SOG‘LOM TURMUSH TARZI G‘ALABA QOZONMOQDA

Ommaviy sport

Qarshi shahridagi "Dinamo" o‘yingohida viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tizimida faoliyat yuritayotgan xodimlar va ularning oila a’zolari o‘rtasida "Xaloskorlar oilasi" sport musobaqasi tashkil etildi.

Ma’lumki, bugun mamlakatimizda aholining barcha qatlamlari o‘rtasida sportni keng ommalashtirish va pirovardida sog‘lom turmush tarzini qaror toptirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu borada ko‘plab tadbirlar,  festivallar, sport musobaqalari o‘tkazib kelinayapti.

"Xaloskorlar oilasi" sport musobaqasining maqsadi ham shunga qaratilgan bo‘lib, unda viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi tizimidagi tashkilotlarda mehnat qilayotgan 10 nafar xodim o‘z oila a’zolari bilan ishtirok etdi.

Musobaqada jamoalar "Yugurish, akrobatika va nishonni aniq mo‘ljallash", "Kim chaqqon va mergan", "Arqon tortish", "Chaqqon ona, epchil qiz", "Chaqqon ota, epchil o‘g‘il" kabi shartlar bo‘yicha bahslashib, o‘zlarining kuch va mahoratlarini sinovdan o‘tkazdi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra, viloyat yong‘in xavfsizligi boshqarmasi  inspektori, katta serjant Najmiddin Ro‘ziqulov oilasi 3-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, Shahrisabz shahridagi 7-harbiylashtirilgan yong‘in xavfsizligi qismi yong‘inni o‘chirish ekipaji katta instruktor haydovchisi, safdor Jamshid Rizayev va oila a’zolari 2-o‘ringa munosib ko‘rildi.

Muborak gazni qayta ishlash zavodi obyektlarini yong‘indan muhofaza qiluvchi yong‘in xavfsizligi bo‘limi yong‘in o‘chiruvchisi, safdor Erkin Eranov oilasi esa musobaqaning mutlaq g‘olibiga aylandi.

G‘oliblarga viloyat YOXBning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, musobaqaning har bir turi bo‘yicha yuqori ko‘rsatkichlarga erishgan va faol ishtiroki uchun har bir oila esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Sherzod KELDIYEV,

viloyat YOXB bo‘lim boshlig‘i

Suratda: musobaqadan lavha.