Jamiyat 08.01.2019 22

TAHLILIY-TANQIDIY MAQOLALARGA KIM QANDAY MUNOSABAT BILDIRDI?

Gazeta sahifalarida

TAHLILIY-TANQIDIY MAQOLALARGA KIM QANDAY MUNOSABAT BILDIRDI?

O‘tgan yili o‘quvchilar qo‘liga "Qashqadaryo"ning 155 ta soni yetib bordi. Albatta, jurnalistikaning "qaymog‘i" tahliliy-tanqidiy maqolalar bo‘lgani holda bunday materiallar har qanday nashrni bezaydi. E’tiborlisi, yil davomida gazetamizning har sonida, ayrimlarida 2-3 tadan kunning eng muhim, dolzarb masalasi yechimiga qaratilgan maqolalar chop etilgan ekan. Aslida  biz o‘z vazifamizni bajardik: jurnalist sifatida muammoni jamoatchilik e’tiboriga havola etdik. Ammo tahlillarimiz ushbu tanqidlarga aksar hollarda mutasaddilar befarq qaragani, ayrim rahbarlar boqibeg‘amlik botqog‘idan qutula olmayotganini ko‘rsatmoqda. Demak, o‘tgan yilgi chiqishlarga nazar tashlaymiz: qaysi maqolaga qanday munosabat bildirildi?

"RESPUBLIKADA E’TIROF ETILADIY, VILOYATDA KO‘RINMAYDI. NEGA?"

Gazetaning 6 yanvar sonida chop etilgan ushbu maqolada Qarshi davlat universiteti qoshidagi, musiqa kafedrasi talabalaridan tarkib topgan "Ziyo sadolari" jamoasi respublika tanlovlarida qatorasiga 4 marta g‘oliblikni qo‘lga kiritgani, biroq universitetning o‘zida bu jamoaga e’tibor o‘ziga yarasha ekani, hatto studiyasi yo‘qligi, jamoa viloyat tadbirlariga ham jalb qilinmasligi tanqid qilingandi.

Oradan o‘tgan bir yil ichida universitet ma’muriyati ushbu maqolaga hech qanday munosabat bildirmadi. Ma’lum bo‘lishicha, e’tibor avval qanday bo‘lsa, maqola chop etilgandan keyin ham o‘zgarmagan. Qolaversa, iqtidorli ishtirokchilarni jamlagan "Ziyo sadolari" jamoasini viloyatning biror tadbirida ham ko‘rmadik.

"HARAKAT BIR TOMONLAMA, BIROQ YO‘L BELGILARI FARQLI..."

Qarshi shahri yo‘llaridagi bir-birini inkor etadigan yo‘l belgilari haqidagi ushbu maqola gazetada 9-yanvar sonida chop qilingandan so‘ng Mustaqillik va Nasaf ko‘chalari kesishgan joyda qayrilib olishni taqiqlovchi belgi olib tashlanib, boshqa chorrahalardagi kabi birxillashtirildi.

"YO‘LDAGI "HUSNBUZARLAR"

Viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yonidagi o‘yilib yotgan yo‘l haqida o‘tgan yili 18-yanvarda maqola chop etilgan ekan. Mana, oradan naq bir yil vaqt o‘tdi. Ammo "husnbuzar" o‘sha-o‘sha. Yo‘lsozlarning ishga munosabatini shuning o‘zidanoq ko‘rish mumkin.

"NEGA BARCHA KO‘RSATKICHLAR BO‘YICHA ORQADAMIZ?"

18-yanvarda nashr yuzini ko‘rgan maqolada mahalliylashtirish dasturi doirasida erishgan natijalar bilan u qadar maqtana olmasligimiz aniq raqamlar misolida ko‘rsatib berilgandi. Bunga nima sabab bo‘layotgani xususida mutasaddi - hududlarni kompleks rivojlantirish va iqtisodiyot boshqarmasi tomonidan hech qanday munosabat bildirilganicha yo‘q. Darvoqe, ular munosabat bildirmagani bilan natijalarni yaxshilayotgandir-a. Bunisini galdagi kuzatishlarimizda ko‘rib chiqamiz.

"SOHIBQIRON.UZ SAYTI NEGA YANGILANMAYAPTI?"

"...jahon miqyosida tanilgan va tan olingan buyuk sarkardalar sanoqli va ulardan biri viloyatimiz hududidan yetishib chiqqani bizga g‘urur bag‘ishlashi barobarida farzandlik burchimizni to‘la-to‘kis ado etishni ham taqozo etar, yangi sayt esa bu yo‘ldagi xayrli ishlardan biri edi. Biroq sayt o‘sha yaratilganidan beri yangilanmadi hisob. Bugun unda joylashtirilgan ma’lumotlar 2016-yilning mart-aprel oylari bilan "qotib" qolgan.

