Tibbiyot 18.12.2018 9

SPRAUTS ORGANIZMNI YASHARTIRADIMI?

Salomatlik

SPRAUTS ORGANIZMNI YASHARTIRADIMI?

Qishda mikronutriyentlarga boy mahsulotlarning kam iste’mol qilinishi organizmda turli-tuman xastaliklar uchun sharoit hozirlaydi. To‘g‘ri, hozirgi paytda bunday holatlarning oldini olish uchun maxsus sovutkichlarda  sabzavot-poliz mahsulotlari, meva-chevalar saqlanib, sotuvga chiqarib turilishi ijobiy holat. Lekin shunisi ham borki, bunday mahsulotlar tarkibidagi mikronutriyentlar ma’lum vaqt o‘tishi bilan,  ya’ni ularning uzoq vaqt turib qolishi bois sezilarli darajada kamayadi.

Ko‘pchilik qishki taomlarda go‘sht, yog‘, uglevodlar yetarli bo‘lishiga urg‘u  berib, vitaminlar va mineral moddalarga e’tiborsiz qaraydi. Boz ustiga ovqat tayyorlash qoidalariga rioya qilmaslik (yuqori haroratda qovurish, masalliqlarni uzoq vaqt saqlab turish va boshqalar) mahsulotlardagi vitaminlar va mineral moddalarni   minimal darajaga tushirib qo‘yadi yoki butunlay yo‘qotadi. Bir so‘z bilan aytganda taomlanishning bu tartibda olib borilishi ertami-kechmi yashirin ochlik (vitamin va mineral moddalar  tanqisligi) va u tufayli qator xastaliklarga olib keladi. Buning oldini olishda eng oson va qulay usullardan biri bu donning endi unib chiqqan maysasidan (xalqaro tilda sprauts deyiladi) foydalanishdir. Sprauts tayyorlash uchun bug‘doy, mosh, no‘xat, arpa, javdar, sholg‘om va yo‘ng‘ichqa urug‘i, kungaboqar kabi donlardan foydalaniladi. Ma’lumki,  donlarda kraxmal, oz miqdordagi yog‘, oqsil moddalar, shu jumladan, ayrim o‘simlik gormonlari, antioksidantlar, ayniqsa, ko‘pgina vitaminlar mavjud. E’tiborlisi, bu moddalar endigina o‘sib chiqqan maysa tarkibida tegishli biokimyoviy jarayonlar tufayli donga nisbatan nihoyatda ko‘p bo‘ladi. Masalan, vitamin S miqdori donga nisbatan uning maysasida yetti marta, vitamin RR to‘qqiz marta, vitamin V6 yigirma besh marta, vitamin A miqdori esa qirq marta ko‘p uchraydi.

Ma’lumki, qish kelishi bilan vitaminli ko‘katlar, meva-cheva, poliz mahsulotlari kamayib, ular organizm uchun yetarli miqdorda qabul qilinmaydi. Biokimyoviy tahlillar shuni tasdiqlaydiki, sprautslar tarkibidagi biofaol moddalar o‘zining miqdori va ta’sir etish xususiyatiga ko‘ra, pishib yetilgan meva-chevalar va sabzavotlardan qolishmas ekan. Shuning uchun ham ularni doimiy iste’mol qilib turish tanani zarur darmondorilar bilan ta’minlaydi. Bundan tashqari, ular moddalar almashinuvini yaxshilab, oshqozon-ichak va yurak-qon tomirlari xastalanishining oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Sprauts tayyorlash uchun olingan donlar (bug‘doy, mosh va boshqalar) dastlab bir-ikki marta sovuq suvda yuvilib, alohida chinni yoki shisha idishlarga solinadi. Tanlangan donlar mayda bo‘lsa (masalan, yo‘ng‘ichqa va sholg‘om urug‘lari) idishning tubini qoplagani kifoya. Yirik urug‘lar ( no‘xat va boshqa dukkakli donlar) esa idishning to‘rtdan bir qismigacha solinadi. Keyin idishning yarmigacha suv quyib, bir necha soat davomida urug‘larning yaxshigina ivishi kutiladi. Shundan keyin qolgan suvni to‘kib, havo kirib turishi uchun teshikli plastik qopqoq bilan yopiladi (buning uchun plastmassa yoki metall qopqoqni aylanasiga teshish kifoya). Urug‘lar idish devorlariga bir tekisda yopishib turishi uchun uyoq-buyoqqa aylantiriladi va shkafga yoki deraza oldiga qo‘yiladi. Agar tanlangan urug‘lar dukkaklilar  bo‘lsa, unga yorug‘lik tushmagani ma’qul, aks holda o‘stirilgan maysa achqimtir bo‘lib qoladi, shuning uchun mosh, no‘xat, loviya yoki soya solingan idishlar qorong‘i joyda saqlangani maqsadga muvofiq. Unib chiqayotgan urug‘ har kuni ikki marta toza qaynatilmagan suv bilan chayib tashlanadi, aks holda qo‘lansa hid paydo bo‘ladi.  Urug‘larning unib chiqish va tayyor bo‘lish muddati ularning turiga bog‘liq. Masalan, bug‘doy, suli, dukkaklilar 12 soat ivitiladi. Ular 2-3 kunda tayyor bo‘ladi.

