SPORTGA OSHNO YOSHLAR

Ezgu tashabbus asosida

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan 5 muhim tashabbusni mahalla fuqarolar yig‘inlarida keng joriy etish maqsadida hamda mustaqilligimizning 28 yillik bayrami arafasida yurtimiz bo‘ylab turli ma’naviy-ma’rifiy va sport tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Mahallamiz pahlavonlari

Qarshi pedagogika kollejida "Mahallamiz pahlavonlari" kurash musobaqasining viloyat bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi tashabbusi bilan qator tashkilotlar hamkorligida tashkil etilgan musobaqada turnirning tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan 110 nafardan ziyod o‘g‘il-qiz uch vazn toifasida bellashdi. Qizg‘in va murosasiz kechgan qizlar bahsida Koson tumanining Navro‘z mahallasi kurashchi qizlari  Farangiz Barakayeva,  Nigora Davronova  va Ruxsora Choriyeva 1-o‘rinni qo‘lga kiritgan bo‘lsa, o‘g‘il bolalar o‘rtasida Mirishkor tumani O‘zbekiston mahallasilik Akbar Qurbonov va Xiroson Normurodov, Dehqonobod tumanining Nodira mahallasi vakili Quvonchbek Normingliyev o‘z vaznida tengsiz ekanliklarini isbotlashdi.

Kitobliklar uch yo‘nalishda ham g‘olib

Qarshi axborot texnologiyalari kollejida "Mahallamiz stol tennischilari" musobaqasining viloyat bosqichi 11 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il va qiz bolalar hamda 30 yoshgacha bo‘lgan oilalar (er va xotin) o‘rtasida o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, musobaqaning mahallalararo hamda tuman va shahar bosqichlarida 1 ming 300 ga yaqin yosh oilalar vakillari va 3 ming 500 nafarga yaqin voyaga yetmagan yoshlar ishtirok etgan. Viloyat bosqichida esa 15 yosh oila va 75 nafar voyaga yetmagan o‘g‘il-qiz o‘zaro bahslashdi.

E’tiborlisi o‘g‘il va qiz bolalar hamda yosh oilalar orasida kitobliklar mohir tennischi ekanliklarini ko‘rsatishdi. G‘olib va sovrindorlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Yosh voleybolchilar bellashdi

Qarshi sanoat kollejida Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha viloyat kengashi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi hamkorligida yoshlar o‘rtasida voleybol musobaqasi tashkil etildi.

"Biz - sog‘lom turmush tarzi tarafdorimiz!" shiori ostida o‘tkazilgan bellashuv natijalariga ko‘ra, Qarshi tumanidagi  Charog‘il mahallasining "Buyuk Turon" jamoasi g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Ikkinchi o‘rin G‘uzor tumanining Chanoq mahallasidan "Navbahor" jamoasiga, 3-o‘rin Koson tumanining Obron mahallasidan "Obron" jamoasi sportchilariga nasib etdi.

Foliblar diplom, faxriy yorliq hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanishdi.  

Shohista BOZOROVA