Jarayon 29.12.2018 229

SOHIBQIRON SARKARDALARI

Vatanparvarlik oyligi davom etmoqda

SOHIBQIRON SARKARDALARI

Butun dunyoda tarixchi olimlar, siyosatshunoslar, harbiy mutaxassislar tomonidan buyuk vatanparvar bobomiz Amir Temur va uning harbiy strategiyalari katta qiziqish bilan o‘rganilgan bo‘lsa-da, hali bu borada qilingan ishlar yetarli darajada deb bo‘lmaydi. Amir Temur va uning sarkardalari o‘rtasidagi o‘zaro harbiy munosabatlar, sarkardalarning oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishdagi jasoratlari va Sohibqironning harbiy sarkardalarni tanlashdagi amaliyoti to‘g‘risidagi asarlar yo‘q hisobi. Demak, Sohibqiron Amir Temur hayoti va faoliyatining biz bilmagan qirralari hali juda ko‘p.  

Tarixdan ma’lumki, Amir Temur davlati juda yuqori salohiyatga ega bo‘lgan, lekin uning armiyasi haqida yozilgan tarixiy hujjatlar juda kam. Buyuk Jahongirning armiyasi qanday harbiy taktika va strategiya qo‘llagan, qanday qurol-yaroqqa ega bo‘lgan yoki qo‘shinni kimlar boshqarganligi haqidagi ma’lumotlar hozirgacha chuqur o‘rganilmagan.

Amir Temur dushmanlarga shafqatsiz bo‘lish bilan birga, u hayratlanarli darajada, harbiy iste’dodga ega bo‘lgan. Uning qo‘shini lashkarboshilari haqida topish mumkin bo‘lgan barcha ma’lumotlar XV asr boshida yozilgan ikki "Zafarnoma" kitobida mavjud. Ularda Amir Temur harbiy yurishlari barcha tafsilotlari bilan keltirilgan. Undan tashqari, G‘iyosiddin Alining "Amir Temurning Hindistonga yurishi" kitobida Sohibqiron lashkarboshilari haqida batafsil biografik ma’lumotlar bor. Ispaniya elchisi Rui Gonsales de Klavixoning "Samarqandga Temur saroyiga sayohat kundaliklari" (1405 – 1406-yillar)  kitobi Amir Temur davlati haqida shu vaqtgacha dunyo va Yevropa olimlariga yaxshi tanish bo‘lgan yagona asar hisoblanadi. Ba’zi matnlar fors va arab tilidan boshqatdan tarjima qilingan.

Amir Temur atrofiga bolalikdanoq do‘stlari va maktabdoshlarini (Abbos bahodur, Jahonshohbek, Qimori inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh, Qarqara va boshqalar) to‘plab, birgalikda mashq qilar, musobaqalarda ishtirok etishar, asta-sekin navkar bo‘lishib va harbiy guruhga birlashib, harbiy bo‘linma sifatida shakllana borgan. Keyinchalik ular Sohibqiron qo‘shinida lashkarboshilik darajasigacha ko‘tarilganlar. 

Amir Temur yangi strategiyalarni qo‘llashda ancha jasoratli va uzoqni ko‘ra oluvchi shaxs bo‘lgan. Jumladan, mo‘g‘ul xoni To‘xtamishxon bilan 1391-yilda bo‘lgan Qunduzcha jangida hali hech qaysi jangda qo‘llanilmagan "yetti qo‘l" usulidan foydalanadi. Bu xildagi joylashuv To‘xtamishxon qo‘shinini jang boshidanoq sarosimaga solib qo‘yadi.

Boyazid bilan bo‘lgan jangda ham Amir Temur shijoat ko‘rsatadi. Qorovul Sohibqironga Boyazid qo‘shinlari charchagan holda jang maydoniga yetib kelganligi xabarini yetkazadi. Amir Temur shu zahoti otliq sipohiylar qo‘shinini jang maydoniga kiritadi. Bu qo‘shinga (Barang‘ar qism) Sohibqironning o‘g‘li Mironshoh mirzo sarkarda etib tayinlangan edi. Bu usul ham jangda Amir Temurning qo‘li baland kelishini ta’minlaydi. Sababi, u dushmanni mahv etishda vaqtni juda muhim omil hisoblagan. 1402-yilning 2-dekabrida Egey dengizi bo‘yidagi Izmir qal’asini Amir Temur qo‘shinlari  qo‘lga kiritadi. Turklar esa bu mustahkam qal’ani o‘n yil qamal qilib ololmagan. Bundan kelib chiqib aytish mumkinki, Sohibqiron armiyasida har bir askarning ruhiyati oldiga qo‘yilgan maqsadni juda tez fursatda va xar qanday sharoitda amalga oshirishga qaratilgan.

Fikrimizcha,  Amir Temurning barcha lashkarboshilarini harbiy ustalik bo‘yicha uch guruhga bo‘lish mumkin:

Birinchi guruh "iste’dodli sarkardalar" bo‘lib, tug‘ma harbiy iqtidorga ega bo‘lgan lashkarboshilardir. Ular orsida Xo‘ja Sayfiddin, Jahonshoh Bahodir, Muhammad Sultonshoh, Usmon Bahodir, Shayx Nuriddin nomlari bor. Amir Temur ushbu sarkardalarini juda yaxshi ko‘rgan va ular bilan qon-qarindosh bo‘lishga harakat qilgan.