Vaholanki bu orada Amir Temur hayoti va faoliyati, Temuriylar davri bilan bog‘liq tadqiqotlar, tadbirlar o‘zimizda ham, xorijda ham to‘xtagani yo‘q va muttasil davom etmoqda. Biroq bularning birortasi saytda o‘z ifodasini topmayotgani chatoq".

O‘tgan yili nashrimizning 18-yanvar sonida chop etilgan maqoladagi ushbu so‘zlar bugun ham ahamiyatini yo‘qotmadi. Chunki sayt hali-hamon yangilanmadi. Sayt xo‘jako‘rsinga ekan, shekilli.

"CHAROG‘ILDAGI KLUBGA KULIB QARASH KERAKMI YO KUYIB?!"

Qarshi tumanidagi qarovsiz qolgan klub haqidagi maqola gazetaning 23-yanvar sonida chiqqan bo‘lsa, 15-fevral sonida viloyat madaniyat boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari O.Mamatovning javob xati berilgan. Unda aytilishicha, Charog‘ildagi klub 2020-yilda kapital ta’mirlanib, jihozlanadi.

"QIMMATGA TUSHGAN HIMMAT

Yoxud Chiroqchi tumanilik 2-guruh nogironligi bo‘lgan Habiba Boboyeva nega ishsiz qoldi?"

3-fevralda chop etilgan bu maqolada Prezident Davlat maslahatchisi o‘tkazgan sayyor qabul davomida Chiroqchi paxta tozalash zavodiga ishga qabul qilingan Habiba Boboyeva bir muddatdan so‘ng aytarli sababsiz ishsiz qolgani, buyam yetmaganday, endi ishlisan, deb unga nogironlik nafaqasi ham berilmay qo‘ygani kabi masalalar xususida so‘z yuritilgandi. Ko‘zbo‘yamachilik aralashgan ushbu holatga na paxta tozalash zavodi, na mahalliy hokimlik mutasaddilari munosabat bildirdi. "Inson manfaatlari - har narsadan ustun" tamoyili asosida mamlakat miqyosida ulkan ishlarga qo‘l urilayotgan bir chog‘da Chiroqchi tumani rahbarlarining boqibeg‘amligini nima bilan izohlashga hayron qolasan.

"XODIM HUQUQI BUZILGAN.

Biroq kasaba uyushmasi jim. Nega?"

Qamashi tumanida yashovchi Rahmatillo Mengirov 2017-yil sentabr oyidagi ish haqini ololmagani haqidagi ushbu maqola 6-fevralda chop etilgan bo‘lsa, 13-fevral sonida "Kechikkan ish haqi to‘lanishi ta’minlandi" nomida viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasining javob xati berildi. Eng muhimi, muammo hal etilgan.

"NEGA MIRISHKORDA XORIJIY INVESTITSIYA ISHTIROKIDAGI KORXONA YO‘Q?"

20-fevralda chop qilingan, nomidan ma’lum ushbu materialga tuman mutasaddilari hech qanday e’tibor qaratmaganini bu bo‘yicha biror aks-sado yo‘qligidan ham bilsa bo‘ladi. Boz ustiga o‘tgan vaqt ichida Mirishkorga xorijiy investitsiya ham kirib kelmadi. O‘z o‘rnida mamlakatimizda chet el investorlari uchun keng sharoit, ko‘plab imtiyozlar mavjudligini aytish o‘rinli. Ko‘rinib turibdiki, Mirishkor rahbarlariga xorijiy hamkorlar bilan ishlash bo‘yicha tajriba zarur.

"QAROVSIZ MAKTAB UCHUN "HOKIM BUVA" NEGA XAFA BO‘LADI?"

"Kimdir dunyoning qaysi bir chetida sivilizatsiyadan yiroq, yovvoyi holda yashayotgan qabila bor ekan, desa birov hayron bo‘lmasligi mumkin, biroq zamonaviy, rivojlangan davlatda ibtidoiy maktab bor, desa, ko‘pchilik bunga yo‘g‘-ye, bo‘lishi mumkin emas, deb javob berishi tayin".

22-fevralda chop etilgan ushbu maqolada Chiroqchi tumanidagi 112-maktabning ayanchli ahvolidan hikoya qiluvchi maqolaga xalq ta’limi boshqarmasidan ham, tuman hokimligidan ham javob kelmadi. Holbuki masala - sovuq, sharoitlari yo‘q darsxonada dildirab o‘tiradigan, shunday kunda 12 kilometrlab yo‘l bosib kelayotgan bolalar haqida edi. Bolalari taqdirigaki, shunday befarq ekanlar, maqolaga ijobiy yondashishlarini kutmasa ham bo‘ladi aslida.

