Jarayon 13.12.2018 57

SOLIQ ORGANI KORRUPSIYAGA QARSHI QANDAY KURASHAYAPTI?

Islohot va samara

SOLIQ ORGANI KORRUPSIYAGA QARSHI QANDAY KURASHAYAPTI?

Ko‘p yillik amaliyot shuni ko‘rsatadiki, soliq nazoratining eskirgan uslub va prinsiplari bugungi kunda mazkur organ oldiga qo‘yilgan yangi vazifalarni to‘la-to‘kis bajarish, jumladan, soliq solinadigan bazani kengaytirish va soliqlar yig‘iluvchanligini yanada oshirish imkonini bermaydi. Mavjud muammolarni bartaraf etishda soliq siyosatini takomillashtirish, uni mutlaqo yangi bosqichga chiqarish, eng avvalo, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim hal qiluvchi vosita hisoblanadi.

Hozirgi paytda Davlat soliq xizmati organini nazorat qiluvchidan xizmat ko‘rsatuvchi idoraga aylantirish, shu orqali tashkilot imijini yanada yaxshilash, "Soliq xizmati - insofli soliq to‘lovchilarning ishonchli hamkori" degan shiorni ro‘yobga chiqarish ustuvor maqsad sanaladi. Bu ezgu vazifalarni faqatgina bilimli, Vatanga, kasbiga fidoyi bo‘lgan, sadoqatli, halol mehnat qiladigan kadrlar bilangina amalga oshirish mumkin.

Tan olish kerak, ilgari viloyat soliq tizimida halol ishlab kelgan xodimlar ko‘pchilikni tashkil qilgan bo‘lsa-da, o‘ziga tamagirlikni kasb etganlari ham tez-tez uchrab turardi. Oxirgi ikki yil ichida bunday nopok kimsalardan voz kechilgani, xodimlar o‘rtasida muntazam profilaktik ishlar amalga oshirilayotgani va korrupsiyaga qarshi kurash kuchaytirilgani natijasida bu holatlar keskin kamayishiga erishildi. Buni so‘nggi ikki yil davomida viloyatda ikki salbiy holat aniqlanganida ham ko‘rish mumkin.

Qayd etish joiz, soliq idorasi xodimlari o‘rtasida korrupsiya holatlari oldini olish bo‘yicha hukumatimiz va Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tizimli ishlar tashkil etib kelinmoqda. Jumladan, joriy yilning 26-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentinig "Davlat soliq xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilindi. Mazkur qaror bilan soliq ma’murchiligini takomillashtirish bilan birga, tizimni isloh qilish doirasida xodimlar oylik maoshlari sezilarli (1,7 barobar) darajada oshirildi, ularni mehnatiga yarasha rag‘batlantirish, faoliyati samaradorligini oshirish motivatsiyasi tizimi belgilab berildi.

Shuningdek, davlat soliq qo‘mitasi tomonidan soliq xizmati xodimlarini mukofotlash tartiblari ishlab chiqildi. Unga ko‘ra, endilikda xodimlar ular tomonidan o‘tkazilgan kameral nazorat, xronometraj, pasportlashtirish va soliq tekshiruvlari natijasida undirilgan qo‘shimcha soliq summalarining 10 foiziga qadar miqdorda mukofotlanadi.

Bundan tashqari, soliq to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar va ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarimalar summasidan ajratmalar miqdori 25 foizdan 40 foizga oshirilganini ta’kidlash lozim. Bunda qo‘shimcha tushadigan mablag‘lar xodimlarni shaxsiy mukofotlashga yo‘naltiriladi (joriy yilning o‘tgan davrida 1 milliard 364 million so‘m mablag‘ tizimdagi xodimlarni rag‘batlantirishga sarflandi).

Shuni alohida aytish kerakki, avvallari soliq idorasi xodimlari tinimsiz jazolanar, oylik maoshi kesilardi. Bu esa o‘z navbatida uni pul topishning boshqa yo‘llarini izlashga undardi. Yuqoridagi rag‘batlantirish usullarini qo‘llashdan ko‘zlangan maqsad - endilikda o‘zining xizmatiga halollik bilan yondashgan xodimlarimizni himoya qilishdan iborat. Ya’ni yaxshi ishlasa, mehnatiga yarasha rag‘bat topadi.  Jaydari qilib aytganda, uni shu yo‘l bilan o‘zimiz "sotib" olamiz, qing‘ir ishga qo‘l urishiga yo‘l qo‘ymaymiz. 

Oylik maoshlar ko‘tarilishi, erishgan natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ustamalar belgilanishi xodimning oilasi budjetiga ham naf keltiradi. Shuningdek, tabiiy ofatdan jabr ko‘rgan xodimlar oilasiga moliyaviy ko‘mak ko‘rsatish, himoya qilish mexanizmi ham yaratildi. Endi xodimning o‘z oilasidan ko‘ngli to‘q. Uning idorada o‘z xizmat vazifasini bajarishdan boshqa tashvishi yo‘q.    

