Ma'naviyat 20.09.2019 4

SUNBULA SUVRATLARI...

Taqvim

1

Osmon burjida Hulkar bilan Tarozi yuz ko‘rsatishi ham havoning taftini bostirolmadi.

Asad oyi davomida nafaqat inson, balki jamiki jonzot, hatto borliq issiq garmsel xurujidan hansiradi. Kunlar, ba’zan tunlari  ham suv yalab jon saqladik. Tadbirli dehqonlar g‘o‘za qator oralariga suv tarashni kunning salqin paytlarida o‘tkazdi. Xayriyat, Yaltiroq tug‘diyu, asadning  boshidan buyon biz orziqib kutgan salqin shabada  esa boshladi.

2

Har seshanba ahvol shu.

Erta tongdan qulog‘imiz ding, tanish tovush yangrashini intiqlik bilan kutamiz.

- Hoy-y-y, eshitmadim demanglar, latta-putta olaman, saqich ketdi, holva ketdiyov-v-v...

Ehtimol ushbu so‘zlarni bu qadar tiniq va tushunarli eshitmasmiz, ehtimol quruq qiyqiriq va qishloq itlarining kimo‘zarga hurganidan tusmollarmiz, ammo har yili besh oy mobaynida takror-takror eshitaverganimizdan bu qiyqiriq biz uchun tanish va qadrdon bo‘lib ketgan. Qishlog‘imiz ahli mol-jonli chorvador qavm bo‘lgani uchunmi, u yer-bu yerdagi bironta hovli sahnini aytmaganda boshqasida dov-daraxt ko‘zga chalinmaydi, hammayoq qovjirab yotgan sahro. Onalarimiz tanish ovoz olisdan eshitilishi bilan:

- Ana, Abdulla aravakash keldi, - deb ogohlantirishadi.

Kimimiz hafta davomida yig‘ib qo‘ygan eski-tuskimizni, kimimiz jamg‘argan to‘rt-besh chaqamizni ko‘tarib Oyshirin momoning hovlisi tomon yuguramiz. Loysuvoq hovli orqa tomonidan o‘tgan tuproq ko‘cha aravakashning doimiy yo‘li.

Abdulla aravakash deganimiz soch-soqoli, yaktagiyu ko‘ylak-ishtoni oppoq chol.  Har dushanba Kosondan yo‘lga chiqadigan aravakash seshanba tushga yaqin qishlog‘imizga yetib keladi. Haftaning roppa-rosa to‘rt kunini yo‘lda o‘tkazadigan bu g‘aroyib otaxonning oppoq tulporga taqilgan aravasini sira ikkilanmasdan sehrgarning sandig‘i yoki "ochil dasturxon" desa arziydi, sarxil mevalarga (o‘rik, qaroli, anjir, pomidor, bodring...) g‘arq to‘la, sohibi xaridorlarni ko‘rishi bilan "po‘sht-po‘sht" deya otining jilovini tortadi. Yuvoshgina biya itoatkorlik bilan to‘xtaydi.

Qishloqda Abdulla aravakashni tanimagan banda yo‘q hisobi, o‘zi ham bir ko‘rgan kishisini, qarimi-yoshmi, unutmaydi, yo‘l-yo‘lakay hol-ahvol so‘rashib ketaveradi.

Mezon kirib, havo soviy boshlagach zoriqib kutishga odatlangan tanish hayqiriq yanagi pishiqchilikkacha yangramay turadi.

O‘sha voqealarga oradan yarim asrcha vaqt o‘tgan bo‘lsa-da, soch-soqoli qirovga aylangan tengdoshlar hamon bolalik yillarimizni eslaganda, xotiralarning bir burchagidan Abdulla aravakash siymosi mo‘ralayveradi...

3

Otam uzoq yillar qorako‘lchilik xo‘jaligi firqa qo‘mitasini boshqarganlari tufayli pomuqlik cho‘ponlarning qay biri tadbirli, qay biri noshud ekanligini yaxshi ajrim qilardi.

