Tibbiyot 30.08.2019 1

SOG‘LOM AVLOD - MILLAT KELAJAGI

Konferensiya

O‘zaro mehr-oqibat tuyg‘ularini shakllantirish, kattalarga hurmat, kichiklarga izzat ko‘rsatish, el ishiga kamarbasta, vatanparvar, jismonan chiniqqan va ma’nan yetuk avlodni kamol toptirish umrboqiy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi. 1993-yilda ta’sis etilgan, mustaqil  O‘zbekiston ilk ordenining "Sog‘lom avlod uchun" deb nomlanishida ham ana shu ezgu maqsad mujassam.

Viloyat yoshlar markazida davlatimiz mustaqilligining 28 yilligi munosabati bilan "Jonajon O‘zbekistonim, mangu bo‘l omon!" shiori ostida "Sog‘lom avlod - millat kelajagi" mavzusida bo‘lib o‘tgan konferensiyada shu haqda aytib o‘tildi.

"Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamoat fondi viloyat bo‘limi tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbirda viloyat hokimligi mas’ul xodimlari, I va II darajali "Sog‘lom avlod uchun" ordeni sohiblari, viloyatdagi NNT vakillari  va yoshlar ishtirok etdi.

Konferensiyada viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Maxsuda Mustafoyeva, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Gulnora Sharipova, O‘zbekiston sog‘liqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi respublika kengashining viloyat bo‘yicha mas’ul tashkilotchisi Dilbar To‘xtayeva so‘zga chiqdilar.

Ta’kidlandiki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida millat genofondini saqlash va yaxshilash, aholining umr ko‘rish davomiyligini va turmush darajasini oshirish, sog‘lom zurriyodni dunyoga keltirish va tarbiyalash uchun sharoitlar yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugun shaharu qishloqlarimizda faoliyat yuritayotgan zamonaviy maktablar, akademik litseylar, bolalar ijodiyoti markazlari, sport saroylari, tibbiy muassasalar sog‘lom va barkamol avlodni o‘stirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Ikki darajadan iborat "Sog‘lom avlod uchun" ordeniga esa mana shu jabhada fidokorona mehnat qilayotgan fidoyi yurtdoshlarimiz sazovor bo‘lmoqda.

Konferensiyada, shuningdek, "Sog‘lom avlod uchun" xalqaro xayriya jamoat fondi tomonidan amalga oshirilgan ishlar xususida ham aytib o‘tildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, fond tomonidan viloyatimizdagi tibbiy-ijtimoiy muassasalar, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, Mehribonlik, Muruvvat, Saxovat uylari, maxsus maktab-internatlari tarbiyalanuvchilarini qo‘llab-quvvatlash uchun dori-darmon, tibbiyot jihozlari, gigiyena vositalari, kiyim-kechak, oziq-ovqat, nogironlik aravachalari, sport inventarlaridan iborat muruvvat yordamlari yetkazib berilmoqda. Joriy yilda fond yordami bilan yuqori lab va tanglayida nuqsoni bo‘lgan 12 yoshgacha bo‘lgan 18 nafar bola Toshkent tibbiyot akademiyasida bepul operatsiya yo‘li bilan davolanib chiqdi. 1 bola Germaniya davlatining nufuzli klinikasida  kuyishning asorati bo‘yicha davolanmoqda.

Tadbir so‘ngida orden sohiblari va fond rivojiga o‘z hissasini qo‘shib kelayotgan bir guruh ishtirokchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shohista BOZOROVA

Suratda tadbirdan lavha.