Soliq ma’murchiligini ishlab chiqishda ham mavjud qonunchilikka korrupsiyaga yo‘l bermaydigan normalar kiritildi. Endilikda bitta soliq to‘lovchining faoliyati bir vaqtning o‘zida bir nechta bo‘lim tomonidan nazorat qilib boriladi. Bu esa muayyan bir xodimning soliq to‘lovchi bilan o‘zaro kelishib ish qilishiga monelik qiladi. Ilgari ma’lum faoliyat turi faqat bitta bo‘lim yoki tuzilma tomonidan nazorat qilib borilardi.

Yana bir jihat shundaki, tekshirishlar soni yildan-yilga qisqartirilib, buning o‘rniga xodimning soliq to‘lovchi bilan muloqotga kirishmasdan faoliyatni nazorat qilish usuli, ya’ni kameral nazorat qilish mexanizmi kengaytirilmoqda. Masalan, 2017-yilda viloyatda soliq organi xodimlari tomonidan 2105 ta tekshirish o‘tkazilgan bo‘lsa, yangi usulning qo‘llanishi hisobiga joriy yilning o‘tgan davri mobaynida atigi 159 ta tekshirish olib borildi. Buning ham asosiy qismini jinoiy ishlar bo‘yicha hujjatli tekshirishlar tashkil etadi.

Yurtimizda tadbirkorlik subyektlari faoliyatida tekshirishlarning bekor qilinishi ham korrupsiya holatlari kamayishiga asos bo‘ldi. Sababi, tekshirishga chiqqan va tadbirkorlik subyektida ma’lum bir qonunbuzilish holatlarini aniqlagan soliq idorasi xodimiga ushbu kamchiliklarni e’tiborga olmaslik uchun pul taklif qilish amallari uchrab turgan. Ming afsuski, bunday vaziyatlarda to‘g‘ri yo‘ldan adashgan xodimlarimiz ham yo‘q emas.

Tizimda korrupsiya holatlariga barham berish maqsadida soliq to‘lovchi va soliqchi o‘rtasida bevosita muloqotga kirishishni taqozo etuvchi "savdo bo‘limi" hamda uchastka davlat soliq  inspektori lavozimi tugatildi. Ular bugun soliq to‘lovchi bilan yo‘li hech bir kesishmaydigan tuzilmalarda faoliyat ko‘rsatayapti yoki ulardan 5 nafari umuman ishga olinmadi.

Shu bilan birga tizimga elektron kommunikatsiya texnologiyalari  faol joriy qilinishi orqali soliq to‘lovchilarga 35 turdagi xizmat masofadan turib ko‘rsatilmoqda. Natijada bugun soliq to‘lovchi soliq idorasiga kelmasdan, soliqchiga uchramasdan o‘zining ishini bitirishi mumkin. Hisobotlarni elektron tarzda topshirish, soliqlarni to‘lash, qarzdorlik mavjud emasligi haqida ma’lumotnoma olish yoki eng ko‘p so‘raladigan STIR masalasini shular sirasiga kiritish mumkin. Soliq idorasiga borib navbatga turmaslik uchun, tezroq STIR olish maqsadida soliq idorasi xodimiga pul berish holatlari ham bir necha bor uchradi. Shu bois bu xizmat ham bosqichma-bosqich elektron ko‘rinishga keltirilmoqda.

Salohiyatli kadrlarni ishga olish jarayoni shaffof kechishini ta’minlashga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Nomzodning kompyuter savodxonligi test orqali, sohadagi bilimi suhbat asosida sinovdan o‘tkaziladi. Xullas, tizimga halol, vazifasiga sidqidildan yondashadigan, yangicha fikrlaydigan yoshlarni qabul qilishga harakat qilmoqdamiz.

O‘zim duch kelgan bir hayotiy misolni keltirmoqchiman. Yaqinda poyezdda bir talaba yigit bilan suhbatlashib qoldim. U poytaxtda nufuzli oliy o‘quv yurtida o‘qirkan. Suhbatimiz juda qizib, kelajakda undan qaysi tashkilotda ishlamoqchiligini so‘radim. Bola shu yerda to‘xtadi. Aytishicha, uning otasi o‘quvchilik kezlarida pora olib qamalgan ekan. Maktabda shu mavzu ko‘tarilsa, hamma u haqida gapirayotgandek, halovati yo‘qolarkan.

Yana bir tomoni, o‘zim ham shunga o‘xshash holatga ro‘para kelsam, ya’ni ko‘pchilik bilan bir davrada o‘tirganda biror kishi soliqdan falonchi tamagirlik qilibdi desa, shu tizimning rahbar xodimi sifatida menga ham qattiq botadi.

Bir so‘z bilan aytganda, korrupsiyaga qarshi jamoat kayfiyatini shakllantirish, bu illatni butkul yo‘qotish uchun barcha birdek kurashishi  kerak. Agar siz ham soliq xodimining biror bir noo‘rin harakatiga guvoh bo‘lsangiz, ishonch telefonimiz - (0375) 225-10-82 ga murojaat qilishingiz mumkin. Shunda bir yomonlikning oldini olgan, nopok kimsani jazolagan, jamiyatni bir qusurdan tozalagan bo‘lamiz.

Qudratali MAMATISAYEV,

viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i