Jamiyat 25.06.2019 63

TANQID SAHIFANI BEZASH YOKI KIMNINGDIR NOMINI QORALASH UCHUN EMAS

Jurnalistning kasb vazifasi shunday: islohotlar natijalari, yangiliklar, ijobiy ishlar bilan bir qatorda jamiyatda uchrayotgan muammolarni qalamga oladi. E’lon qilgan tanqidiy maqolasini mas’ullar qanday qabul qilishi, ko‘tarilgan muammo yechimi - bo‘yog‘i endi uning qo‘lida emas, haq gapni aytgani uchun malomatga qolmasa bas. Binobarin, tanqidiy chiqishdan so‘ng unda ko‘tarilgan muammo yechimi qolib maqolani yozgan jurnalistni qidiradigan mas’ullar hamon uchrab turibdi.

Aslida, tanqidiy-tahliliy maqolalar yozish, odamlarni qiynab kelayotgan, jamiyat rivojiga to‘siq bo‘layotgan muammolarni, kamchiliklarni ko‘tarib chiqish, uni yuzaga keltirgan sabablarni, holatlarni ochib tashlash juda qiyin ish. Ammo yozgan materialingda xalqning dilidagi gapni aytmasang, ko‘pchilikning tinkasini quritgan, ildiz otib ketgan muammolarni olib chiqmasang, qonunbuzarliklarni fosh etmasang, bundan jamiyatga, oddiy odamlarga nima naf?! Jurnalistning mahorati ham, nashrning salohiyati ham ana shunday maqolalarni yozishda, uni e’lon qilishda, keng jamoatchilikka yetkazishda ko‘rinadi.

Yil boshidan buyon "Qashqadaryo"da ham ko‘plab ana shunday maqolalar chop etildi. Ular asosida ayrim muammolar o‘z yechimini topgan bo‘lsa, ko‘tarilgan chiqishlarga shunchaki qo‘l siltab qo‘ygan  "tepsa tebranmas" mas’ullar ham bor. Natijada qalamga olingan qator  muammolar ildiz otsa otayaptiki, bartaraf etilgan emas.

Quyida o‘tgan qariyb yarim yil davomida gazetada e’lon qilingan tanqidiy-tahliliy maqolalarga yana bir qur nazar tashlaymiz.

"VIRTUAL MAKONDA HOKIMGA JOY YO‘QMI?"

Gazetaning 29 yanvar sonida shu sarlavha bilan maqola e’lon qilingan edi. Unda muallif viloyatimiz shahar va tumanlari hokimliklarida axborotlar bilan ishlash darajasi o‘ta qoniqarsiz ekanligi, hatto ular ommaviy axborot vositalari yoki ijtimoiy tarmoqlar orqali tarqatilgan, bevosita o‘ziga tegishli bo‘lgan tanqidiy maqola va fikrlarga ham biror munosabat bildirmasligi, hamisha jim turishni afzal bilishi haqida kuyunib yozadi. Bu borada bir qator asosli dalillar keltiradi.

Shuningdek, shahar va tuman hokimliklarining rasmiy veb-saytlari ko‘ngildagidek ishlamayotgani, ulardagi ma’lumotlar yillar davomida yangilanmasligi, hatto ko‘piga kirish imkoniyati ham yo‘qligi tanqid qilingan edi. "Vaholanki "Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi to‘g‘risida"gi Qonunning 13-moddasiga muvofiq, axborotni yangilab borish davriyligi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan belgilanadi, lekin u haftasiga bir martadan kam bo‘lmasligi kerak", deya yozadi muallif.

Xo‘sh, oradan qariyb besh oy vaqt o‘tdi. Nima o‘zgardi?

Maqolada nomlari sanab o‘tilgan shahar va tumanlar hokimliklari odatiga sodiq holda bu gal ham na maqolaga munosabat bildirdi, na unda tilga olingan kamchiliklarga e’tibor qaratdi. Hali ham ayrim hokimliklar veb-saytlaridagi oxirgi yangilik 2015-yilda kiritilgan holida turibdi. Ayrimlarini ochmoqchi bo‘lsangiz "Ne udayetsya poluchit dostup k saytu" degan yozuvga duch kelib, hafsalangiz pir bo‘ladi. 

