Iqtisodiyot 23.08.2019 42

TADBIRKOR QIZNING QUYONLARI

Harakatda – barakat

Quyonchilik - istiqbolli faoliyat turlaridan biri. Chunki quyon tez yetiluvchan, serpusht va mahsuldor jonivorlar sirasiga kiradi. Ular yil davomida 5-6 marotaba bolalaydi. Bitta ona quyondan yiliga 50-60 ta va undan ham ko‘proq nasl olish mumkin. Bu esa ana shuncha teri va 70-80 kilogramm go‘sht yetishtirish imkonini beradi. Tarmoqning yuksak iqtisodiy samaradorliligi ham shu bilan izohlanadi.

Ahamiyatli tomoni, quyonchilik faoliyati istiqbolini oldindan ko‘ra bilib, unga qiziquvchilar soni ortib bormoqda. Xoh uy sharoitida, xoh sanoat usulida bo‘lsin, quyon boqayotganlar bugun talaygina. Kasbi tumani Qoraqo‘ng‘irot qishlog‘ida yashovchi Sabina To‘rayeva ham o‘z tadbirkorlik faoliyatini aynan ushbu sohada boshlagan.

- Kerakli shart-sharoitimiz borligi, qolaversa, ko‘p mehnat va mablag‘ talab etmasligi bois oila a’zolarim bilan maslahatlashib, quyonchilik bilan shug‘ullanishga qaror qilgan edim, - deydi u. - Ishni boshlash uchun sarmoya topishga ham qiynalganim yo‘q. "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasining   tuman bo‘limiga o‘z biznes- loyiham bilan murojaat etganimda, ular bu tashabbusimni qo‘llab-quvvatlab, zarur mablag‘ni imtiyozli kredit shaklida taqdim etishdi. Sarmoyaning bir qismiga quyonlar uchun maxsus qafaslar yasattirgan bo‘lsak, qolganiga 400 bosh zotdor ona quyon xarid qildik.

E’tiborli tomoni, quyonchilik tez daromad beradigan faoliyat. Tadbirkor qiz ishni yaqindagina yo‘lga qo‘yganiga qaramay, ichki bozorga quyon go‘shti yetkazib berishni ham boshlagan. Shu bilan bir qatorda, quyonlar bosh sonini ko‘paytirishga ham e’tibor qaratmoqda. U qisqa vaqt ichida zotdor ona quyonlar sonini bir necha barobar ko‘paytirish, o‘zi rahbarlik qilayotgan "Kasbi quyonchilik" mas’uliyati cheklangan jamiyatini sohadagi yirik subyektlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.