Ma'naviyat 24.09.2019 32

SUN’IY IDROK INSONIYATNING BAXTIMI YO HALOKATI?

Globallashuv va biz

Vaqt o‘tgani sayin sun’iy aql-idrok yangidan-yangi kasblar hamda tajribayu malakalarni o‘zlashtirib bormoqda. Ammo mazkur sohadagi yutuqlar insoniyatga farovonlik olib kelish bilan bir qatorda, o‘zida yashirin xavf-xatarni saqlamoqda.

"Bu sohada kimda-kim yetakchiga aylansa, u butun jahonga hukmdorlik qiladi", deya sun’iy aql-idrok haqida ta’kidlagandi Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin. Prezident qanday imkoniyatlarni nazarda tutgani haqida muhandis-kibernetika - NITU "MISiS" kafedrasi hamda mamlakatda sun’iy aql-idrokni ishlab chiqish va joriy qilish jamoasi boshqaruvchisi Olga Uskova mulohaza yuritadi.

Bu suitsidgacha olib boradimi?

- Sun’iy aql-idrok haqidagi fikr-mulohazalar jamoatchilik nigohidan chetda qolmadi. Xususan, amerikalik biznesmen va ixtirochi Ilon Mask o‘z "Tvitter"ida "Boshlandi!" deya yozgandi. U so‘zini izohlar ekan, bu sohada yetakchilikka erishish yo‘lidagi kurash, balki uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin, deydi. Bill Geytsda ham shu kabi fikrlar uchraydi. Aslida u bu mavzuda asosiy yangilik tarqatuvchilardan biridir. Geyts "Agarda hozir yosh bo‘lib qolganimda, barcha narsani yig‘ishtirib qo‘yib, faqatgina sun’iy aql-idrok bilan shug‘ullangan bo‘lardim. Nega deganda, bu bizning kelajagimiz", deya ta’kidlab o‘tadi.

Sun’iy aql-idrok mavzusi atrofida ikkita "partiya" - optimistlar va pessimistlar shakllangan. Birinchi "partiya" vakillari mashina intellekti natijasida insonlarning qo‘llari ozod bo‘lib, o‘zlarini qiziqroq yumushlar bilan band qilishlari mumkin, deya uqtirishadi. Aynan Bill Geytsning o‘zi virtual voqelik texnologiyalari va kompyuter o‘yinlarini rivojlantirishni taklif qilmoqda. Ko‘zlangan maqsad shuki, kelajakda sun’iy aql-idrok tufayli o‘z ishidan ommaviy tarzda mahrum bo‘ladigan Yer sayyorasi aholisi bir qismining bandligini ta’minlash.

Ishsizlik - bu haqiqatan muammo. Misol uchun olaylik, bir yirik korxonada 300 ming nafar odam ishlaydi. Qaysidir vaqtda uning egasi "Bo‘ldi, do‘stlar, biz robotlashamiz, korxonada faqatgina 20 ming nafar xodimni qoldiramiz. Qolgan 280 ming nafar kishi - tashqariga" deb aytadi. Keyin nima bo‘ladi? Ruhiy siqilishlar, suitsidlar. Bu allaqachon Xitoyda sodir bo‘lmoqda. U yerdagi bir zavodning derazalari ostida o‘z joniga qasd qilmoqchi bo‘lganlar uchun ehtiyot chorasi sifatida to‘r qoplanganini ko‘rganman. Bu shuni anglatadiki, robotlarni ishlab chiqarish va zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishdan oldin ijtimoiy dasturlar tayyorlash zarur.

"Men - robotman"

- Biroq kundalik hayotimizda sun’iy aql-idrokning paydo bo‘lishida birgina dahshatli ishsizlik muammosi bilan to‘qnashmaymiz. Mashhur "Terminator" filmidagi Sara Konnorning tushi yodingizdami? Tushida itoat etishdan xalos bo‘lgan mashinalar bani bashar bilan urushga yo‘l ochadi va buning bari yadroviy portlash bilan yakun topadi. Mana, qanday xavf to‘g‘risida jar solmoqda pessimistlar "partiya"si. Bugungi kunda texnologiyalar taraqqiyotining tezligi shu darajadaki, biz sun’iy aql-idrok ortidan yetib ulgurmayapmiz. Uning rivojlanishi barcha bashoratlardan o‘zib ketdi. Bu sohadagi ixtirolar konsentratsiyasi juda ham yuqori.

