Iqtisodiyot 16.08.2019 39

TALABA TADBIRKORLIKNI HAM EPLAMOQDA

Kichik biznes

Xalqimizda "Tirishgan tog‘dan oshar", "Izlagan imkon topar" kabi maqollar mavjud. Ota-bobolarimizning hayotda ko‘rgan-kechirganlari, uzoq yillar davomida to‘plagan boy tajribalari mahsuli bo‘lgan ushbu maqollar mazmunidan biror-bir maqsad sari qat’iy intilgan kishi albatta o‘z niyatiga yetishi anglanadi.

Buning bugungi hayotimizdagi in’ikosini ham ko‘p kuzatamiz. Turli qiyinchiliklaru mashaqqatlarga qaramay, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadi sari dadil odimlagan va yuqori natijalarni qo‘lga kiritayotgan kishilar oramizda ham ko‘p.

Kasbilik Qahramon Abdurahmonov 25 yoshda. U har doim oldiga yuqori maqsad qo‘yadi va bor kuch-shijoati bilan ana shu istak yo‘lida odimlayveradi.

U yoshligidan yaxshi o‘qishga, bilim olishga harakat qilar, shu bilan birgalikda, texnikaga, ayniqsa, elektr jihozlarini ta’mirlashga qiziqishi baland edi. Ana shu omil uni turli elektr buyumlarining ishlash tartibini bilishga, ularni ta’mirlashni hunar sifatida mukammal egallashga undadi.  Harakatlari samara berib, bir necha yil ichida bu ishning barcha sir-asrorlarini o‘zlashtirib oldi. Shu bilan birgalikda, oliy ma’lumot olish, nazariy bilim va tajribaga ega bo‘lish ham uning asosiy maqsadlaridan biri edi.

Qahramon ikki yil muqaddam shu maqsadi yo‘lida ham katta qadam tashladi, ya’ni Qarshi muhandislik-iqtisodiyot institutiga o‘qishga qabul qilindi. Hozir bu dargohda o‘zi tanlagan sohaning barcha sir-asrorlarini o‘rganmoqda. Shu bilan bir qatorda, allaqachon qiziqishi doirasida tadbirkorlik faoliyatini boshlashga ham ulgurgan.

- Ancha yildan buyon mustaqil ravishda turli buyumlar, jumladan, elektr dvigatellarni ta’mirlash bilan shug‘ullanib kelaman, - deydi u. - Ammo zarur uskunalarim bo‘lmagani bois, bu faoliyatni professional tarzda yo‘lga qo‘ya olmay kelayotgan edim. O‘tgan yili Prezidentimiz tashabbusi bilan "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasining tashkil etilishi bu rejamni amalga oshirishda qo‘l keldi. O‘z biznes-rejam bilan "Yoshlar - kelajagimiz" jamg‘armasining tuman bo‘limiga murojaat etdim. Loyiham ma’qullanib, faoliyatni boshlashim uchun zarur bo‘lgan 300 million so‘m imtiyozli kredit mablag‘i ajratib berildi.

Yosh tadbirkor ushbu mablag‘ga kichik va katta quvvatli elektr dvigatellarni ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan texnologiyalarni xarid qilib, biznes faoliyatini boshladi. Qo‘shimchasiga 6 nafar mutaxassisni ishga jalb etgan.

Ayni paytda Qahramon Abdurahmonov rahbarlik qilayotgan xususiy korxonaning viloyatimizdagi bir qator yirik ishlab chiqarish korxonalari bilan u yerdagi foydalanilayotgan elektr dvigatellarning bir maromda ishlashini ko‘rikdan o‘tkazish, nosozlarini ta’mirlash bo‘yicha shartnomalari mavjud. Daromad ham shunga yarasha.

Yosh tadbirkor kelgusida biznes ishini yanada kengaytirish, o‘z korxonasini hududdagi elektr buyumlarni ta’mirlash xizmatini ko‘rsatuvchi eng yirik subyektlardan biriga aylantirishni maqsad qilgan.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan surat.