rassom, bastakormi yo xonanda, uning kelajakda qanday iqtidorli, el og‘ziga tushadigan san’atkor bo‘lib yetishishini sahnada o‘ynagan ilk roli, muyqalamidan chiqqan rangtasvir polotnosi, jarangdor musiqiy asari va qo‘shig‘i orqali his qilish mumkin. Bu qo‘liga qalam olib ilk she’riy satrlar bitgan yosh shoirga ham taalluqlidir.

Shahrisabzlik Jontemir (Toshtemirov)ning bundan ikki yarim yil oldin  matbuotda e’lon qilingan ilk she’rlarini o‘qigan kishida iqtidorli, umidli shoir o‘sib kelayotganini ifoda qiluvchi     taassurot uyg‘ongani turgan gap. Unga katta she’riyat maydoniga oq yo‘l tilagan O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron qayd etganidek, "Jontemirning she’rlari shu paytgacha men bilgan biron-bir shoirning she’rlariga o‘xshamaydi. SHe’rida faqat va faqat o‘zi aytishi mumkin bo‘lgan so‘zlarni yozadi, faqat o‘ziga xos his-tuyg‘ularni ifodalaydi, har bir mashqida havaskorlikdan mukammallik sari intilayotgan bu yigit ijod mashaqqatlaridan va eng avvalo turmush qiyinchiliklaridan cho‘chimasa, aksincha ularning olovida yuragini toblasa, ishonchim komil, asl adabiyot sinchilari nazariga tushishga munosib ijodkor bo‘la oladi".

Keyinchalik yosh iqtidor egasining she’rlari bilan tanishib chiqqan taniqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘ofurov ham uning ijod namunalari haqida iliq fikrlar bildirdi.

Qishloq maktabida o‘qigan Jontemir yoshligidanoq she’r mashq qila boshladi. Dastlabki she’rlarini o‘quvchiga havola qilguncha, o‘zi e’tirof etganidek, o‘nlab, yuzlab marta yozdi, ulardan qoniqmagani uchun qoralamalarini qog‘oz savatiga otdi. Ammo o‘rganishda, yozishda davom etaverdi...

Hozir u Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti  talabasi. Taqdir taqozosiga ko‘ra, bobosi (marhum) va buvisi qo‘lida tarbiyalanib voyaga yetgan Jontemir malakali mutaxassis bo‘lib yetishishi uchun tinmay o‘qimoqda, shuningdek, har bir kunini ijod qilib, she’r yozish bilan o‘tkazmoqda.

2018 yil oxirida uning birinchi she’riy  kitobi ("Darvish qo‘shig‘i") O‘zbekiston yoshlar ittifoqi huzuridagi Respublika yosh ijodkorlar kengashi homiyligida besh ming  nusxada chop etildi.

Jontemirning ilk she’riy to‘plamidan keyingi to‘rt yil ichida yozilgan 76 ta she’ri o‘rin olgan. Yosh shoirning she’rlarini o‘qir ekansiz, haqiqatan ham adabiyotimizga, she’riyatimizga o‘z ovozi, uslubi, o‘z falsafiy qarashlari, ruhiy kechinmalari bilan umidli ijodkor kirib kelayotganiga ishonch hosil qilasiz:

Quyuq daraxtzor,

So‘yilgan shafaq qoniga botirib olingan

barglarni yopinib yotar yo‘lak.

Hech vaqo yo‘q bunda arzirlik,

Qoramtir osmon jimlikdan bo‘lak

yoki Ishq bu - Vatan!  Yelkamda qo‘li.

Vatanni jangu jadalsiz

Yov izmiga berganga o‘lim!

Jontemir qalbidagi titrog‘u dardlarini misralarga tizadi:

O‘h tortmagin, lolaruh,

Osmonni yirtar bo‘zim.

O‘rtada masofa yo‘q -

Ichkarida ham o‘zim,

Tashqarida ham o‘zim.

* * *

O‘t edi u, bir quchoq olov!

Bo‘g‘zimni kuydirib xo‘pladim.

Parchalandi jismim beayov,

Jazba bilan qayta to‘pladim.

Yosh shoir tabiat manzaralarini chizishda ham go‘zal tashbehlar noyob topilmalar ishlatadi:

Esnab qo‘yar cho‘qqilar shomda,

Inson ko‘zi buni ilg‘amas.

Tebranadi uzun ishkomda,

Xayolimda oqar jilg‘alar.

Yetib kelar qitmir yelvizak,

Daraxtlarni o‘tadi chimchib.

Erinmasdan osmonni bezar,

Ulug‘ tangri yulduzlar sanchib.

Jontemir bir she’rida "So‘z izlayman bardoshdan ulkan, so‘z izlayman tasavvurdan keng" deb yozadi. Uning kelgusida fikri yanada teranlashib, so‘zga mas’uliyati oshib, she’riyat muxlislari yuragidan joy oladigan she’rlar yozishiga ishonaman.

Mo‘min AZIZOV