Ikkinchi guruh bu "tayinlangan lashkarboshilar" bo‘lib, ular Temurga yaqin kishilarning o‘g‘illari sanaladi. Ular orasida Sulaymonshoh, Xudaydod, Berdibek degan nomlar bor. Ularning harbiy iqtidori, bir so‘z bilan aytganda "turli xil" bo‘lgan. Xususan, Amir Temurning kuyovi Sulaymonshoh boshida harbiy ishga uquvi bo‘lmagan, lekin ko‘p yillik yurishlar davrida tajriba orttirib, keyinchalik munosib sarkardaga aylangan.  

Uchinchi guruh sarakardalar "merosxo‘r sarkardalar" bo‘lib, ularga Amir Temurning bolalari Umar shayx va Mironshoh hamda nabirasi Muhammad Sulton kirgan. Ushbu guruh bilan Amir Temurning shaxsan o‘zi shug‘ullangan. Buyuk Sarkarda ular oldiga tobora murakkab harbiy masalalar qo‘yib, o‘quvchilarning harbiy mahoratini oshirib borgan.

Sohibqironning shaxsiy harbiy talanti va ko‘p yillik jangovar tajribasi o‘z natijasini berdi va uning farzandlari zamondoshlari orasida "qobiliyatli lashkarboshilar" nomiga sazovor bo‘ldi. Temurning nabirasi Muhammad Sulton esa buyuk sarkarda bo‘lib yetishdi. Jahonshoh Bahodir ham Amir Temurning eng qobiliyatli lashkarboshilaridandir. U shiddat va siquvni sovuqqonlik va qaysarlik bilan birga ishlata olgan. Ajoyib taktik va qobiliyatli strateg bo‘lgan. Mazkur sarkarda  o‘zining qisqa umri davomida O‘rta Yer dengizidan Irtish daryosigacha bo‘lgan hududlarda jang qilgan. XIV asr oxirida uning Oltin O‘rda qo‘shinlarini tor-mor qilishi Rus davlati shakllanishi uchun katta ijobiy rol o‘ynagan. O‘nlab janglarda g‘olib chiqqan Jahonshoh fitna qurboni bo‘lgan, degan qarashlar mavjud. 

Sohibqiron armiyasida janglarda alohida jasorat ko‘rsatgan harbiy amirlarga ba’zi imtiyozlar berilgan. Jumladan: qaysi bir amir biron qo‘shinni yengsa yoki viloyatni fath etsa, u tug‘, nog‘ora, bahodirlik martabasi, davlat kengashlariga bemalol kirish huquqi hamda biron sarhadning noibligi bilan siylangan. Lekin lashkar harbiy yurishga chiqqan vaqtda ayniqsa intizomga qattiq rioya qilgan. Har bir bo‘linmaning aylboshi, qo‘shinboshi, tuman og‘asi va amiri lashkar kabi lavozimlari bo‘lib, ular o‘z o‘rinlarini yaxshi bilishar va vazifasiga qat’iy rioya qilishar edi. 

  Amir Temur qo‘shinida "yayoqlar", ya’ni   piyoda askarlar alohida o‘rin egallagan. Jangovar safga tizilgan piyoda qismlar otliqlardan oldinda turar va dushman hujum qilgan vaqtda chohlar va to‘ralar-mudofaa inshootlari orqasiga yashiringan holda birinchi bo‘lib jangga kirishgan. Shuning uchun ham qanotdagi tuman og‘a va qo‘shin amirlari piyodalar bilan otliqlarni jangovar tartibda joylashtirishga katta e’tibor berishgan. Bunday joylashtirilish tarkibi "yasol" deb yuritilgan.

  Sohibqiron o‘z qo‘shinini turli jangovar qurol-yarog‘lar, o‘t va tosh otar to‘p-ra’dandoz, tosh otar manjaniq va o‘ziotar qurollar bilan qurollantirgan, muhoraba qilishning yangi harbiy uslublarini qo‘llagan. O‘z qo‘shinidagi har bir qarshilik va norozilikka keskin zarba bergan. Yoki kutilgan xavf ro‘y bermasdan turib, uning oldini olish choralarini ko‘rgan.

  Amir Temur qattiqqo‘l sarkarda, talabchan davlat arbobi xususiyatlariga ega bo‘lgan shaxsdir. U qobiliyatli kishilarni hamda o‘z ishining mohir ustalarini qadrlagan va o‘rnak qilib ko‘rsatgan. Kuchli siyosati tufayli ham ulkan davlat barpo qila olgan.

Buyuk sohibqiron bobomiz o‘zining butun hayoti va jamiki insoniy fazilatlari bilan har bir yurtdoshimiz uchun vatanparvarlik bobida chinakam ibrat namunasidir.

Nurbek OLIMOV,

O‘zbekiston Respublikasi  Milliy gvardiyasi harbiy texnika institutining  kursanti