Ma'naviyat 09.04.2019 22

SOHIBQIRON SHAXSI VA AVLODLARI HAQIDA NIMALAR MA’LUM?

Tarix va biz

Sohibqironni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan Ibn Arabshoh Amir Temurning tashqi ko‘rinishi va xislatlariga shunday ta’rif bergan: "Tik qomatli, peshonasi keng, boshi katta, metin tabiat bir odam edi. Uning yuzi oq-qizil bo‘lib, ochiq havoda ko‘p yursa-da, oftobda qoraymagandi. A’zoyi badani pishiq, puxta, yelkalari keng, barmoqlari uzun va ingichka, oyoqlari uzun bo‘lib, qaddi-qomati kelishgan edi.

O‘limdan qo‘rqmas, hatto umrining oxirida (69 yoshida) ham xotirasi tiniq, jasorati va metin tabiati bilan qudratli qoyani eslatardi. Oqsoqlanardi. Ko‘zlari xuddi yonib turgan shamga o‘xshasa-da, bir qarashdayoq masalaning tub mohiyatini ilg‘ab oladigan, kuzatuvchan, munozara qilish san’atini suv qilib ichib yuborgan Temur hech qachon xomxayolga berilmas, orzulari ro‘yobga chiqmasa, buni yashirib o‘tirmas va tuzgan rejasini o‘zgartirmas edi. U haq so‘z bilan uydirma gap o‘rtasidagi farqni eshitgani hamono aniq ajrata olardi, shuningdek, u o‘z mug‘ambirligi bilan samimiy maslahatgo‘yni munofiq firibgardan bir qarashdayoq farq qila olardi".

Manbalarga ko‘ra, Amir Temurning o‘g‘il avlodlaridan u vafot etgan paytda 36 nafari hayot bo‘lib, shundan to‘ng‘ichi amirzoda Jahongir (1356-1376) naslidan o‘n bir o‘g‘il mavjud edi. Jahongirning katta o‘g‘li, 1375-1403-yillarda yashagan Muhammad Sulton ibn Jahongirdan uch o‘g‘il qolgandi. Muhammad Jahongir to‘qqiz, Yahyo besh, Sa’d Vaqqos (bu nevarani "Menkim, Sohibqiron - Jahongir Temur" asarida Temurning beshinchi o‘g‘li deb chalkashlikka yo‘l qo‘yilgan) olti yashar bo‘lgan.

Jahongirning ikkinchi o‘g‘li amirzoda Pir Muhammad ibn Jahongir (1376-1407) yetti bola bilan Kobul va G‘azna saltanatiga egalik qilardi. Uning o‘g‘illari - Qaydu, Xolid, Buzanjir, Sa’d Vaqqos, Sanjar, Jahongir, Buzrukdir.

Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Bahodir (1356-1394) naslidan to‘qqiz o‘g‘il va nevaralar hayot edi. Pir Muhammad ibn Umarshayx bir o‘g‘il (Umarshayx ibn Pir Muhammad) bilan yigirma olti yoshda, Rustam ibn Umarshayx yigirma to‘rt (ikki o‘g‘il bilan - Usmon olti yoshda, Sultonali bir), Iskandar ibn Umarshayx yigirma bir, Ahmad ibn Umarshayx o‘n sakkiz, Saydi Ahmad ibn Umarshayx o‘n besh, Boyqaro ibn Umarshayx o‘n ikki yoshda edilar.

Temurning uchinchi o‘g‘li, o‘ttiz sakkiz yoshli shahzoda Mironshoh mirzo (1366-1408)ning o‘g‘il va nabiralari yetti nafar edi. Katta o‘g‘il Abu Bakr yigirma uch yoshda bo‘lib, uning ikki o‘g‘li - Ilangir to‘qqiz, Usmon Chalabiy to‘rt yoshda edi. Ikkinchi o‘g‘li Umar ibn Mironshoh yigirma ikki, uchinchisi va Temurdan keyin Movarounnahr taxtiga da’vo qilgan Xalil Sulton yigirma ikki yoshda, Ijal o‘n, Suyurg‘atmish olti yoshda edi.

Temurning kenja o‘g‘li Shohrux Mirzo (1377-1447) yigirma yoshdan oshgan bo‘lib, unga Xuroson mulk qilib berilgan edi. Uning yetti o‘g‘li bo‘lib, Mirzo Ulug‘bek va Ibrohim Sulton (1394-yil tug‘ilgan) har ikkalasi o‘n bir yoshda, ammo Ulug‘bek Ibrohim Sultondan besh oylik kattaroq edi. Boysunqur sakkiz, Suyurg‘atmish olti, Muhammad Jo‘kiy uch, Jon o‘g‘lon ikki va Yardi bir yoshda edilar.

Sohibqiron Temurning vafoti arafasida qizlari va nevara-qizlaridan o‘n yetti nafari mavjud edi. Katta qizi Sulton Baxt Begim taniqli va sadoqatli amirlardan biri Amir Sulaymonshoh nikohida yashardi. Temurning ikkinchi o‘g‘li Umarshayx Bahodirdan uch nafar dilbar qiz qolgandi. To‘ng‘ich nevara Muhammad Sulton ibn Jahongirdan uch qiz, Mironshoh Mirzodan to‘rt qiz hayot edi. Shohrux Mirzoda bir, Pir Muhammad ibn Jahongir Mirzo, Abu Bakr Mirzo va Xalil Sulton Mirzoning har birida bir nafardan qiz farzand bor edi. Temurning ikkinchi qizi Oqa Begim taniqli amirlardan Muhammadbek ibn Amir Muso nikohida bo‘lib, undan amirzoda Sulton Husayn (Husayn Boyqaro emas) dunyoga kelgandi.

Umuman olganda, manbalarda Sohibqiron shaxsi, xonadoni va faoliyatiga oid ko‘plab ma’lumotlar uchraydiki, ularni chuqur o‘rganish yangi-yangi bilimlar berishi bilan ahamiyatlidir.

Abduqayum MAHKAMOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi