Ta'lim 14.05.2019 27

TA’LIM SIFATINI BAHOLASH BO‘YICHA XALQARO TADQIQOTLARDA ISHTIROK NIMA BERADI?

Ijodiy fikrlash sari yo‘l

Davlat rahbari bir necha kun ilgari imzolagan "O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida"gi farmonida inson kapitalini shakllantirishning asosiy bo‘g‘ini bo‘lgan tizimda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar va ularni hayotga tatbiq etish yo‘llari atroflicha belgilab berildi. Jumladan, unda mamlakatimizning 2030 yilga kelib PISA (The Programme for International Student Assessment) - o‘quvchilarning ta’lim sohasidagi yutuqlarini baholash bo‘yicha xalqaro dastur reytingida jahonning 30 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kirishiga erishish vazifasi qo‘yilgan.

XALQARO TADQIQOTLAR TIZIMI

Konsepsiya bilan tanishgan kishida, tabiiyki, PISA tizimi tadqiqotlari haqida ko‘proq bilish istagi tug‘iladi. Biz bu iboraga ilk bor  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 8-dekabrdagi "Xalq ta’limi tizimida ta’lim sifatini baholash sohasidagi xalqaro tadqiqotlarni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida duch kelgandik. Mazkur hujjatda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi huzurida Ta’lim sifatini baholash bo‘yicha xalqaro tadqiqotlarni amalga oshirish milliy markazini tashkil etishga qaror qilinib, uning asosiy vazifalari va faoliyat yo‘nalishlari etib ta’lim tizimida o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini rivojlantirishning innovatsion metodlarini ishlab chiqish va joriy etishga yo‘naltirilgan ilmiy izlanishlar olib borish; ta’lim sifatini baholash sohasida xalqaro aloqalarni o‘rnatish, xalqaro loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirish, xalqaro ilmiy anjumanlar va simpoziumlarni tashkil etish va o‘tkazishda ishtirok etish; umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining xalqaro tadqiqotlarda muvaffaqiyatli ishtirok etishini ta’minlash; O‘zbekiston Respublikasining xalqaro baholash dasturlarida qayd etgan natijalarini boshqa davlatlar natijalari bilan qiyosiy taqqoslash belgilandi.

O‘z navbatida kelgusida mamlakatimiz ta’lim sifatini baholash bo‘yicha quyidagi xalqaro tadqiqotlarda ishtirok etishi ko‘zda tutildi:

- PIRLS (Progress in International Reading and Literacy Study) - boshlang‘ich 4-sinf o‘quvchilarining matnni o‘qish va tushunish darajasini baholash;

- TIMSS (Trends in International Mathematics and Science Study) - 4 va 8-sinf o‘quvchilarining matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;

- PISA (The Programme for International Student Assessment) - 15 yoshli o‘quvchilarning o‘qish, matematika va tabiiy yo‘nalishdagi fanlardan savodxonlik darajasini baholash;

- TALIS (The Teaching and Learning International Survey) - umumiy o‘rta ta’lim maktablari rahbarlari va o‘qituvchilari bilan so‘rovnoma o‘tkazish orqali maktabda o‘qitish va ta’lim olish jarayonlari samaradorligini baholash.

Qayd etish lozim, mamlakatimiz ta’lim muassasalari PISA xalqaro tadqiqotlarida 2021-yilda ilk marotaba ishtirok etadi.

PISA: MUAMMO VA YECHIMLAR

- Ushbu dasturga 1997-yil asos solingan, - deydi Mirishkor tumani xalq ta’limi bo‘limi ta’lim sifati monitoringi bo‘limi inspektor-metodisti Elyor Shoqulov. - Undan ko‘zlangan asosiy maqsad - dunyo bo‘ylab ta’lim tizimi samaradorligini 15 yoshli o‘quvchi-yoshlar 3 yo‘nalishda (o‘qish, matematika, tabiiy fanlar bo‘yicha) savodxonligiga, ularning ijodiy va tanqidiy fikrlashiga, olgan bilimlarini hayotda qo‘llay olish qobiliyatlariga baho berish va keyinchalik bu ko‘nikmalarni hosil qilishga undashdan iborat. Dasturni Avstraliya pedagogik tadqiqotlar kengashi, Niderlandiya milliy pedagogika instituti, AQShning Vestat va pedagogik test xizmatlari, shuningdek, Yaponiyaning ta’lim sohasidagi tadqiqotlar milliy instituti hamkorlikda o‘tkazadi. Dasturni joriy etish g‘oyasi ish beruvchilarning tashabbusi bilan ilgari surilgan. 2018-yilda PISA dasturida Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT)ga a’zo 35 mamlakat, a’zo bo‘lmagan 43 ta, jami 78 mamlakat va shaharlar ishtirok etgan. Har bir davlatdan ishtirok etuvchi o‘quvchilar soni mamlakatdagi jami 15 yoshli o‘quvchi-yoshlarning 2 foizi miqdorida saylanma tarzda shakllantiriladi. Shundan kelib chiqilganda har bir davlatdan 4500 nafardan 10 ming nafargacha o‘quvchi ishtirok etgan. Sobiq ittifoq  mamlakatlaridan Rossiya, Latviya, Litva, Estoniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston qatnashdi. Ular orasidagi eng yaxshi ko‘rsatkich estoniyalik o‘quvchilarga tegishli, garchi mazkur mamlakat yoshlari ilk marotaba ishtirok qilgan 2006-yilda 516 ball  jamg‘arib, 11-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, 2015-yilda bu ko‘rsatkich tegishli tartibda 534 ball va uchinchi o‘ringa ko‘tarildi.

Ma’lum bo‘ldiki, 2015-yilgi tadqiqotlardan keyin dunyo bo‘yicha birinchi, ikkinchi va to‘rtinchi o‘rinlarni qit’adoshlarimiz - Singapur, Yaponiya va Xitoy Taypeyi o‘quvchi-yoshlari egallagan. PISA xalqaro baholash dasturi testlari uch yilda bir marotaba o‘tkazilib, o‘quvchilar bilimi uchta asosiy yo‘nalish bo‘yicha, 1000 ballik tizimda baholanadi. Har galgi monitoring jarayonida yuqorida sanalgan uchta yo‘nalishdan biriga alohida e’tibor qaratiladi. Masalan, 2000-yilda tadqiqotning asosiy yo‘nalishi o‘qish savodxonligiga, 2003-yil matematik savodxonlikka, 2006- yilda esa tabiiy fanlar savodxonligiga qaratilgan. Bu holat davriy takror bo‘lishini inobatga olganda, 2021-yil asosiy fan qilib matematika tanlanishi ayon bo‘ladi. Test savollari dasturga a’zo mamlakatlarning mutaxassislari bilan kelishilgan holda xalqaro konsultantlar guruhi tomonidan tuziladi.

Shu nuqtai nazardan qaralganda, mamlakatimiz ta’lim tizimi xodimlari oldida turgan asosiy muammolar nimalardan iborat?

Birinchisi - o‘quvchilarning bilim darajasidagi nuqsonlar. Joriy yil mamlakatimiz 1035 ta maktabda o‘tkazilgan monitoring natijalariga ko‘ra o‘quvchilarning o‘rtacha o‘zlashtirishi 70 foizni, sifat ko‘rsatkichi 44,8 foizni tashkil etgan, xolos. Matematika fanidan bu ko‘rsatkich yanada past ekanligi aniqlangan.

Ikkinchisi - bizda mavjud darsliklarda PISA topshiriqlariga o‘xshash masala va misollarning kamligi. PISA topshiriqlari esa odatda uzundan-uzun matnlar yordamida tasvirlanib, ulardagi real vaziyat va muammolarni hal qilish usulini tanlash uchun matematikaning qaysi bo‘limiga murojaat qilish haqida ko‘rsatmalar yo‘q. PISA topshiriqlari (matnli, rasmli, diagramma va jadvallar, real bog‘lanish grafikalari) turli shakllarda taklif qilinadi. Ularni matematik tilga o‘girish va yechim topilgandan so‘ng uni yana real sharoit bilan bog‘lab baholash hamda sharhlash talab qilinadi. Bizdagi matematika darsliklarida standart masalalar beriladi va ular standart usullar yordamida yechiladi.

Bundan ko‘rinib turibdiki, PISA dasturida mantiqiy fikrlash asosiy o‘ringa ko‘tariladi. Masalan, o‘quvchi matnda "aylana" so‘ziga duch kelinmasa-da, aynan mazkur obyekt haqida so‘z borayotganini anglab yetishi lozim. Demak, birinchi navbatda matematika darsliklarini o‘quvchi mantiqiy   fikrlashiga undaydigan masalalar bilan boyitish vazifasi yuzaga keladi. Shuningdek, bizda 130 dan ortiq millat va elat vakillari istiqomat qilishi, ta’lim 7 tilda olib borilishi ham tarjima masalasida qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirishi mumkin.

DASTUR BIZGA NEGA KERAK?

- 15 yoshli bolalarning bilim darajasi miqdoriy ko‘rsatkichini adolatli aniqlash va xalqaro miqyos bilan solishtirish imkoni tug‘iladi;

- o‘quvchilarning savodxonligi hamda bilimlarini amaliyotda qo‘llash qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha davlat va nodavlat tashkilotlar hamda ota-onalar hamkorlikdagi faoliyatini muvofiqlashtirish amaliyoti kuchayadi;

- umumta’lim maktablarida yaratilgan shart-sharoitlarni baholash yuzasidan miqdoriy ko‘rsatkichlar aniqlanadi.

Shu o‘rinda qayd etish joiz, PISA bo‘yicha o‘quvchilar bilimiga qo‘yilgan bahoning har 50 ballga oshishi yillik yalpi ichki mahsulotning bir    foizga o‘sishini ta’minlashi xalqaro tajribalarda kuzatiladi.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu dastur mamlakatimiz yoshlari intellektual salohiyati yanada oshishiga xizmat qilishi shubhasiz.

Abdunabi ABDIYEV,

Mirishkor tumanidagi 22-maktab direktori