- Afsus, Barno boboning ishlagan davrlarini bilmaysan-da, haqiqiy chorva bilimdoni edi u kishi, - derdi har gal cho‘pon-cho‘liqlar hayotidan nimadir yozishga chog‘langanimda. - Mayli, hechdan kech yaxshi. Cho‘lmurod ham otasidan kam cho‘pon bo‘lib yetishmadi. Gazetangga u haqida ko‘proq yoz, tajribalarini yoshlarga yetkaz.

Inson tabiati murakkab.

Biron kishiga ilk taassurotlar bilan baho berib bo‘lmaydi.

Cho‘lmurod akani ilk bor qaysidir yig‘ilish minbarida ko‘rganimda dilimdan:

- Kattazang, uncha-muncha odamni pisand qilmaydiganlardan shekilli, - degan o‘y o‘tgandi.

To‘g‘ri-da, bir necha bor xalq deputatlari tuman, viloyat kengashlariga (keyinchalik Oliy Majlis deputati ham bo‘ldi) saylangan odam oddiygina tuman gazetasining muxbirini nazar-pisand qilarmidi, tag‘in atrofida viloyat, respublika yirik nashrlari vakillari  parvonadek aylanishib turgan bo‘lsa.

Ko‘p o‘tmay otam yetovida Chandir quduq yayloviga, Cho‘lmurod Barnoyev boshliq otar ahli huzuriga borganimda, ilk taassurotlarim tumandek tarqadi. Boshda nimadan gap boshlashni bilmay kalovlanib turganim ham rost, ammo tomdan tarasha tashlagandek bergan savolimga ham bafurja javob qaytarishi Cho‘lmurod akaga nisbatan mehrim tovlanishiga sabab bo‘ldi.

- Umri suruv izida o‘tgan keksa cho‘ponlarning har biri bir dunyo, ular bilan qancha ko‘p suhbatlashsang, shunchalik tajriba orttirib boraverarkansan, - uzundan-uzun kirish so‘zi bilan boshladi galdagi mulohazalarini Cho‘lmurod aka, so‘ngra savol nazari bilan qaradi. - Sultonyoz Kurbonovni eslaysizmi?

- Eslaganda qandoq, ko‘p sinchi odam edi u kishi.

- Shunga yarasha qora qaysarligi ham bor edi,  ancha yillar fermaga mudirlik qilgach, xo‘jalik rahbarlari bilan gapi chap tushib, arzimagan sabab bilan vazifani topshirdi. Ayni sunbula, chorva qishloviga ozuqa to‘plash, suruvni qishlovga durkun olib kirish talab etiladigan bir pallada uning o‘rniga mudir bo‘lib kelgan kishi Sultonyoz akadan maslahat so‘rab boribdi:

- Ochig‘i, chorvani uncha bilmayman, mendan birga birni qo‘shishni so‘rasalar boshqa gap. Agar o‘rningizga kelganimdan xafa bo‘lmasangiz, tajribalaringizni o‘rgating, men ham cho‘pon-cho‘liqqa ish buyurishning hadisini olay, og‘ir paytlari yordamim tegsin.

Sultonyoz aka dangalga o‘ng kelardi:

- Biroz oldin maslahat solganingda yanayam yaxshi bo‘lardi, mayli hali ham kech emas, ertaga tong saharda kelsang, suruvlardan birini borib ko‘rardik.

Ikkalasi belgilangan vaqt yuk mashinasida yaqin yaylovlardan biriga borishibdi. Qarashsa, shafaq oqarib kelayotgan bo‘lishiga qaramasdan otar cho‘pon-cho‘liqlari dong qotib uxlashayotgan ekan.

