Jamiyat 26.03.2019 31

TARIX DAVR SIYOSATIGA MOSLAB YARATILMAYDI

Tarix shunday ilmlar sirasiga kiradiki, xalqlar va qabilalar bir-biridan o‘rganib, tarqatishga harakat qiladilar, oddiy fuqarodan tortib, tujjorlargacha qiziqib o‘qiydilar, uni egallashda hukmdorlar va sarkardalar bellashadilar, tushunishda olimlar va johillar tenglashishga harakat qiladilar.

Ibn Xaldun

 

Talqin va taqqos

TARIX DAVR SIYOSATIGA MOSLAB YARATILMAYDI

O‘tgan asrning 70-90-yillarida maktabda, so‘ngra texnikum va universitetda tahsil olarkanman, el-ulusimizning "savodsiz" va "vahshiy" bo‘lgani, xalqimiz va davlatchilikka oid tariximiz "bo‘lmagani", rivojlangan sotsializm, so‘ngra kommunizmda yashashimiz, eng baxtiyor xalq ekanligimiz, kelajagimiz yanada buyuk bo‘lishi haqida ko‘p va xo‘b o‘qitishgan. Shu o‘rinda, muayyan yutuqlarga erishilgani, tinchlik, barqarorlik hukm surgani va kelajakka ishonch saqlanganini ham e’tirof etmaslik adolatsizlik bo‘ladi. Biroq o‘shanda o‘tmishga tosh otish, mafkuraviylikning ilmiylikdan ustun qo‘yilishi odatga aylanib qolganday ko‘rinadi.

Aytishlaricha, qadimgi Xitoyda diyonatli olimu fozillardan voqea-hodisalarni yozib boruvchi tarixchilar tayinlanib, ularning yozganlarini imperator, saroy ahli va yaqinlari o‘qishi mumkin bo‘lmagan. Yangi imperator esa oldingi tarixni o‘zgartirishga haqsiz bo‘lgan. Shu sabab xitoyliklarning tarixiy manbalari ko‘p va ishonchli bo‘lsa kerak.

Tarixga nazar tashlasak, ayrim hollarda moziy shohlar, siyosiy rahbarlarning xohishu istagi, siyosiy va iqtisodiy vaziyat, nafaqat buguni, hatto o‘tmishni ham o‘z manfaatiga xizmat qildirish maqsadida yozilganga o‘xshaydi. Tariximizga oid fikru xulosalar shunchalik turli-tumanki, javobdan ko‘ra ko‘proq savollarga duch kelasan kishi.

Vazirlar Mahkamasining O‘zbekistonning yangi tarixini tayyorlash va nashr etish bo‘yicha, Fanlar akademiyasi Tarix instituti faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida va Prezidentning  O‘zbekistonning eng yangi tarixi bo‘yicha Jamoatchilik kengashini tashkil etish xususidagi qarorlari qabul qilindi. Bu borada bir qator tadbirlar o‘tkazilib, ilmiy ishlar yoqlandi va kitoblar yozildi. O‘tgan yigirma yildan oshiq vaqt mobaynida bu qarorlar ijrosi qanday bajarildi? Haqiqiy tariximizni yarata oldikmi? Bu masala davlatimiz rahbari tomonidan nega yana kun tartibiga chiqmoqda? Demak, haqiqiy tariximizni o‘rganish va ko‘p masalalarga aniqlik kiritish borasida ishlar bor!

Tarixni o‘rganishga intilish jarayonida ko‘plab mulohazalar paydo bo‘ladi. Aminmanki, ko‘pchiligimiz quyidagi savollarga javob topishni istaymiz.

Birinchidan, tabiiyki, biz qatori qardosh xalqlar ham o‘z millati va davlatchiligi tarixini yozishadi. Xususiy tarixni yozishda qanday qilib umumiy tarixga zarar yetkazmaslik mumkin? Barcha xalqlar o‘zining millati va davlatchilik tarixi qadimiyroq, buyukroq ekanligiga da’vo qilmaydimi?

Jadid bobomiz Abdurauf Fitrat "Muxtasar islom tarixi" asarini "Tarix millatlarning o‘tmishini, taraqqiyotini hamda tanazzulining sabablarini o‘rgatuvchi fandir" deb boshlagan. Tarix umumiy va xususiyga bo‘linishi, xususiy tarix birgina millat va birgina jamiyatning tarixini yorita olishini ta’kidlagan. Demak, millatimiz va davlatimiz tarixini yozishda boshqa xalqlar o‘tmishiga ham hurmat bilan qarash, umumiy tarixni buzmaslikka e’tibor qaratish lozim.

