Jarayon 04.06.2019 125

TABIAT ZUG‘UMNI KECHIRMAYDI

5-iyun - Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni

Dunyo hamjamiyati diqqatini ekologik muammolarga qaratish, insonlarning ekologik bilim va madaniyatini boyitish maqsadida turli sanalar belgilangan. Jumladan, 2-fevral - Xalqaro suv botqoqliklari kuni, 21-mart - Xalqaro o‘rmon kuni, 22-mart - Butunjahon suv resurslari kuni, 15-aprel - Xalqaro ekologik bilimlar kuni, 22-aprel - Butunjahon yer kuni, 12-may - Ekologik ta’lim kuni, 22-may - Xalqaro bioxilma-xillik kuni sifatida nishonlanadi. Ular orasida 5-iyun - Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni o‘ziga xos xususiyatga ega. 1971-yilning 11-may kuni BMT Bosh kotibiga kelib tushgan 23 mamlakatning 2200 nafar fan va madaniyat arbobi imzolagan murojaatnoma mazkur sana belgilanishiga asos bo‘lgan. Murojaatnomada "Yo biz tabiatning ifloslanishini bartaraf qilamiz yoki u biz - insoniyatni halokatga olib keladi", deya ta’kidlanadi. Bir yil o‘tib, Stokgolmda atrof-muhitni himoya qilishga bag‘ishlangan Butunjahon konferensiyasi bo‘lib o‘tadi. Unda jahonning 113  mamlakatidan vakillar ishtirok etib, aynan shu sana  Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni sifatida belgilanadi.

Flora va fauna dunyosiga ekologik xavf

Ekologik xavf, o‘rni kelganda, hattoki yadro talafoti va terrorizmdan ham dahshatliroq bo‘lib, Yer yuzidagi barcha xalqlarni tobora bu haqda chuqurroq o‘ylashga majbur etmoqda. Butunjahon yovvoyi tabiat (WWF), Global Footprint Network jamg‘armalari va Londonning zoologik jamiyati mutaxassislari hamkorlikda o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, 1970-yildan buyon Yerdagi yovvoyi hayvon va qushlar soni 3430 turga, tirik sayyoraning indeksi esa 52 foizga kamaygan, ya’ni havoda va quruqlikda yashaydigan jonivorlar turi 76, Yer ustida va suvda yashovchilar soni 39 foizga qisqargan.

4 daraxt bir kishining bir kecha-kunduzdagi kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondiradi

Tabiat shu qadar nozikki, katta shaharning kislorod balansini saqlab turish uchun 1 kishiga 25 kvadrat metr yashil maydon talab qilinadi. Daraxt va buta barglari, ko‘katlar shahar osmonidagi changning 72 foizini ushlab qoladi.

Yozda bir gektar o‘rmon bir kecha-kunduz davomida 220-275 kilogramm karbonat angidrid gazini yutib, 180-215 kilogramm kislorod ajratadi. Bu miqdor 430-500 kishini o‘n soat davomida kislorod bilan ta’minlashga yetadi. To‘rtta daraxt bir kishining bir kecha-kunduzdagi kislorodga bo‘lgan ehtiyojini qondira oladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, faqat yog‘ochning o‘zidan 20 mingdan ortiq turli xil material va moddalar, bir kub metr yog‘ochdan esa 1,5 ming metr sun’iy ipak yoki 600 ta trikotaj kostyum yoxud 200 kilogramm qog‘oz olinar ekan.

Ko‘rinib turibdiki, o‘rmonlar va daraxtlar inson ehtiyojini har tomonlama qondirib, odamlarni kiyintiradi, davolaydi va tashnaligini qondiradi. Biroq o‘rmonlarning tobora qisqarib borayotgani jiddiy xavotirlarga asos bo‘ladi.

Tabiat oldida hisob beraylik!

Kamyob va yo‘qolish arafasida turgan hayvonot va o‘simlik turlarini asrab-avaylash, ko‘paytirish bugun dolzarb vazifaga aylangan. Butunjahon atrof-muhitni muhofaza qilish kuni arafasidagi tadbirlar, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklar muhokamasi esa Yer yuzi aholisiga ekologik vaziyatni yaxshilash uchun misoli bir bongdir. Aslida har kuni, har daqiqa xatti-harakatlarimiz uchun tabiat oldida hisob berishimiz kerak. Bebaho ne’mat - suvdan oqilona foydalanish, o‘simlik va hayvonat olamini asrash, ekologik barqarorlikni ta’minlashga ustuvor vazifa sifatida qarab, nafaqat bugungi, balki, kelajak avlodlarimiz taqdiri uchun ham mas’ul ekanimizni unutmasligimiz darkor!

Manbalar asosida Sh.BOZOROVA tayyorladi.