Tibbiyot 24.05.2019 143

TAMAKISIZ SOG‘LOM HAYOT SARI

Brifing

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, har yili tamaki iste’moli natijasida 6 millionga yaqin kishi hayotdan ko‘z yumadi va agar unga qarshi kurashga kirishilmasa, bu ko‘rsatkich yiliga 8 milliondan oshadi.

Bu haqda Qarshi  shahridagi bolalar musiqa va san’at maktabida 31 may - Xalqaro kashandalikka qarshi kurashish kuni munosabati bilan "Tamakisiz sog‘lom hayot" shiori ostida tashkil etilgan brifingda aytib o‘tildi.

O‘zbekiston Respublikasi innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi viloyat bo‘linmasi va "Yuksalish" axborot-maslahat resurs markazi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda soha mutaxassislari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Ta’kidlandiki, bir quti sigaret chekadigan odam bir yilda o‘pkasi orqali 800 grammga yaqin  tamaki qatroni o‘tkazadi. Tamaki tutuni tarkibida 500 ga yaqin kimyoviy modda bor. Shundan taxminan 10 foizini nikotin tashkil etadi. Tamaki tutuni tarkibidagi 30 dan ortiq modda odam organizmiga halokatli ta’sir o‘tkazadi. Chekilgan har dona sigaret, bir chekim nos inson hayotining 15 daqiqasini ko‘kka sovuradi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, ko‘pchilik kashandalarning umri chekmaydigan kishilarnikidan 5-7 yil qisqa bo‘ladi.

- Har yili aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sport bilan muttasil shug‘ullanishni tashkil etish, sog‘lom muhitni yaratish maqsadida 10-maydan 10-iyungacha "Tamakisiz  sog‘lom hayot" targ‘ibot oyligi o‘tkazib boriladi, - deydi Innovatsion sog‘liqni saqlash milliy palatasi viloyat bo‘linmasi direktori Shoira Nabiyeva. - Tadbir doirasida hamkor tashkilotlar bilan birgalikda taqdimotlar, tarqatma materiallar, ko‘rgazmali vositalar tayyorlanib, ta’lim muassasalarida, mehnat jamoalari hamda mahallalarda chekishning zararli oqibatlari tushuntirilayapti.

Brifingda bolalar musiqa va san’at maktabi o‘quvchilari tomonidan mavzuga oid rasmlar ko‘rgazmasi tashkil etilib, g‘oliblarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

Shohista BOZOROVA