Ikkinchidan, mo‘g‘ul saltanatidan mustaqil davlatga aylangan Oltin O‘rdada 1312-1342-yillarda hukmronlik qilgan O‘zbekxon davlatining O‘zbeklar mamlakati, fuqarolarining esa o‘zbeklar deyilgani tarixiy manbalarda uchraydi. Xo‘sh, O‘zbekxon davlati, Dashti Qipchoqda 1428-1468-yillarda hukmronlik qilgan Abulxayrxonning O‘zbek xonligi va yurtimiz hududida 1500-1601-yillarda hukmronlik qilgan Shayboniy sulolalar davri o‘zbek davlatchiligi tarixiga kiradimi?  O‘zimiz yashayotgan hududda miloddan avvalgi 240-milodiy 216-yillarda hukmronlik qilgan Xunlar davlatini, 819-1005 yillarda hukmronlik qilgan Somoniylar sulolasi davrini, 1224-1370-yillarda hukmronlik qilgan Chig‘atoy ulusi hukmdorlari davrini davlatchiligimiz tarixiga qo‘shmaslik asoslimi?

Aksariyatimiz o‘zimizni Amir Temur, Bobur, Navoiy bobolarimizgagina daxldor deb bilamiz, asosli ravishda faxrlanamiz. Ammo, bu ko‘hna zaminda yashab o‘tgan boshqa sulolalar, tarixiy shaxslar va elu uluslarni o‘zimizga "begona" qilishga haqqimiz bormi? Chingiziylardan hokimiyatni birinchi bo‘lib tortib olgan amir Qazag‘an (1326-1350-yillar) haqida nega yozilmaydi? Davlatchilik tariximizni faqat Temuriylar davlatining hukmronlik davri (1370-1507-yillar) bilan chegaralab qo‘ysak adolatdan bo‘ladimi?

Uchinchidan, O‘rta Osiyo hududida yashayotgan hozirgi barcha xalqlarning ildizi qadimgi sug‘diylar, baqtriylar, xorazmiylar, sak, turkiy va boshqa joylardan kelib yashab qolgan elu elatlarga borib taqaladi. Ular yerli xalqqa aralashib, singib ketgani xususida asoslangan ma’lumotlar bo‘lsa-da, bu yurtda qaysi xalq qadimdan yashagani, "yurt egasi" kim ekanligi to‘g‘risida bahslar asoslimi? Albatta, o‘zbek, tojik, qirg‘iz, qozoq, qoraqalpoq va turkman xalqlarining urf-odatlari, madaniyatining o‘xshashligi ularning qadimdan yonma-yon birgalikda yashab kelayotganidan dalolat beradi.

O‘zbek atamasining kelib chiqishini Xunlar davlati hukmdori O‘g‘izxonga, Oltin O‘rda xoni O‘zbekxonga, Dashti Qipchoq xoni Abulxayrxon, Shayboniylar sulolasi va hatto O‘zbekiston SSR bilan bog‘lovchilar bor. Nazarimizda, o‘zbek atamasining kelib chiqishi qadim tarixga borib taqaladi. O‘zbek nomini O‘zbekxon, Abulxayrxon nomi bilan chegaralab qo‘yish asoslimi? "Sart" degan atama qayerdan paydo bo‘lgan hamda kimni, qachon va nima uchun sart deb ataganlar?

To‘rtinchidan, tarixiy manbalar (Rashididdinning "Jome at-tavorix", Sharafiddin Ali Yazdiyning "Zafarnoma")da yozilishicha, mashhur Alanquva avlodidan bo‘lgan Tumanaxonning egizak o‘g‘illaridan Qobulxon Chingizxonning, Qochuvli Bahodir esa Amir Temurning bobosi bo‘lib, barlos qabilalari Movarounnahrga Chingiziylar davri (1266-yil)da kelgan.

"Temur tuzuklari"da ko‘rsatilishicha, Tumanaxon o‘g‘illari Qobulxon va Qochuvli bahodir o‘rtasida ahdnoma bo‘lgan. Amir Temur bu haqda "Tug‘luq Temurxon men bilan tuzgan ahdu qarorini buzib, ikkinchi bor Movarounnahr mamlakatiga qo‘shin tortib keldi va hukumatni mendan tortib olib, o‘g‘li Ilyosxo‘jaga topshirdi. Meni esa unga bosh qo‘mondon (sipohsolor) va maslahatchi qilib tayinladi. Menga va Qobulxon Qochuvli bahodir tomonidan bitilgan ahdnomani ko‘rsatdi. Men ulug‘ bobolarimizning so‘z va nomalarini qabul qilib, sipohsolorlik qilishga rozi bo‘ldim", degan. Amir Temur hokimiyatga to‘liq egalik qilgan bo‘lsa-da, ahdnomaga amal qilib "soxta xon"lar tayinlamaganmi? Tarixchi olimlarimiz bu holatni moziyni o‘rganishga havaskorlarga qanday tushuntirishadi?

