SPORTGA BO‘LGAN MEHR, O‘ZGACHA BAYRAMONA KAYFIYAT NAMOYISHI

Marafon

Qarshi shahrida "Amir Temur izdoshlari" shiori ostidagi ommaviy yugurish marafoni bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimligi, jismoniy tarbiya va sport boshqarmasi hamda qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan marafonda tashkilot va muassasalar rahbar va ishchi xodimlari, talabalar, o‘quvchilar, uy bekalari, nuroniylar va boshqa qiziquvchilar ishtirok etdi.

Garchi qatnashchilar soni borasida aniq ma’lumot shakllantirish qiyin kechsa-da, shu kuni kamida 50 mingga yaqin kishi yugurishda ishtirok etish uchun erta tongdan Abdulla Oripov nomidagi ixtisoslashtirilgan maktab-internati yonidagi maydonga yetib kelishdi.

Start Islom Karimov ko‘chasining xuddi shu maydon ro‘parasidagi qismidan boshlandi. Finish esa "Vatanparvarlar bog‘i" oldida o‘rnatilgan edi.

Dastlab saf boshida O‘zbekiston mudofaasiga ko‘maklashuvchi "Vatanparvar" tashkiloti viloyat kengashining velosportchilar to‘garagi a’zolari yurtimiz bayrog‘ini baland hilpiratib, velosipedda harakatlandi. Ularning ortidan esa marafonchilar yugurdi.

Chaqqonlik va epchillikda boshqalardan ildamlab, finishga yetib kelganlar karnay-surnay sadolari ostida kutib olinib, tashkilotchilar tomonidan taqdirlanishdi. Asosiysi, ularning yuz-ko‘zlarida nechanchi o‘rinni olgani emas, mana shunday ommaviy marafonda ishtirok etayotganidan quvonish hissi, sportga bo‘lgan mehr, o‘zgacha bayramona kayfiyat aks etib turardi.

- Yugurish sog‘liq uchun juda foydali, - deydi Qarshi madaniyat va turizm kolleji o‘qituvchisi G‘ulom Primov. - Yoshim 60 da, ammo yoshlar qatorida finishgacha yetib keldim. Bunday ommaviy musobaqalar aholi orasida sog‘lom hayot tarzini targ‘ib qilishda g‘oyat ahamiyatli.

Marafon so‘ngida ishtirokchilar "Vatanparvarlar bog‘i"da sayr qilishdi. Taniqli san’atkorlar ijrosidagi sho‘x kuy-qo‘shiqlar barchani raqsga chorladi.

S.ALLAYOROVA