"Mashinalar qo‘zg‘oloni" qanday yuz berishi mumkin? Gap shundaki, sun’iy aql-idrok, xuddi go‘dakdek, o‘z rivojlanishi yo‘lida bir davrni bosib o‘tadi. Avvaliga u obyektlarni tanishni o‘rganadi (bu stul, bu chashka), so‘ngra fikrlashni anglaydi (stulga o‘tirish, chashkada ichish) va bilimlarini orttiradi. Bundan so‘ng esa qaysidir vaqtda o‘z-o‘zini anglash sodir bo‘ladi: "Mana men, mening atrofimda obyektlar va fikrlar". Sun’iy zehn albatta bu davrni bosib o‘tadi, u allaqachon unga yaqinlashgan.

Ana o‘shanda ular endi bizga kim - do‘st yoki dushman ekanini tushunish uchun ixtiyorimizda hech bir mubolag‘asiz aytganda, millisoniyalar bo‘ladi. Ular biz bilan do‘st bo‘lib qolishi uchun, 1942 yili yozuvchi Ayzek Azimov yozib qoldirgan cheklagich o‘rnatish kerak. Azimov texnolog emasdi, u fantast-yozuvchi edi, biroq birinchi bo‘lib robototexnikaning mashhur uch qonunini ta’riflab berdi. Mazkur qonunlar robotning odamzod bilan o‘zaro munosabatida ularning insoniyatga ziyon-zahmat yetkazmasligi uchun yo‘naltirilgani haqida edi.

Asosiy tahdid mana shunda. Sun’iy aql-idrokning o‘z-o‘zini anglashi shu darajaga borib yetishi mumkinki, u inson yordamisiz ham qarorlarni mustaqil qabul qila boshlaydi. Ana shunda mashinalar ular uchun nima to‘g‘ri, nima noto‘g‘ri ekanini o‘zlari aniqlashni boshlaydi. Balki, insoniyat bu zanjirchada ortiqcha bo‘lib qoladi.

Sun’iy aql-idrok tizimi doimiy ravishda taraqqiy etmoqda, mustaqil ravishda o‘qib-o‘rganmoqda. Ular allaqachon o‘z muloqot tilini ixtiro qilishayapti. Keyingi bosqich: ularda empatiya (bir-birini tushunish, bir-biriga qayg‘urish) paydo bo‘ladi. Ha-ha, bitta robot boshqasini yaxshi ko‘ra boshlaydi. His-tuyg‘u qobig‘i modeli yaratilishi hisobidan biz shunday natija kutishimiz mumkin. Keyin nima bo‘ladi? Vaziyatni tasavvur qilib ko‘ramiz. Bir haydovchisiz avtomobil yo‘lovchilarni o‘z manziliga olib borib qo‘ymoqda, qarama-qarshi yo‘ldan esa boshqa haydovchisiz mashina bo‘sh holda kelmoqda. Shu onda yo‘lda allaqanday g‘ayriodatiy voqea yuz beradi. Shu vaziyatda bortli kompyuter bir zumda qaror qabul qilishi zarur - panjarani yorib o‘tib (piyodalar kesib o‘tadigan yo‘lakchani) piyodalarni nobud qilishi yoki boshqa haydovchisiz avtomobil qarama-qarshisiga chiqib to‘qnashish. Hech bir mustasnosiz, u o‘z "kasbdoshi"ga hech ham shikast yetkazmaslik uchun  birinchi variantni tanlaydi.

XXI asrning bombasi

- Ehtimol, "aftidan, Amerika va Yaponiyada sun’iy aql-idrok tez orada paydo bo‘ladi", deb aytayotgandirsiz. Bizda-chi? Har yerda internet mavjud emas, yo‘llarimizda o‘tib bo‘lmaydigan loygarchilik. Bizda sun’iy aql-idroku haydovchisiz avtomobilgacha yetish bamisoli Oyga yetishdek gap.

