Ma'naviyat 12.04.2019 130

"TAKALLUFDIN YIROQ VA RIYODIN BEGONA..."

Amir Temur tavalludining 683 yilligiga

Sharafiddin Ali Yazdiy va Fasix Xavofiyning ma’lumotlariga ko‘ra, Amir Temur hijriy 736-yil 25-sha’boni (1336 yil 9 aprel)da tavallud topgan. Ibn Arabshox uning tug‘ilgan yeri Kesh (hozirgi Shahrisabz) yaqinidagi Xo‘jailg‘or qishlog‘i ekanligini yozgan. Ispaniyalik elchi Rui Gonsales de Klavixo kundaliklarida, Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma" asarida ham Temurbek Kesh-Shahrisabz atrofidagi qishloqda tavallud topgani aytiladi.

XIX asr oxirlarida Shahrisabzga kelgan rus sayohatchisi va sharqshunos olimi Aleksandr Kun Shahrisabz bekligiga qarashli Tarag‘ay qishlog‘ida Temurning otasi Bahodir Tarag‘ay tug‘ilgan, deb yozgan. Vasiliy Bartold esa "Brokgauza-Efron" ensiklopedik asarida Temur 1336-yil 11-martda Kesh yoki uning atrofida tug‘ilganini qayd etadi.

Sohibqiron tug‘ilgan sana va joy, ota-onasi haqidagi ma’lumotlar, shuningdek, Yakubovskiy,  Mixail Masson, Galina Pugachenkova, Ibrohim Mo‘minov, Edvard Rtveladze, Lyangle kabi olimlar tadqiqotlarida uchraydi va ularning barchasi Amir Temurning tug‘ilgan joyi masalasida ibn Arabshohning ma’lumotlariga asoslanadilar.

Ma’lumki, Amir Temurning otasi Amir Tarag‘ay barlos urug‘ining harbiy boshliqlari - beklaridan bo‘lgan. Uning ajdodlari Chig‘atoy va Chingiziylar saroyi amaldorlari edi. Barloslar Kesh atrofida o‘z mulklariga ega bo‘lganlar va unga hokimlik qilganlar.

Amir Temur otasi Muhammad   Tarag‘aybek hamda bobosi Amir Barg‘ul taqvoli musulmonlardan bo‘lib, ko‘p vaqtini o‘z davrining ko‘zga ko‘ringan piru ulamolari bilan o‘tkazgan. Sharafiddin Ali Yazdiy bu haqda shunday yozadi: "Tarag‘aybek ulamo va sulaho va muttakilarga mushfiq va mehribon erdi. Bularning majlisida borur erdi, lojurma bu jihatdinkim, hazrat haqning sevur bandalarini sevur erdi".

Tarag‘aybek piri, tasavvuf shayxi Shamsiddin Kulolga ayniqsa chuqur ehtirom ko‘rsatgan. Keyinchalik shayx Amir Temurning ham piri bo‘ladi.

Sohibqironning onasi Takina xotun Buxoroning ko‘zga ko‘ringan ziyolilari xonadoniga mansub bo‘lgan. Temurbek yetti yoshga to‘lganida uni madrasaga o‘qishga berishgan. Ko‘kaldosh opasi Qutlug‘ Turkon oqa undan besh yosh ulug‘ edi. Onasi vafotidan keyin u Temurbekka ham opalik, ham onalik mehrini beradi.

Yozma manbalarda Amir Temur Samarqandda, opasi Qutlug‘ Turkon oqa uyida 48 kun yashagani va hayotining qiyin va tahlikali damlarida suyanchiq, zukko maslahatchi sifatida ko‘rgani e’tirof etiladi. Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma"sida Qutlug‘ Turkon oqa: "Agar mundoq beparvolik qilsang, olam bir-bir bo‘lub buzulgay. Xudoyning xatosiga hech chora yo‘q turur. G‘am yemak foyda qilmas. Agar mundoq bo‘lsang, ra’iyat va mamolik parishon bo‘lub, xudoyning bandalari bexonumon bo‘lgay" deydi. Opasining xayrixohlik bilan aytgan bu so‘zlari Amir Temurni hushyor torttirib, mamlakat ishlarini adolat mezoni birla boshqarishga undaydi. Shuningdek, bu zoti oliya "Zafarnoma"da bunyodkor, tadbirkor ayol sifatida ham tilga olinadi.