"QARSHI TUMANI "PASPORT STOLI"DAGI NAVBATNI KIM YUZAGA KELTIRAYAPTI?"

Qarshi tumani IIB migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasida yuzaga kelgan navbat faqat odamlarning aybi bilan bo‘lmayotgani haqida nashrimizda o‘tgan yil 1-martida aytilgandi. Dastlab eski pasportlarni almashtirishning oxirgi sanasi 2018-yil 1-iyul ekani sabab kishilar bu ishga astoydil kirishgan bir chog‘da "pasport stol"dagilarning "ish uslubi" sabab ko‘plar sarson bo‘layotgandi. Ammo bu yerda ham na ish uslubi o‘zgardi, na odamlarning bari eski pasportini almashtirishga ulgurdi. Biometrik bo‘lmagan pasportlarni almashtirish muddati keyin yana uzaytirilganini esa faqat odamlarning beparvoligi bilan izohlab bo‘lmaydi.

"IMKONIYATDAN FOYDALANISH KERAK EMASMI?"

Qarshi tumanidagi Nukrabod mahallasida joylashgan namunaviy tipdagi arzonlashtirilgan uylar egalariga qo‘shimcha imkoniyat sifatida yer ajratilib, ixcham issiqxonalar qurib berilgani 1-martdagi maqolada aytilgan, ammo uning egalari issiqxonadan unumli foydalanmayotgani tanqid qilingandi. Yo‘lingiz tushib, o‘sha tomonlarga bir nazar solsangiz, hamon hech narsa o‘zgarmaganiga guvoh bo‘lasiz.

"MASHINALARNI SHU YERGA QAMASHARKAN-DA?!"

Shu sondagi yana bir maqolada aholi "JBI" deb ataydigan, eski temir-beton zavodining shundoq biqinida tashkil qilingan jarima maydonchasi qonun talablariga javob bermasligi misollar asosida yoritib berilgandi. Qarangki, tegishli talablarga javob bermaydigan jarima maydonchalari soni ko‘paysa, ko‘payayaptiki, tartibga kirayotgani yo‘q.

"YERDAN FOYDALANISH MADANIYATI QACHON OSHADI?"

Qishloqlarimizda ko‘plab kishilar sotixlab yer maydoniga ega bo‘lgani holda uni qaqratib qo‘yganidan ko‘z yumib bo‘lmaydi. Vaholanki bir qarich yerdan millionlab daromad topayotganlar ham uzoqda emas, o‘zimizda. Ozgina joyga urug‘ sochib qo‘ysa, yashnab yotadi, ortgani bozorga chiqarilsa, cho‘ntakka pul kiradi.

Gazetaning o‘tgan yili 3-aprel sonida chiqqan maqolada shu haqda so‘z borgandi, mutasaddilar ham tomorqadan unumli foydalanish masalasiga boshida jiddiy kirishgandi, u ham o‘z holicha qolib ketdi.

"AVTOBUSDAN VOZ KECHAMIZMI? QARORDAN-CHI?!"

"Esingizdan chiqib ulgurmagandir, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-yanvardagi "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida o‘sha yil 17- yanvarida viloyat hokimining qarori qabul qilingan, qator vazifalar belgilangandi.

Unga ko‘ra, viloyatda 2017-2021-yillarda shaharlar va qishloqlarda avtotransport xizmatlarini yanada rivojlantirish dasturi tasdiqlanib, yo‘lovchilar tashiydigan yangi avtobus yo‘nalishlari tashkil etilishi, shu maqsadda yangi avtobus va mikroavtobuslar sotib olinishi, avtostansiyalar qurilishi va mavjudlari rekonstruksiya qilinishi kerak edi.

Shuningdek, 2018-yil 1-iyulgacha Qarshi shahrida yo‘lovchilar tashish transportida yo‘l kira uchun naqd pulsiz haq to‘lash tizimi joriy qilinishi, to‘xtash bekatlari namunaviy loyihalar bo‘yicha joylashtirilishi, avtobus va mikroavtobuslar ishini masofadan onlayn rejimida (GPS) doimiy kuzatish yo‘lga qo‘yilishi ko‘zda tutilgandi".

10-aprel sonida chop etilgan maqolada hamma gap o‘tgan zamon fe’lida yakunlangan edi. Hammaga ayonki, qatnovga avtobuslar faol kirib kelmadi, bunga mutasaddi - Qarshi shahar hokimligi, Markaziy bank va viloyat moliya boshqarmalari, Avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasidagilar esa faqat tomoshabinlik qilishayapti, chamasi.

"ODINA MASJIDI QISMATI "QULF"MI?"

17-aprelda nashr yuzini ko‘rgan ushbu maqolaga aslida munosabat bildirish shart emasdi. Tarixiy yodgorlik qulflarini ochib, undan unumli foydalanish kifoya edi. Afsuski...

"BOG‘CHA YOKI MAKTABGA BORADIGAN BOLALARNI GEPATIT "A"GA QARSHI EMLASH MAJBURIYMI?

Vaksina narxi nega qimmat?"

Gepatit A ga qarshi emlatish ixtiyoriy, majburiy emas. Ammo viloyat maktab va bog‘chalarida vaksinatsiya majburiy ekanligi bo‘yicha shartlar o‘ylab topilmoqda. Vaksina narxini belgilovchi subyekt esa deyarli monopol shaklda faoliyat ko‘rsatadi.

21-apreldagi maqolada shu haqda gap borgan, biroq tibbiyot tizimi mutasaddilari unga lom-mim deyishmadi. Balki qat’iy nazorat yo‘qligi uchun ham sariq kasaliga qarshi emlanganlik darajasi viloyatda juda pastligicha qolayotgandir?! Yanayam kim biladi?

"DEPUTATLAR MULOQOTI XO‘JAKO‘RSINGA EDIMI?"

24-maydagi maqolada 2017-yil fevral oyidan e’tiboran Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari va senatorlarning viloyatimizga 10-12 kunlik tashriflari boshlanarkan, dilda katta umidlar tug‘ilgani, aslida bunga asoslar yetarli, chunki ular qo‘lida jam bo‘lgan vakolat har qanday muammoni hal qilishga, kamchilikni o‘nglashga qodirligi, bundan tashqari, davlat rahbari tashabbusi bilan boshlangan bunday muloqot xalq va uning vakillari o‘rtasida uzoq yillar uzilib qolgan ko‘prikni qayta tiklashi ko‘zlangani aytilgandi.

Ammo amalda bu masalaga ham shunchaki, qo‘l uchida qaraldi. Poytaxtdan deputatlarning istab-istamay, o‘rgangisi kelib-kelmay, natijasini surishtirgisi yo‘qday kelishlari ko‘paydi.

Viloyatning o‘zida yuzlab deputatlar bo‘lgani holda biror xalq vakili maqolaga munosabat tarzida "Hali bizning ishimizni amalda ko‘rasiz", qabilida fikr bildirmadi.

"YO‘L USTIDA KO‘NDALANG, ODAM TO‘LDIRAR, QARANG"

12-iyul sonida chop etilgan maqolada Qarshi shahar ko‘chalarida qatnovga xalaqit berayotgan, tumanlarga qatnaydigan avtobus va yo‘nalishli taksilar egalari hosil qilgan sun’iy "avtostansiya" va "stoyanka"lar muammosi xususida so‘z yuritilgandi.  Afsuski, 6 oydan beri na O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasi, na Qarshi shahar hokimligi mutasaddilari bunga munosabat bildirdi. Vaziyat esa hamon o‘sha-o‘sha. Masalaning yechimi ham muammoning o‘ziga o‘xshaydi, ya’ni noqonuniy to‘xtagan ulovlarday to‘xtab turibdi...

"MARDIKORNI TOPTAMANG!"

19-iyul sonida chop etilgan maqolada Qarshi shahri Jayhun ko‘chasida joylashgan, Qarshi choyxonasi oldidagi "mardikor bozori" ishchilarining muammolari qalamga olingan. Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi tuzilmasida filial shaklida tashkil qilingan vaqtinchalik bir martalik ish bilan ta’minlash byurosi o‘z ishini ko‘ngildagiday tashkil qilganida bu bozordagilarning ham yelkasiga oftob tegarmidi?! Byuro esa hamon hech qanday faoliyat bilan shug‘ullanayotgani yo‘q. Maqolada qayd qilingani kabi: "Undoq-bundoq" degan gaplar faqat gap xolos, amalda hech narsa yo‘q. Hatto maqolaga munosabat bitilgan ikki enlik javob xati ham...

"SAYR QILISH HAM PULLIMI"

"Qarshi shahridagi "Delfin" kompleksiga kirish joyida... turib-turib...  sayr qilishning pulli ekani xususida e’lon paydo bo‘libdi". Gazetaning 24-iyul sonida berilgan luqmada shunday jumlalar bor edi. Muallif buning o‘rniga istirohat bog‘ining ishini takomillashtirish, uni zamon talabiga mos holga keltirish, xizmat turlarini kengaytirish, shunga yarasha haq so‘rashi kerak, degan taklifni o‘rtaga tashlagandi. Eskirgan attraksionlar, ajriq bosgan maydonlar, tozalanmaganidan qo‘lansa hid anqiydigan ko‘lmaklar hozirgacha ham o‘z holicha turibdi. Mutasaddilar hali-hamon jim...

"TUSMOLIY TIMSOLLAR

yoxud "Motamsaro ona" haykali nega har joyda har xil?"

"...Toshkent shahri va viloyat markazlaridagi "Motamsaro ona" haykallari haykaltarosh Ilhom Jabborov ishlagan ko‘rinishdayu, tumanlardagi haykallar bir-biridan tubdan farq qiladi. Ayrimlari esa no‘noq haykaltaroshning havaskorlik ishiday tasavvur uyg‘otadi".

26-iyul sonida e’lon qilingan maqolada muallif shu mavzuni ko‘targandi. Maqola bilan birga hududlardagi haykallar suratlari ham berilgan edi. Aftidan tumanlardagi mutasaddilar shuyam muammo bo‘ldiyu, qabilida qo‘l siltab qo‘ya qolishgan shekilli, biron o‘zgarish sezilmadi.

To‘rt oy ham o‘tar. Yana Xotira va qadrlash kuni keladi. Ammo...

"KREDITGA OLINGAN TOVUQLAR QANI?"

Shunday sarlavhali maqola gazetamizda 11-avgustda chop etilgan edi. Maqolada bank ko‘magida Qarshi tumanida aholiga kreditga berilgan tovuqlarning ko‘pchilik qismi nobud bo‘layotgani sabablari tahlil qilingandi.

Muallif pirovardida shunday qayd etadi: "Bir donishmand "Qarmoq berish emas, avval baliq tutishni o‘rgatish kerak", deb aytgan ekan. YA’ni bir ishga kirishishdan avval kishida ko‘nikma, uquv shakllanishi darkor. Shunda mahsuldorlikni ta’minlash mumkin. Tovuq tarqatishda ham shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilgani ko‘rinib qoldi, nazarimizda... Mas’ullar hisobot uchun emas, natija uchun, astoydil, chin yurakdan ishlashi kerak edi".

"Hisobot"chi mas’ullardan esa biron sado chiqmadi...

"BOSMA NASHRLARGA HOJAT QOLMADIMI?"

14-avgustda chop etilgan shu salavhali maqolada yana tuman nashrlari muammolari qalamga olingan. Muammo hamon o‘sha-o‘sha - muassislar tuman nashrlarini o‘z holiga tashlab qo‘ygan, moddiy texnika bazasi nochor, obuna o‘ziga yarasha, shunga yarasha nashr saviyasi ham...

Maqolada xususan, "Mirishkor mash’ali", "Naxshab", "Muborak hayoti", "Kitob tongi" gazetalari tahririyatlaridagi hamkasblarimizni qiynayotgan yuqoridagi kabi muammolar tahlil etilgan. Biroq muassislar bunga munosabat bildirishni lozim topishmadi.

"UY "SNOS"GA TUSHDI.

biroq u na buzildi, na fuqaroga kompensatsiya to‘landi?"

18-avgustda shu sarlavha ostida tanqidiy maqola berilgan edi. Unda qayd etilganidek, Qarshi shahridagi Darvozatutak mahallasining Islom Karimov (sobiq O‘zbekiston) ko‘chasiga tutash qismidagi ko‘pgina uylar ham hudud obodligi yo‘lida buzib tashlanishi kerak edi. Ayni paytgacha bu vazifa aytarli uddalandiyu, biroq Avangard ko‘chasidagi 5 ta uyga negadir  navbat hech tegmadi. Sababi, ularni buzadigan ham, egalariga pulini to‘lab beradigan ham, boshqa joyda imorat tiklash uchun yer ajratadigan mard ham topilmagan.

Shahar hokimligi mutasaddilarining ushbu masalaga munosabati esa mashhur hind filmidagi mashhur iborani yodga soladi: "Hechqisi yo‘q, katta shaharlarda ham kichik muammolar bo‘lib turadi..."

"VATAN "YURAKCHA" EMAS, YURAK BILAN SEVILADI"

25-avgust sonida mazkur sarlavha ostida berilgan maqola va mavzuga doir "Tahririyat munosabati" ruknida berilgan materialda Qarshi shahri ko‘chalarini bezayotgan "I love Qarshi" bitikli, "yurakcha" ramzli ulkan lavhalar tanqid ostiga olingandi.

Mavzuga ijtimoiy tarmoqlardagi bir qator foydalanuvchilar qatorida poytaxtlik jurnalistlar O‘ktam Mirzayor, Olimjon O‘sarov, olim Azamat Ziyo singari taniqli shaxslar ham o‘z munosabatlarini bildirishib, lavhadagi "yurakcha" tasviri butunlay boshqa ma’noni anglatishini ochiq-oydin tushuntirib berishgan bo‘lishsa-da, faqatgina viloyat musiqali drama teatri yonidagina bu qo‘pol xatoga barham berildi, xolos. Shaharning boshqa joylarida (shuningdek Shahrisabzda ham) esa bu kabi lavhalar hamon "qo‘r to‘kib" turibdi...

