Jamiyat 27.09.2019 35

TANQIDIY CHIQISHLARGA NEGA JAVOB YO‘Q?

 Joriy yilning avgust oyi davomida bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda viloyatimiz hayotiga oid turli muammoli masalalar tilga olingan 34 ta tanqidiy material e’lon qilingan bo‘lib, mutasaddilar ushbu chiqishlarning atigi 4 tasi yuzasidan munosabat bildirgan, xolos.

Bu haqdagi qaydlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi o‘tkazgan monitoring natijalari bo‘yicha tayyorlangan ma’lumotnomada aks etgan. 

Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, ushbu chiqishlarning aksariyati bevosita yoki bilvosita mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatiga taalluqli bo‘lib, ularda muayyan fakt va holatlar ko‘rsatib o‘tilgan, turli qarash va mulohazalar bayon etilgan. Ushbu oyda mutasaddilar va keng jamoatchilik hukmiga havola etilgan mazkur tanqidiy materiallarning 52 foizi teng miqdorlarda matbuot va veb-saytlarda e’lon qilingan bo‘lsa, 18 foizi teleradiokanallar, yana shunchasi mobil messenjerlar, qolgani "feysbuk" ijtimoiy tarmog‘i hissasiga to‘g‘ri keladi. 

Masalan, "Qashqadaryo" telekanali orqali efirga uzatilgan lavhada Qarshi shahri G‘afur G‘ulom mahallasi Turon ko‘chasida joriy yil boshidan buyon ichimlik suvi ta’minoti muammo bo‘lib kelayotgani, holat yuzasidan aholi bir necha bor shahar hokimligi, "Suvoqova" korxonasiga murojaat qilganiga qaramay, ahvol o‘zgarmayotgani haqida fikr yuritiladi.

Taassufki, avgust oyi davomida OAVda e’lon qilinib, shu kabi muammolar ko‘tarilgan chiqishlarning eng ko‘pi (9 ta) ham aynan Qarshi shahriga taalluqli. Keyingi o‘rinlarni esa Dehqonobod tumani (7 ta) va Yakkabog‘ tumani (4 ta) band etgan.

Tan olish kerak, ushbu tanqidiy chiqishlarda ko‘tarilgan muammolar, fakt va tasvirlangan holatlarning barchasi ham to‘la-to‘kis o‘z tasdig‘ini topmas, biroq OAVda (ayniqsa, mahalliy nashrlarda) e’lon qilingan bu kabi materiallar yuzasidan aksar mutasaddilar, tegishli matbuot xizmatlari nega "sukut" pozitsiyasini tanlayotgani ajablanarli. Vaholanki, ular shuni ma’qul ko‘rishda davom etishar ekan, bizga xayrixoh bo‘lmagan va xorijda turib faoliyat ko‘rsatuvchi, asosiy maqsadi xalqaro doirada mamlakatimizni obro‘sizlantirishga qaratilgan bosma va elektron ommaviy axborot vositalari, veb-saytlar hamda ijtimoiy tarmoqlarda bo‘rttirilgan, asossiz gap-so‘zlar, tanqidlar urchishiga yo‘l ochiladi. Laqma, faqat o‘z manfaati uchun arzi dod solishga odatlangan murojaatchilar esa ularga ishonib yuraveradi...        

O‘z muxbirimiz