So'nggi yangiliklar 02.05.2019 127

SPORT OYLIGI DOIRASIDA ILK TADBIR O‘TKAZILDI

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi tashabbusi bilan respublikamizning barcha hududlarida joriy yil may oyining dastlabki sanasidan sport oyligi o‘tkazilayapti. Shunga monand yurtimizning shahar va qishloqlarida turli sport musobaqalari, tadbirlar tashkil etilmoqda.

Ahamiyatlisi, mazkur oylik boshlanishi bilanoq Qarshi ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatida ilk tadbir - “Sport festivali” tashkil etildi. Viloyat hokimligi, viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan festivalda ta’lim tizimining barcha bo‘g‘inlarida tahsil oluvchi 2 ming nafarga yaqin bola qamrab olindi. Shuningdek, tadbirda respublika va xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishgan viloyatimiz sportchilari ham ishtirok etdi. 

- Mazkur oylikdan maqsad aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirishdan iborat, - deydi viloyat jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi boshlig‘i Sirojiddin Odilov. – Odatda biz professional sportchilar bilan ishlab o‘rganganmiz, ammo shuni unutmaslik kerakki, ommaviy sportni rivojlantirmasdan katta sportda natijaga erishib bo‘lmaydi. Ushbu oylik davomida havaskor yoshlar orasidan qobiliyatli sportchilar, bo‘lajak chempionlarni saralab olish ham ko‘zda tutilgan.

Qayd etilishicha, sport oyligi doirasida viloyatdagi deyarli barcha sport federatsiyalari, ta’lim muassasalari tomonidan turli xil musobaqalar  o‘tkaziladi. Katta yoshdagilar uchun basketbol, voleybol, mini-futbol va gandbol bo‘yicha bellashuvlar tashkil etilsa, o‘smirlar va yosh ishtirokchilarning imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda mashqlar joriy etiladi.

Ta’kidlash o‘rinli, yoshlar orasida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, ommaviy sportni targ‘ib qilish Prezident tomonidan ilgari surilgan 5 ta muhim tashabbusdan biri hisoblanadi.

                                    SOJIDA