Shirinbeka Sohibqironning yakkayu yagona singlisi edi. Shohi Zinda me’moriy majmuasida Amir Temur avlodlari, xususan, uning opasi Qutlug‘ Turkon oqa hamda singlisi Shirinbeka oqa maqbaralari mavjud.

Temurbek kamonbozlik, chavandozlik, qilichbozlik va kurash san’atlarini mohirlik bilan egallaydi. U ovga shu qadar ishqiboz bo‘ladiki, kechayu kunduzlarni shikorda o‘tkazishi mumkin edi.

Shubhasiz, Amir Temur o‘spirinlik va yoshlik yillaridagi mashg‘ulotlarni otasiga xizmat qilgan maxsus murabbiylar yordamida o‘rgangan. Biroq ularning nomi manbalarda qayd qilinmagan.

Bilamizki, o‘rta asrlarda musulmon mamlakatlarida podsho va amirlar saroyida otabek mansabi bo‘lib, uning vazifasi hukmdorlar o‘g‘lini ba’zi ilmlarga o‘rgatish bilan bir qatorda, harbiy va jismoniy tarbiyasi bilan yaxshi shug‘ullanib, badani va ruhini chiniqtirishdan iborat bo‘lgan.

Amir Temurning ruhiy-ma’naviy murabbiylari, pirlarining nomlari tarixda ma’lum. Sohibqiron din peshvolari va musulmon ruhoniylari bilan yaqin bo‘lib, ularga har tomonlama hurmat-ehtirom ko‘rsatgan, o‘z saroyida piri murshidlar, ulug‘ zotlarni saqlagan va  shariat qonun-qoidalariga qat’iy rioya etgan.

Shayx Shamsiddin Kulol Shahrisabzda eng hurmatli avliyo sanalgan. Ibn Arabshoh shunday hikoya qiladi: "Temur shayx (Shamsiddin Kulol al-Foxuriy)ning huzuriga kirganida, u o‘zining muridu muxlislari bilan chuqur o‘yga tolgan holda Allohning zikri bilan band edi. Ular zikr-samolaridan to‘xtab, o‘zlariga kelgunlaricha, Amir Temur tik turaverdi. Shayxning nazari unga tushishi bilan Temur shayxning qo‘llarini o‘pishga shoshildi. Shunda shayx o‘z jamoasiga: "Ey, jamoat! Siz uning haqqiga duo kilib, istagan murodiga yetishi uchun unga madad beringiz", dedi. Shayxning ushbu duosini Amir Temur o‘z muvaffaqiyatlarining eng birinchi sababi deb hisobladi".

Amir Temur pirlaridan yana biri Sayyid Baraka edi. Sayyid Baraka asli Makka ahlidan bo‘lib, 1370-yilda Balx qal’asi egallanishidan oldin Amir Temur huzuriga kelib, unga davlat ramzlari - nog‘ora va bayroq bergan hamda uning kelajagi porloq bo‘lishini bashorat qilgan.

Avliyo darvesh Zayniddin Abu Bakr Tayobodiy Amir Temurning uchinchi piri sanaladi.