"BOZORDAGI TAROZILAR TO‘G‘RI ISHLAYDIMI? BUNI KIM NAZORAT QILADI?"

"50 dan oshiq bozorda tadbirkorlar tarozi vositasida amalga oshiriladigan savdo-sotiq bilan shug‘ullangani holda, bor-yo‘g‘i 22 ta bozordagi tarozilar qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgan. O‘ttizdan ortiq bozorda esa na biror dona belgilangan tartibda qiyoslov ko‘rigidan o‘tkazilgan tarozi, na nazorat tarozisi mavjud...

O‘ylab ko‘ring, sotuvchi narxi 10 ming so‘m bo‘lgan bir kilogramm yong‘oqdan 200 gramm urib qolmoqda. Bu ikki ming so‘m degani. U bir kunda 100 kilogramm mahsulotni shu taxlit sotsa, xaridor cho‘ntagidan 200 ming so‘m pul o‘g‘irlagan bo‘ladi. O‘n kunda esa 2 million. Agar bozorda shunday sotuvchidan 100 ta bo‘lsa-chi? Ular bir yil davomida odamlarning cho‘ntagidan qancha pul o‘g‘irlashadi?"

18 sentabr sonida e’lon qilingan maqolada mana shular xususida aniq dalillar asosida so‘z yuritilgandi. Hali-hamon tarozining muammo pallasi bosib turgani holda mutasaddilar jim...

"Qarshi tumani:

KIMNING KO‘ZIGA CHO‘P SUQAYAPSIZ?"

Gazetaning 25-sentabr sonida chop etilgan ushbu tanqidiy maqola keyinroq boshqa bir qator nufuzli saytlarda ham e’lon qilindi. Boisi unda o‘ta muhim masala - "Tashabbus-2018" ko‘rik-tanlovining Qarshi tumani bosqichidagi ko‘zbo‘yamachiliklar fosh etilgan edi.

Xo‘jako‘rsinga tashkil etilgan bu tadbirdagi bir qator kamchiliklar maqolada teran tahlil etilgan. Biroq uning aybdorlariga qanday chora ko‘rildi? Afsuski, bu - hamon bizga qorong‘u.

"TADBIRKOR TANLOVDA YUTIB OLGAN YER UCHUN HOKIM NEGA QAROR BERMADI?"

27-sentabrda muxbirimiz mana shu sarlavha ostida bir ishbilarmonning muammosiga yechim topishga urindi.

Qayd etilishicha, Shahrisabz shahri Bunyodkor mahallasida yashovchi fuqaro Murod Rahmonov chiqindixona o‘rnida tamaddixona va attraksionlari bo‘lgan mo‘jazgina bolalar maydonchasi bunyod etishni ko‘zlab ish boshlagan. Boshida uni mahalla raisi, hokimlikdagilar qo‘llab-quvvvatlagan. Tadbirkor shoshqaloqlik bilan yerning egalik hujjatisiz anchagina mablag‘ini shu ishni boshlashga sarflab ham qo‘ygan. Murod Rahmonov bir muddatdan so‘ng bu boradagi tegishli tanlovda g‘olib bo‘ladi. Ammo hokim yerga egalik to‘g‘risida qaror berishni paysalga soladi...

Afsus... Shoshqaloq ishbilarmonning muammosi haligacha yechimini topmadi.

"KO‘MIR: "XO‘JA ALI" - "ALI XO‘JA"

Yoxud yetkazuvchi o‘zgardiyu, ish uslubi eskiligicha qoldi.  Orada mahsulot narxi keskin oshdi”

O‘tgan yilda ko‘mir tasarrufi "O‘zbekko‘mir"dan "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJga o‘tkazildi. Narx esa keskin osmonga sapchidi.

23-oktabr sonida e’lon qilingan tanqidiy maqolada mana shu vaziyat tahlil qilingan edi. Mavsum yarim bo‘layapti. Natijadan ham, munosabatdan ham ko‘ngil ilimayapti.

"QARSHI XALQARO AEROPORTI YOPILADIMI?"

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 6-fevraldagi "Kirish turizmini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida Qarshi xalqaro aeroportini "O‘zbekiston havo yo‘llari" Milliy aviakompaniyasi tarkibidan chiqarib, xalqaro aeroportlarni boshqarish bo‘yicha maxsus komissiya boshqaruviga berish, aeroport hududida "ochiq osmon" rejimini, shu jumladan, loukoster aviakompaniyalarini jalb qilgan holda joriy qilish ko‘zda tutilgan, o‘z navbatida mazkur konsepsiya xorij tajribasini o‘rganish asosida 2018-yil 1- iyulga qadar ishlab chiqilishi belgilangan edi. Biroq aeroportda hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi.

