Iqtisodiyot 27.09.2019 30

TADBIRKORLIK RIVOJIGA NIMA TO‘SQINLIK QILMOQDA?

Seminar

Viloyat hokimligi majlislar zalida tadbirkorlar huquqlarini ishonchli himoya qilish, soha rivojiga to‘siq bo‘layotgan korrupsion holatlarning oldini olish masalalariga bag‘ishlangan seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston savdo-sanoat palatasi, Bosh prokuratura, Davlat bojxona va soliq qo‘mitalari hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda sohaga aloqador korxona va tashkilotlar mas’ul xodimlari hamda tadbirkorlar ishtirok etdi.

Seminarda viloyatda ishbilarmonlarning murojaatlari bilan ishlash holati, tadbirkorlik rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolar tanqidiy tahlil etildi. Hukumatimiz tomonidan kichik biznesni rivojlantirish yo‘lida olib borilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlarga qaramay, bugun ham ayrim mansabdor shaxslar tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga asossiz aralashish, sun’iy to‘sqinlik qilish, korrupsiya holatlari uchrab turganligi, bu esa soha rivojiga halaqit berayotgan eng asosiy omillardan biri ekanligi ta’kidlandi. Bu borada bir qator misollar keltirildi.

Jumladan, viloyat prokuraturasi katta tergovchisi F.Nasimovning ta’kidlashicha, joriy yilda Dehqonobod tumani hokimi o‘rinbosari hamda AT "Agrobank" tuman filiali hisobchisi oldindan o‘zaro til biriktirib, tadbirkorlardan biriga faoliyat yuritishi uchun yer ajratib berishni va’da qilib, bu "xizmati" evaziga 6 ming AQSH dollari so‘ragan. O‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bu shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Seminarda, shuningdek, tadbirkorlarga o‘zlarini qiynayotgan masalalar bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joylardagi xalq qabulxonalari, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi, savdo-sanoat palatasi "Call-Center" xizmati hamda boshqa mas’ul tashkilot va organlarga murojaat qilish tartiblari tushuntirildi.

J.QILICHOV