Tarixiy manbalarda aytilishicha, Keshda Payg‘ambar hadislarini to‘plab, sharhlovchi muhaddislar ko‘p bo‘lgan. Hazrati Imom sifati bilan tanilgan Ibn Nasr al-Keshiy (vafoti 865-yil) Keshning janubi-sharqiy sarhadida dafn etilgan. Amir Temur tomonidan bunyod ettirilgan ulug‘vor imorat ayni paytda Hazrati Imom nomi bilan ataladi. Xonaqoh, ikkita maqbara va hovli atrofidagi bir necha hujra me’moriy majmua tarkibiga kiradi. Imoratning old tomoni baland va keng peshtoqdan iborat bo‘lib, peshtoqning faqat shimoliy qismi kulohiy gumbazi va burchakdagi minorasi bilan saqlanib qolgan.

Amir Temur Movarounnahr hukmdori deb e’lon qilingandan so‘ng Shayx Shamsiddin Kulol ruhiga katta izzat-ikrom bilan Shahrisabzning janubiy sarhadidagi manzilda, ya’ni avliyo qabri ustida gumbazli maqbara tiklanadi va u yer muborak ziyoratgohga aylanadi.

Amir Temur 1374-yilda pirining qabri yoniga otasi Amir Tarag‘ayning qabrini ko‘chirtiradi. Masjidi jome bilan bog‘lanib tashkil topgan me’moriy majmua Dorut-tilovat, ya’ni marhumlar ruhiga tilovat qilinadigan maskan nomi bilan mashhur bo‘ldi.

Mazkur muqaddas manzil sharqida, shaharning ko‘hna Simxona darvozasi yonida boshqa bir ulkan me’moriy majmua - Dorus-siyodat, ya’ni Payg‘ambar avlodlari - sayyidlar uyi qad ko‘taradi.

Manbalarga ko‘ra, Amir Temurning fe’l-atvori bosiq bo‘lgan, jizzakilik unga xos bo‘lmagan. Bu maslakdoshlarini o‘ziga jalb qilgan. Ichkilikka mayli yo‘qligi bois fikr-mulohazalari teran va idrokli bo‘lgan, og‘ir vaziyatlarda to‘g‘ri yechimni osonlik bilan topgan. Shuning uchun bolalikdagi do‘stlari uning atrofida jam bo‘lishib, birgalikda mashq va musobaqalarda ishtirok etishardi. Keyinchalik ular harbiy guruh sifatida shakllana boradi. Sohibqironning bolalikdagi do‘stlari orasida Abbos Bahodir, Jahonshohbek, Kimori Inoq, Sulaymonshohbek, Idiku Temur, Sayfuddinbek, Hindushoh Qarqara va boshqalar bor edi. Keyinchalik ular Amir Temurning lashkarboshilari va safdoshlariga aylanadi.

Temurning xislat va fazilatlari haqida Yazdiy bunday tavsifni keltiradi: "Aning davlatmand zotikim, mazxari lutfi ilohiy erdi, shafqat va xayrdin o‘zga ish muborak ko‘ngliga kechmas erdi... Va dalili bu so‘zdakim, takallufdin yiroq va riyodin begona, hargiz nomashru’ ishg‘akim, gunoh turur, mayl qilmadi... Va podshohi komkor og‘zini jogir (ichkilik) sori eltmadi va toatu ibodat fikridin o‘zga ish fikrida kechmadi. Va muttasil ishi Qur’on o‘qumoq va faqiru miskinning g‘amini yemak erdi".

Amir Temurning yoshlik paytidagi og‘ir sinovlar XIV asrning 50-yillari oxirgi choragida Movarounnahr bosh amiri va xotinining bobosi Amir Qazag‘an o‘limidan   keyin boshlandi. Bu paytga kelib Movarounnahrda tarqoqlik, amirlarning o‘zaro kurashi yanada kuchaygan edi. Bu kurashlar yuksak xislatlar sohibi bo‘lgan sarkardani pirovardida Movarounnahrning yagona hukmdoriga aylantiradi...

Nabi XUSHVAQTOV,

Amir Temur nomli moddiy madaniyat tarixi muzeyi direktori, tarix fanlari nomzodi