"BIR YER UCHASTKASI IKKI KISHIGA BERILGANMI?"

"Fuqaro Iroda Botirova 2017-yil boshida tadbirkorlik boshlash uchun Qarshi tumanining Chaman QFY Mustaqillik qishlog‘i hududidan auksion savdosi orqali yer sotib oldi. Qariyb ikki yillik yugur-yugurlardan so‘ng uni rasmiylashtirish bilan bog‘liq barcha hujjatlar hal etilib, endi qurilish boshlay deganda yerning boshqa egasi ham chiqib qoldi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2009-yilda tuman hokimligi xuddi shu yerni fuqaro Sardor Qodirovga ham dehqon xo‘jaligi tashkil etish uchun ajratib bergan ekan. Uning ham barcha hujjatlari qonuniy.

Tuman hokimligi mutasaddilarining yo‘l qo‘ygan bu qo‘pol xatosi uchun endi fuqarolar sarson-sargardon. Ya’ni, yer ajratish to‘g‘risidagi har ikkala qaror ham qonuniy, endi hokimlik o‘z qarorini o‘zi bekor qila olmas emish".

Gazetaning 1-fevral sonida chop etilgan "Bir yer uchastkasi ikki kishiga berilganmi? Agar shunday bo‘lsa hokimlik bundan qanday maqsad ko‘zlagan?" nomli maqolada mazkur holat qalamga olingan. Unda muammoning paydo bo‘lishi sabablari bayon etilib, mutaxassislarning, mas’ullarning izohi tinglangan. Hokimlikning muammoni o‘zidan soqit qilishga urinishi ortidan har ikki fuqaro  yillar davomida ovvorayu sarson ekanligi ta’kidlangan.

Muammoni keng jamoatchilik e’tiboriga havola etishdan maqsad unga mutasaddilarning e’tiborini qaratish, yechim topilishiga ko‘maklashish edi. Xo‘sh, oradan besh oyga yaqin vaqt o‘tdi, natija nima bo‘ldi?

Fuqaro Iroda Botirovaning ma’lum qilishicha, muammo ko‘tarilganidan so‘ng tuman hokimligi mas’ullari holatga e’tibor qaratib, unga boshqa yerdan joy berishibdi. Bundan ikki fuqaro ham rozi. Yaxshi, tuman hokimligi muammoni kech bo‘lsa-da hal etibdi. Ammo bu ishni shuncha gap-so‘zlargacha ham qilish mumkin edi.

"BOZORDA SOTILAYOTGAN OZIQ-OVQAT MAHSULOTLARI SIFATINI KIM TEKSHIRADI?"

Gazetaning 5-fevraldagi sonida xuddi shunday sarlavhali maqola chop etilgandi.

Unda bozorlardan sotib olib, iste’mol qilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifati, iste’molga yaroqli yoki yaroqsizligi qay tartibda va kim tomonidan tekshirilishi xususida so‘z yuritiladi.

Belgilangan tartibga ko‘ra, bu vazifa Davlat veterinariya qo‘mitasi tarkibiga kiruvchi Respublika hayvonlar kasalliklari tashxisi va oziq-ovqat mahsulotlari xavf-sizligi davlat markazi hamda uning hududiy bo‘limlari zimmasiga yuklatilgan.

Markaz bevosita dehqon bozorlarida tashkil etilgan veterinariya-sanitariya ekspertiza laboratoriyalari orqali bozorda sotilayotgan oziq-ovqat mahsulotlarini belgilangan tartibda tekshirishi va ijobiy xulosaga ega bo‘lgan mahsulotlarning sotilishiga ruxsat berishi kerak.

Lekin viloyatimizda bunday laboratoriyalar soni amalda oziq-ovqat mahsulotlari sotilayotgan bozorlar sonidan juda kam. Borlari ham haminqadar.

