Iqtisodiyot 09.04.2019 116

TADBIRKOR QURILISH HAJMI ORTISHIDAN MANFAATDOR

Kichik biznes

Ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilning yanvar-fevral oylarida viloyatimizda 484 milliard so‘mlik qurilish-pudrat ishlari bajarilgan. O‘tgan yilning shu davriga nisbatan o‘sish sur’ati 111 foizni tashkil etayapti.

To‘g‘ri, bugun vohamizda kechayotgan bunyodkorlik ishlari ko‘lamini baholash uchun bu raqamlarga ko‘z tashlashning hojati yo‘q. Qurilishlar miqyosini amalda ham hamma ko‘rib-bilib turibdi. Ahamiyatlisi, ayni shu jarayon jadal tus olgani sari vohamizda sanoatning boshqa bir sohasi - qurilish industriyasi faol rivojlanishiga keng yo‘l ochilayapti. Natijada shu faoliyatga ixtisoslashgan korxonalar faoliyati barqarorligi ta’minlanmoqda. O‘z navbatida, turdosh ishlab chiqaruvchilarning ko‘payishi tarmoqda kuchli raqobat yuzaga kelishiga xizmat qilmoqda.

Qarshi shahridagi "Naxshab antiqa savdo" mas’uliyati cheklangan jamiyati ish boshlaganiga ham 3 yil bo‘ladi. Korxona rahbari O‘ktam Shoymardonovning aytishicha, shu davrda ushbu tadbirkorlik subyektida mahsulot ishlab chiqarish hajmi oshib bormoqda.

- Avval boshda 1 milliard so‘m atrofida mablag‘ tikib,  zamonaviy quvvatni ishga tushirgandik, - deydi ishbilarmon. - Hozir foydalanishda bo‘lgan uskunalarimiz Rossiyadan keltirilgan. Endilikda har oyda o‘rtacha qariyb yarim milliard so‘mlik temir-beton buyumini realizatsiya qilmoqdamiz. Viloyatimizdagi ko‘p qavatli va namunali uylarni, yangi barpo etilayotgan ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish quvvatlarini qurilish materiallari bilan uzluksiz ta’minlab kelayapmiz. Qolaversa, aholi buyurtmasi ham katta ulushni tashkil etadi. Mahsulotimiz turi 30 xildan oshadi. Birgina yopqich plitaning 25 xilini tayyorlayapmiz. Shuningdek, temir-beton ustunlar, bordyurlarga ham talab mavjud. Shunday sur’atda ishlay olganimiz tufayli hozirda korxonamizda 10 dan ortiq kishini mehnat bilan doimiy band etishga erishdik.

Ta’kidlash o‘rinliki, kichik biznesning ustunligi uning har qanday vaziyatda ham bozor konyunkturasiga, mavjud talab va taklifga tez moslasha olishidadir. Bu jihatni ishbilarmonning kelgusi rejalaridan ham payqash mumkin. Mulkdor korxonani boshqa bir yangi tarmoq hisobiga yuksaltirishni maqsad qilgan. Tikuvchilik mahsulotlari, asosan, import o‘rnini bosuvchi kiyim-kechaklar ishlab chiqarishni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Tadbirkor ushbu loyihani keyingi yil boshida hayotga tatbiq etish niyatida.

Mirzohid JO‘RAYEV 

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.