- Birinchi maslahatimni qulog‘ingda tut, qo‘ling kelsa har kun shu otarga kelib, koyin. Yaxshi qo‘ychivon saharda oyoq cho‘zib uxlamaydi. Bu paytgacha suruvdagi qo‘y-qo‘zilar og‘ziga ilashgan xas-cho‘pga to‘ygan bo‘lishi kerak edi. Endi cho‘ponlaringni uyg‘ot, suruvni yaylovga haydashsin qani.

Ferma mudiri kelishidan izza bo‘lgan cho‘pon-cho‘liqlar suruvni qo‘tondan chiqarishibdi. Sultonyoz aka suruvning yoni bilan boraveribdi, ferma mudiri unga ergashibdi, ancha yerga borganlaridan so‘ng yangi rahbarning toqati-toq bo‘libdi:

- Qachongacha shunday yuraveramiz, suruvning ahvolidan gapiring?

- Suruvning boshiga razm sol, iloji boricha yetakchi qo‘ylarni eslab qol, esladingmi, endi  oxirida borayotgan qo‘ylarga qara?

- Qaradim.

- Endi cho‘ponga ayt, suruvni orqaga qaytarsin.

Bir zumda Sultonyoz akaning aytganlari bajarilibdi. Ikki sherik orqaga qaytgan suruvning yoni bilan boraverishibdi. Oradan biroz vaqt o‘tgach, singir  chorvador sherigidan so‘rabdi:

- Yana suruvga nazar sol, nimani sezar ekansan?

- Sezdim, tag‘in yetakchi qo‘ylar oldinga o‘tib olishibdi, boya izda qolganlar yana orqada qolayapti.

- Orqadagi qo‘ylarni bu suruvdan ajratib ol. Hamma otarlarning shunday qo‘ylarini alohida suruv qil, baribir yetovga yaramaydi, ikki orada cho‘pon-cho‘liqlarni charchatgani qoladi. Hali qishlovgacha biroz muddat bor, "kuch-taka" (qochirish mavsumi) oyigacha alohida suruvga ajratilgan horg‘in qo‘ylarni yemlatsang etini tiklab oladi...

- Sultonyoz aka yosh hamkasbiga ana shu yo‘sinda foydali maslahat bergan ekan, - deya galdagi gurungni yakunlaydi Cho‘lmurod aka...

4

- Bobo, yulduzlar namuncha bizga yaqin, yirik-yirik, guyo to‘kilib tushadiganga mengzaydi, - deydi biz - bobo-momosidan sira ajralmaydigan nabiram qop-qorong‘i osmonga ko‘z tikib.

- Ko‘rpangni yopinib yot, kechasi sovuq bo‘ladi, - deganim ham uning parvoyiga kelmaydi.

Tongda esa:

- Bobo, endi uyda yotsakmi deyman, - sho‘lqillatib burnini tortadi odatdagidan ertachi uyg‘onib.

Sezaman, sunbulaning tonggi sabosidan eti junjikkan.

- Yigit kishiga bu sovuqlar kor qiladimi, - deyman uni gapirtirish uchun. - Bilsang aqli donishlarimiz bu haqda "Sunbula chiqishi bilan izg‘irin bobo, undan keyin qorbobo eshik qoqadi" deyishadi. Sunbulaning salqini bilan ogohlantirgani shu-da bolam. Buni sen bilan mendan ko‘ra issiqsevar qushlar erta anglashadi, ular allaqachon iliq o‘lkalarga ko‘chib ulgurishdi.

- O‘zimam ayvondagi qaldirg‘ochlar nega qorasini ko‘rsatmay qo‘yishdi ekan deb o‘ylagandim-a. Bobo, ular issiq o‘lkalarda nima qilishadi?

- Qishni o‘tkazib, yana qaytishadi.

- Bo‘lmasa, chumchuqlar nega uchib ketishmaydi?

- Ular o‘zimizning qushlar.

- Boshqalari-chi?

- Boshqalari ham o‘zimizniki, faqat sovuqqa chidamsiz.

- Qiziq, qushlar ham turfa xil bo‘larkan-da?