Muxbirimiz 10-noyabrda e’lon qilingan maqolasida shu mavzuda so‘z yuritgandi. Afsuski, yil yakunlandi hamki, bu borada "ketmonimiz uchmayapti"...

"10 BOSH NASLLI MOL UCHUN QANCHA YER AJRATILADI?

yoxud tadbirkorning talabi o‘rinlimi yo mutasaddilarning hisob-kitobi?"

Kasbi tumanidagi "Denov nasl chorva" MCHJ  ta’sischisi tumanda naslchilikni rivojlantirish borasida yirik loyihaga qo‘l urgan. Bankdan kredit olib, xorijdan zotdor qoramollar keltirgan. Ammo tuman hokimligi tomonidan unga chorva oziqasi yetishtirish uchun yetarli miqdorda yer ajratilmagan.

Gazetaning 13-noyabr sonida e’lon qilingan maqolada mana shu muammo ko‘tarilgan edi. Tuman hokimligidagilar munosabat bildirishni lozim topishmagan bo‘lishsa-da, mulkdorning o‘zi  keyinchalik tahririyatga muammo qisman hal etilganini ma’lum qildi.

"GAPIRISHGA TILIM BOR, LEKIN HAQQIM YO‘Q..."

Yoxud "Baxtli oila" to‘yxonasidagi kabi ommaviy zaharlanish boshqa ovqatlanish nuqtalarida ham sodir bo‘lmasligi uchun qanday choralar belgilandi?"

Gazetaning 15-noyabr sonida yuqoridagi sarlavha ostida chop etilgan maqoladan bir iqtibos keltirsak: "Agar sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari ko‘ngildagiday ishlaganda, o‘z vazifasiga sidqidildan yondashganida, muntazam o‘rganishlar olib borganida bu kabi salbiy holatlar yuz bermasdi ehtimol. Vaholanki, sanitariya-epidemiologiya nazorat markazi xodimlari an’anaviy "pojarniy metod" asosida "ishlash"da davom etmoqdaki, qachon favqulodda bir holat yuz beradi - shundan keyingina yeng shimarib ishga kirishishayapti. Ungacha esa : "Bag‘dodda hammayoq tinch…"

Bu maqolaga ham na shahar hokimligidagilar, na viloyat, na shahar DSENMdagilar javob berishdi. Go‘yo hali-hamon "hammayoq tinch…"

"-10 MING SO‘M. +40 MING SO‘M" FORMULASI QANDAY ISHLAYDI?

Yoxud o‘zicha narx belgilovchi kirakashlar hamda bunga indamay, jim qarovchi mas’ullar xususida"

"Gaz narxi oshdi" deb  yo‘nalishli taksidagi "Damas" haydovchilari he yo‘q, be yo‘q, yo‘lkira narxini "ko‘nsang - shu" qabilida 2000 so‘m qilib olishdi. Va bundan 10 ming so‘m yutqazganlari holda 40 ming so‘m foyda qilishayapti. Bu holat yo‘lovchilarni anchagina "terlatgan" bo‘lsa-da, mas’ullarning parvoyiga ham kelmadi.

22-noyabrda e’lon qilingan maqolada mana shu vaziyat tahlil qilindi. Va shu maqoladan so‘ng tegishli chora-tadbirlar belgilanib, shahar ichida yo‘lkira narxi avvalgi holiga qaytdi. Mutasaddilar bu borada tahririyatga tegishli tartibda javob xatlari yo‘llashdi. Biroq shahar atrofida hech qanday o‘zgarish yo‘q. Qaysar haydovchilarning tanobini tortadigan tashkilot topilmayapti…

"QISHDA KISHMISH PISHMASMISH…"

22-noyabr sonida e’lon qilingan yana bir tanqidiy-tahliliy maqolada viloyatdagi bir qator umumta’lim maktablarida qishga tayyorgarlik masalasida bir qator kamchiliklarga yo‘l qo‘yilganligi qayd etilgan edi.

Viloyat xalq ta’limi boshqarmasidagi mutasaddilar munosabat bildirish masalasida ham "kishmish pishishi"ni kutishayotgandir?!

"Xonaki topishmoq:

FJSHMQMI NIMA?"

24-noyabrda e’lon qilingan maqolada Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti hududiy bo‘linmasi faoliyatining "ptichka"yu "xo‘jako‘rsin"ga tashkil etilgani tanqid ostiga olingan va uning faoliyatini yaxshilashga doir aniq amaliy takliflar o‘rtaga tashlangan edi.