Sprauts tayyorlashda tegishli qoidalarga rioya qilinmasa (ya’ni urug‘ning sifatsizligi, kam yuvilishi va suvning juda issiq bo‘lishi hamda idishdagi havo almashinuvi buzilishi tufayli) urug‘lar ko‘pincha chirib qoladi. Issiq uylarda urug‘larning chirimasligi uchun toza suv  bilan tez-tez yuvib turish, xonada shamollatgichlardan foydalanish lozim. Sprauts tayyorlanishida urug‘larni alohida-alohida idishlarda o‘stirgan ma’qul, chunki ularning mazasi har xil bo‘lib, har birining tarkibida yuqorida qayd qilingan foydali moddalar turlicha miqdorda bo‘ladi.

Tayyor sprautslar shisha idishlar yoki plastik idishlarga solib, sovutkichga qo‘yilsa, o‘n kungacha saqlash va barcha oila a’zolari undan ehtiyojga yarasha foydalanaverishi mumkin. Sprautslarga biroz shakar sepilsa yoki smetana, qaymoq, qatiq aralashtirilsa yosh bolalar juda xush ko‘rib yeydigan taomga aylanadi. Agar ular alohida iste’mol qilinadigan bo‘lsa, ovqatlanishdan 15-20 daqiqa oldin yeyilishi kerak.

Donlarning  murtagi va undan unib chiqadigan maysada inson organizmida yuz beradigan biokimyoviy  jarayonlarning yuqori darajada borishi uchun zarur oqsillar, yog‘lar, uglevodlar, mineral moddalar, vitaminlar mavjud. Muhimi shuki, undagi oqsillar o‘zining aminokislotalar tarkibi bilan go‘shtga juda yaqin. Bundagi yog‘ biologik jihatdan ancha noyob bo‘lib, vitamin Ye ko‘p bo‘ladi. Yana uning tarkibida V guruh vitaminlari (V1 , V6,  V9, V12, RR), temir, magniy, kaliy, mis, fosfor, kalsiy ham serob bo‘ladi. Fermentlardan piruvatdekarboksidaza, fosfoglitseratfosfomutaza va boshqalar mavjud. Aynan shu vitaminlar keksarishni sekinlashtirib, tanadagi barcha hayotiy jarayonlarni meyoriy holda saqlab turadi. Shuning uchun ham doimiy sur’atda sprauts iste’mol qilib turadigan kishilarda moddalar almashinuvi barqaror bo‘lib, ular doim har jihatdan tetik bo‘ladi. Aytib o‘tilgan maysalarda xrom va litiy kabi oziq-ovqat mahsulotlarida kam uchraydigan mikroelementlar bo‘lib, ular qandli diabet, psixik depressiyaning oldini olishda asqatadi. O‘stirilgan bug‘doy donlari iste’mol qilinganda, ancha-muncha oziq tolalari ham qabul qilinib, u kishini davomli to‘q tutadi. Demak, semirishdan saqlanishda uning o‘rni yuqori.

Keyingi yillarda olib borilgan  tadqiqotlar homilador ayollarning sprautslardan yetarli miqdorda iste’mol qilib turishi homilaning har tomonlama bekamu ko‘st o‘sishiga ijobiy ta’sir qilishini tasdiqlaydi. Ayniqsa, ushbu davrning birinchi uch oyligida onalar vitamin V9 (folat kislota)ga boy ozuqadan bahramand bo‘lishi bola asab tizimining morfo-funksional shakllanishini yaxshilaydi. Shuning uchun har bir homilador ayolning kundalik taomlanishida sprauts tegishli o‘rin egallashi tavsiya etiladi.

Shoniyoz QURBONOV,

Qarshi davlat universiteti  professori, biologiya fanlari doktori

Gulnoza BO‘RONOVA,

Fiziolog