Ammo uning hayotimizga kirib kelishi muqarrar. Ishlab chiqarish korxonalari butunlay robotlashadi. Kelajakda korxonaning istiqbolini baholashda bu bajarilishi shart bo‘lgan talabga aylanadi, aylanmasa, u yerga investitsiya bormaydi. Men konveyyerdagi allaqanday mexanik qo‘llar haqida gapirmayapman, aksincha, intellektual tarmoqlar to‘g‘risida, ya’ni misol uchun, mahsulotlarni yaroqli-yaroqsizga chiqarishda mustaqil qaror qabul qiladigan texnologiya borasida so‘zlayapman.

Sun’iy aql-idrok unsurlari barcha ofis dasturlarida mavjud. Korporatsiyalarda ulardan ishga qabul qilish jarayonida foydalanishadi. Moliyaviy tizimlar, turli algoritmlar, dallollarning o‘rnini egallaydigan - bu ham sun’iy aql-idrok hisoblanadi. Shu qulayroq, negaki, ularga dallollik uchun pul to‘lash shart emas, tezkor va xolisona ma’lumotlarni o‘zlashtiradi, keraksiz harakat va xatolar qilmaydi.

Poliklinikalarimizda aqlli robotlar halicha yo‘q, biroq shifoxonalarda ularning yordamida allaqachon operatsiyalar qilishmoqda. Ular mikroskop orqali qilinadigan kesishlarni odamlardan a’loroq bajarishga qodir va (eng muhimi!) robot tanangiz ichkarisida biror buyumni unutib qoldirmaydi.

Davom etamiz. Qishloq xo‘jaligi. Aqlli traktorlar allaqachon dalalarimizda yurmoqda. Biz o‘zimiz ularni yaratayapmiz, bu ertaga emas, aksincha, bugun bo‘lmoqda. Haydovchisiz kombaynlar dalani kompyuter ko‘zi yordamida ko‘radi; robotlar havoning namligi, tuproqning holati va boshqa parametrlarni o‘lchaydi; dronlar o‘g‘itlar sochiladigan maydonlarni topadi. Bugungi kunda Uzoq Sharqda barcha xohlovchilarga gektarlab maydonlar bepul tarqatilmoqda. Nima uchun bu odamlarga aqlli qishloq xo‘jaligi texnikasini ijaraga bermaslik kerak ekan? Braziliyada allaqachon shunday qilinadi. Ular 40 foizdan ko‘proq fermer xo‘jaliklarini qamrab olgan.

Nihoyat, haydovchisiz avtomobillar. Bu mavzu bugungi kunda tezda rivojlanmoqda. Inqilob jadal ketmoqda - muayyan moddadan yasalgan mashina sun’iy aql-idrokka ega bo‘lgan jonzotga aylanadi. Biz bu yo‘nalishda jiddiy yutuqlarga erishdik. Kompaniyamiz avtomobillarga kompyuter ko‘zini ishlab chiqishda jahonda ikkinchi bo‘ldi. G‘arblik raqobatchilarimiz oldida muhim ustunligimiz bor, biz haydovchisiz tizimni yo‘lni haqiqiy sharoitda ko‘rishi uchun o‘rgatamiz. Ya’ni qorda, yomg‘irda, qorong‘ida, o‘nqir-cho‘nqirda va belgilar ishlamay qolgan holatlar bo‘lmaydi. Bizning mashina har qanday sharoitga moslashtirilishi mumkin. Nafaqat amerikaliklar sinov olib borishgan Kaliforniyaning toza, quyosh nurlari bilan to‘ldirilgan yo‘llarida.

Putin sun’iy aql-idrok haqida gapirganida haydovchisiz avtomobillarni nazarda tutgani dargumon, u ko‘proq mudofaani ko‘zda tutgandi. Axir kelajak urushlari, agar kutiladigan bo‘lsa, insoniyatning ishtirokisiz olib boriladi. Shu bilan birga, XXI asrda mamlakatni sun’iy aql-idrokdan mahrum qilish XX asrni atom bombasiz qoldirishga o‘xshash vaziyatdir.

Muallif: Dmitriy PISARENKO

Rus tilidan Azizbek NOROV tarjimasi.