- Hatto dov-daraxtlar ham, masalan, paxtani hamma yurtlarda ham yetishtirib bo‘lmaydi.

- Nimaga?

- Paxta issiqsevar o‘simlik, tabiati biznikidek serquyosh bo‘lmasa, hosili pishib yetilmaydi.

5

Uzoq va yaqin mamlakatlar bozoriga sarxil mevalarni yetkazib berish bilan shug‘ullanadigan tadbirkor tanishimga qo‘ng‘iroq qilib e’tiroz bildirdim:

- Anchadan buyon darakkinang yo‘q?

- E, og‘ayni, shu kunlarda qo‘lim-qo‘limga tegarmidi, sunbulaning har oni biz uchun g‘animat. Bog‘dagi anjir, shaftoli, urug‘imiz g‘arq pishgan,    yig‘ib, muzxonaga joylash kerak. O‘zing bilasan, bankdan kredit olib, ikki ming tonnalik muzxona qurganman. Uzumning bir qismini mayiz bostirishim kerak, hademay yog‘in-sochin kunlar boshlanadi, quritish uchun yoyilgan hosil ustiga yomg‘ir tushsa, mahsulot sifatiga ta’sir qiladi. Buyog‘i, chetga qovun-tarvuz jo‘natayapman.

- Qachon qaramay ishdan qo‘ling bo‘shamas ekan-da?

- Dasturxonimiz barakasi shundan oshna, hali oyoq cho‘zib o‘tirishga ham vaqt topilar, - deydi u, keyin qiziqarli voqeadan so‘z ochadi:

 - Rossiya bozorlaridagi xaridorlar o‘zimizning mahsulotlarni ko‘z tashlashi bilan boshqasidan ajratib bilishadi. Bir gal olib kelgan mahsulotlari bozorda o‘tmay turgan ozor tanishim:

- Gardash, yuk mashinang bo‘shasa, menga birgina kun ijaraga berib tur, - deb iltimos qildi.

- Nega, - so‘radim hayron qolib.

- Meva-chevalarimni bozorga olib chiqaman, zora O‘zbekistondan keltirishibdi, deb sotib olishsa...

Yuz solib turgandan so‘ng rad etish qiyin bo‘larkan, vaqt kelib, yukim tugagach mashina kalitini berdim. Unga o‘z meva-chevalarini ortib bozorga kiritishdi. Bir chetdan kuzatib tursam har uch kishidan ikkitasi mevalarni ushlab, hidlab ko‘rib:

- Yo‘q, bu mevalar O‘zbekistonniki emas, - deb qaytib ketishdi. Sunbulaning shamolini yegan mevalarimizning ta’miga gap yo‘q, og‘ayni.

6

Ro‘zi bobo shom qorong‘isi tushgan palla nabiralarini yetaklab kelgan qizini:

- Ha, ota-onadan xabar olishga kunduz vaqt topmadingmi, - hazil aralash kesatib oldi.

- Vaqt qayerda, dada, hozir ham daladan qaytib bozor qilish uchun yo‘lga chiqqan edim, shu bahona nabiralaringiz sizlarni ko‘rib ketsin degandim. Qo‘shnilar bilan paxta terishga chiqayapman, harna ro‘zg‘orga foyda-da, kuniga 70-80 ming so‘m ishlab kelayapman.

Bugun qishloq yo‘llarining barchasi paxta dalalariga yetaklab borayotgani, bobodehqon yil-o‘n ikki oy qilgan mehnati mahsuli taroziga chiqayotgani Ro‘zi boboning yodiga tushadi. Ichki g‘urur hissi bilan umumxalq hasharidan chetda qolmayotgan qizini alqaydi:

- Barakalla, bolam, mehnatning katta-kichigi bo‘lmaydi, muhimi, undan ishlab topganing dasturxoning fayzini oshirishga asqatsa...

Abdunabi ABDIYEV