Bo‘linmadagilar hamon hisobot uchun o‘tkaziladigan yaltiroq shiorli davra suhbatlariyu, sotsiologik so‘rovlari bilan band shekilli, javob yo‘llashga vaqt topa olishmayapti. Qiziq, gazetada o‘zlarining manziliga aytilgan nordongina fikrlargaki "reaksiya" yo‘q ekan, ular aholi fikrini qanday o‘rganishardi?!

"QAT’IY NARXI 87 MING 500 SO‘M BO‘LGAN 1 QOP UNGA 40 MING SO‘MNI KIM "MINDIRAYAPTI"?"

"Unning narxi asossiz ko‘tarilganiga … nazorat yo‘qligi asosiy sabab. Bu sababning oqibatini aslida bir yarim ming so‘mlik non 2 ming so‘m bo‘lib dasturxonimizga kirayotganida his qilayapmiz. Ammo tokaygacha bu xo‘jasizlikka jim qarab turib bo‘ladi?"

Gazetaning 13-dekabrda e’lon qilingan maqoladagi bu singari jumlalar kimlarnidir sergaklantirishi shart edi. Biroq yil yangilandi hamki, mas’ullar "jim qarab turish"dan nariga o‘tishgani yo‘q.

"KELDI, KO‘R(MA)DI, HAQ OLIB KETDI…

Yong‘inga qarshi kurash jamiyati ish uslubi faqat shunga asoslanganmi?"

"Yaqinda biznikiga ham "pojarniy"dan kelishgandi, - deydi Qarshi shahrilik Furqat Baratov. - Egnida na formasi, qo‘lida biror uskunasi bor. Ko‘rik o‘tkazamiz, majburiy, deyishdi. Qilgan ishi bu narsani kotyol yonidan oling, unga qarang, buni to‘g‘rilang, deyish bo‘ldi. Qo‘liga qora yuqtirmadi. To‘lovini to‘ladik. Keyin ko‘rsak, kvitansiyada Yong‘inga qarshi kurash jamiyati viloyat bo‘limi, degan muhr boru, raqamlanmagan ekan…"

20-dekabrda e’lon qilingan maqolada mana shu kabi mashmashalar tahlil etilgan. To‘lov olib, ish qilmaslikka odatlangan mazkur jamiyatdagilar matbuotdagi tanqidga ham asosli munosabat bildirmadi.

"FAQAT QOG‘OZ TO‘LDIRAR QURUQ RAQAMLAR KIMGA KERAK?

Yoxud nega bizda statistika shaffof yuritilmaydi?"

22-dekabr sonida mazkur sarlavha ostida e’lon qilingan maqolada viloyat statistika boshqarmasi faoliyatidagi nuqsonlar xususida so‘z yuritilgan.

"Shu aniqki, - deb yozadi muallif maqola xulosasida, - boshqarma ma’lumotlari tadbirkor uchun yo‘riqnoma bo‘lib xizmat qilmayapti. Tashkilot ishi faqat ma’lumotlarni umumlashtirish bo‘lib qolayapti. Quruq raqamlar esa hech kimga naf keltirmaydi, shunchaki qog‘oz to‘ldirishga yaraydi, xolos".

Afsuski, boshqarma mutasaddilari javob borasida "qog‘oz to‘ldirish"ga ham hafsala qilishmadi…

"YANGI YIL "CHEGIRMASI", "AJOYIB" NARX: YARMARKADA 14 MING, KO‘CHADA 7 MING?!"

Gazetaning 27-dekabr sonida mana shu sarlavha ostida maqola chop etildi.

Muallif asoslangan tarzda qayd etganidek: "…nomiga yarmarka deb atalgan, amalda nazorat yo‘q, mas’ullari "erta-indin joyiga tushadi", deydigan va hech joyiga tushmaydigan, narxlari hatto ko‘chadagidan qimmat yarmarka sotuvchilar uchun yaxshi" xolos…

Bu yilgi bayram ham o‘tdi. Biroq keyingi bayramda ham bu kamchiliklar takrorlanmasligiga kim kafolat bera oladi?

***

Yuqoridagilar o‘tgan yil davomida gazetamiz sahifalarida e’lon qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalarning ayrimlari, xolos. Shubhasiz, xolis va asosli tanqid qaysi sohada bo‘lmasin, faoliyat rivojiga xizmat qiladi. Qaniydi, buni ishlarini tartibga solib, tanqidga munosabat bildirishni o‘zlariga ep ko‘rmayotgan mutasaddilar ham anglab yetishsa…

Bekzod SAYFIYEV va Nuriddin EGAMOV tayyorlashdi.