Maqolada ushbu laboratoriyalarning faqat rasmiyatchilik uchungina ishlayotgani, hech bir mahsulotni belgilangan talablar bo‘yicha tekshirib ko‘rmasligi fosh etilgan.

Xo‘sh, Markaz mas’ullari bu holatga nima deydi? Laboratoriyalarning risoladagidek ishlashi uchun qanday choralar ko‘rdi? Hech qanday, hamon eski hammom, eski tos.

Laboratoriya mudirlaridan birining maqolada nomi tilga olingani uchun rahbariyat ishdan bo‘shatmoqchi bo‘layotganini aytib, tahririyatga iddao bilan kelganini demasa, Markaz muammoga e’tibor qaratgani yo‘q.

"QURUQ HISOBOTLARGA TIRKALGAN IJRO AMALDA NIMANI O‘ZGARTIRADI?"

 

Ma’lumki, 2016-yil 11-avgustda Vazirlar Mahkamasining "Qashqadaryo viloyatining Nishon tumanini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori qabul qilingandi.

Ushbu qaror bilan tasdiqlangan tegishli dasturda uch yil ichida tumanda mingdan ziyod loyiha amalga oshirilishi va pirovard natijada 3600 dan ortiq yangi ish o‘rinlari yaratilishi qayd etilgandi.

Belgilangan muddat tugab, dastur yakunlandi. Xo‘sh, Nishonda nima ishlar qilindi, qanday yangi loyihalar amalga oshirildi, ular tumanning ijtimoiy-iqtisodiy hayotini, odamlarning turmush-tarzini qanchalik o‘zgartirdi?

Gazetaning 29 yanvardagi sonida chop etilgan maqolada shu haqda so‘z boradi.

Muallif tumanda dastur asosida qilingan ishlarni o‘rganar ekan, belgilangan loyihalar hisobotlarda deyarli to‘liq amalga oshirilgani, ammo bu tuman hayotida, odamlarning turmush-tarzida aks etmayotgani, sababi ishlarning aksariyati faqat qog‘ozda bajarilganini bayon etadi. Bunga ko‘plab asosli dalillar keltiradi.

Biz vakolatimiz doirasida bor holatni jamoatchilik e’tiboriga havola etdik. Qolgani esa mas’ullarga havola. Toki, ular jim turaverar ekan, tumanda bajarilgan deya hisobotlarga tirkalgan boshqa ishlar ijrosiga ham shubha tug‘iladi.

"AHOLI SALOMATLIGIGA MUNOSABAT SHUMI?"

Gazetaning 12 mart sonida shu sarlavha ostida maqola e’lon qilingan edi. Unda Muborak tumani Gulshan qishlog‘ida joylashgan "Turkiston" qishloq vrachlik punktidagi qoniqarsiz ahvol haqida so‘z boradi.

Ta’kidlanishicha, "qishloq vrachlik punkti 2100 nafardan ziyod kishiga xizmat ko‘rsatishi kerak. Bemorlarga birinchi tibbiy yordam, tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, profilaktika ishlarini olib borish, homilador ayollarni har oyda tekshirish, chaqaloqlar va bolalarni davriy taqvim bo‘yicha emlash, zarur hollarda bemorlarni tuman tibbiyot birlashmasiga yo‘naltirish kabi o‘nlab vazifalarni bajarish zarur bu yerda. Amalda esa...

QVPning ikkita xonasida bemorlar kunduzi yotib davolanishi uchun 5-6 karavot qo‘yilgan, xolos. Oliy ma’lumotli shifokor yo‘qligi, xonalar sovuqligi bois bemorlar bu yerda yotishdan ko‘ra, uyida davolanishni afzal ko‘rishadi".

Shuningdek, maqolada mazkur muassasadagi yana qator kamchiliklar sanab o‘tilgan.

Ammo na tuman tibbiyot birlashmasi, na viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi maqolada keltirilgan holatlarga munosabat bildirmaganidek, mavjud kamchiliklarga ham e’tibor qaratgani yo‘q.

AMALDA KIMNI BOY QILAYAPMIZ?

Ma’lumki, bugun Prezident va hukumat tomonidan  aholining ishbilarmonlik ko‘nikmasini oshirish, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish orqali odamlarning real daromadlarini ko‘paytirishga qaratilgan qator farmon va qarorlar qabul qilinmoqda. Ular asosida oilaviy tadbirkorlikni yo‘lga qo‘yaman degan kishi uchun tijorat banklari tomonidan kam foizli kreditlar taqdim etilayapti. Ammo o‘rnatilgan tartibga ko‘ra, ushbu kreditlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqaroning o‘ziga emas, balki ta’minotchi korxona hisob raqamiga o‘tkazib beriladi.

Natijada ta’minotchi korxonalar vaziyatdan foydalanib, yetkazib berayotgan tovar (xizmat)lari narxini juda oshirib olishgan. Ular uch yarim, to‘rt million so‘mlik xarajat talab etiladigan 1 sotixlik oddiy issiqxonani imtiyozli kredit evaziga 7 millionga qurib berayapti. Bozordan 800 mingga olsa bo‘ladigan bitta qo‘yni bir yarim milliondan sotishmoqda. Bitta buzoqning narxi 8 million so‘mgacha bor. Boisi, aholi shunga ko‘nishga majbur, boshqa tanlash imkoniyati yo‘q.

Gazetaning 12-aprel hamda 18-iyun sonlarida chop etilgan "Imtiyozli kredit, qimmat konstruksiya va bechora tomorqachi" hamda "Kredit imtiyozliyu, daromad imkonsiz. Yoxud maqsad oddiy aholini boy qilishmi yoki ta’minotchini?" sarlavhali maqolalarda ana shu muammolar xususida so‘z boradi.

Biroq mas’ul tashkilotlarni bu holat qiziqtirgani, biror bir boshqa yechim haqida bosh qotirib ko‘rishgani yo‘q. Jabrini esa kredit olib, tadbirkorlik qilaman, qo‘shimcha daromad topaman, deya orzu-havaslarga berilgan oddiy aholi tortmoqda.

* * *

Shuningdek, gazetaning 16-aprel sonida "Sektor shtabi uchun "Nuroniylar maskani"dan boshqa joy yo‘qmi?", "Davlat muhofazasidagi tepalik maydonida "uchastka" ko‘tarayotganlar kim?", 30-aprel sonida "Amalda yo‘q amaliyot", "Pul olishni bilgan sharoit ham yaratishi kerak emasmi?", 14-may sonida "Urush qatnashchilari sharaflangan "Shuhrat qo‘rg‘oni" shuhrati nega o‘chdi?", 24-may sonida "Odina masjidi yonidagi xiyobondan nega fayz ketmoqda?", 4-iyun sonida "Tuya go‘shti yegan penya yoxud Qarshida tabiiy gaz iste’molchilarini nima sarosimaga solayapti?" sarlavhali va boshqa yana ko‘plab tanqidiy-tahliliy maqolalar e’lon qilindi. Ammo ular asosida ochiqlangan  holatlar, aytilgan muammolar yechimiga bevosita mas’ul bo‘lgan tashkilotlardan hech bir munosabat yoki aytarli harakat bo‘lmadi. Bu nimani anglatadi? Ularning mushugini "pisht" deydiganlar yo‘qliginimi yoki matubotdan bexabarligini? Nima bo‘lganda ham jurnalist kasb vazifasini bajarishda davom etadi. Uni tanqidiy maqolalari uchun yomon ko‘radiganlar, bir kun kelib bu qarashlari xato ekanligini anglaydi. Vaholanki, asoslantirilgan, adolatli va xolis tanqidni yoza olgan jurnalist aslida MENGA ham, SIZGA ham, UNGA ham do‘st! 

Jahongir BOYMURODOV tayyorladi.