Sobiq SSSR davlati vaqtida aksariyat taniqli shaxslar o‘z ajdodlarini "ishchi-dehqon"larga borib taqashgan bo‘lsa, hozirgi vaqtda boylar va eshonlarga bog‘lashadi. Amir Temur va Chingizxonni amakivachcha qilib ko‘rsatishga harakat qilish ham shunga o‘xshash holatmi? Chingizxonning onasi Oelun va xotini Bo‘rte turkiy xalqlarning qo‘ng‘irot urug‘idan ekanligi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bor? Bu faktlar-da asoslimi? Tarixchilarimiz Chingizxonning turkiylarning qiyot urug‘idan ekanligi, ayrim qozoq qardoshlarimizning Chingizxon ajdodlari o‘zlariga kelib taqalishi kabi iddaolariga qanday javob berishadi? Holbuki o‘zbek, qozoq, qirg‘iz va turkman xalqlari orasida ham qiyot-qo‘ng‘irot urug‘i bor. Qo‘ng‘irotlar sulolasi 1804-1920-yillarda Xiva xonligining boshida turgan. Qo‘ng‘irot urug‘iga mansub yurtdoshlarimiz Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryo viloyatlarida istiqomat qilishadi.

Beshinchidan, Sohibqiron Amir Temur Yevropani Usmonli turk saltanati hukmdori Boyazidning, Rossiya knyazliklarini Oltin O‘rda xoni To‘xtamishxon hukmronligidan ozod bo‘lishiga ta’sir qilganligi e’tiborga olinib, Temuriylar davri milliy davlatchiligimiz timsoli sifatida tanlangan emasmi? Bu urushlarni keltirib chiqarishga chetdan turib ta’sir ko‘rsatganlarni ham o‘rganish kerak. Nega ayrim tarixchilar Hindistondagi Boburiy sulolalar davri (1562-1858-yillar)ni "Buyuk mo‘g‘ullar saltanati" deyishgan? Bu davr milliy davlatchiligimiz tarixiga kiradimi? "Temur tuzuklari", "Boburnoma" va Gulbadanbegimning "Humoyunnoma" asarlarida o‘zbeklarga qarshi urushlar bo‘lganligi to‘g‘risidagi so‘zlar uchraydi. "O‘zbeklar" deyishganda temuriylar o‘zlariga bo‘ysunmagan beklarni nazarda tutishganmi?

Yaqin o‘tmishimizdagi Buxoro amirligi, Xiva va Qo‘qon xonliklari tarixini yozishda mamlakat ichkarisidagi ziddiyatlar, dindorlarning davlat ishlariga aralashuvi, mahalliychilik, o‘zaro urushlar, xalqu davlatga xiyonat va sotqinlik, taraqqiy etgan davlatlardan orqada qolganlik va ulusning qashshoqligi bu davlatlar tanazzuliga sabab bo‘lganini kengroq yoritish kerak. U vaqtlardagi voqea-hodisalarga Rossiya va Angliya davlatlari qanday ta’sir ko‘rsatgan? Nazarimizda, bu o‘tmishimiz Rossiya, Xitoy, Turkiya, AQSH va G‘arb davlatlari bilan qanday munosabatda bo‘lishlikdan saboq beradi!

Oltinchidan, o‘ylashimizcha, SSSR davri va yaqin o‘tmishimiz tarixini haqqoniy yozish murakkab jarayondir. Zero, bu davrning bir tarafida hurlik, ozodlik uchun jon fido qilgan "bosmachilar", jadidlar, Fayzulla Xo‘jayev, Akmal Ikromov kabi davlat arboblari, Abdulla Qodiriy, Cho‘lpon, Fitrat kabi ziyolilar, ikkinchi tarafda esa davru zamonga moslashib yashagan davlat arboblari, olimlar, ijodkorlar turibdi. Ikki tarafning ham avlodlari bor. Unisi ham, bunisi ham o‘zining ajdodini haq hisoblaydi. Bunday holatda bahs-munozara qanday kechadi? Haqqoniy tarixni yozishda mahalliychilik, guruhbozlik va urug‘-aymoqchilikka yo‘l qo‘ymaslik uchun nima qilish kerak?

Albatta, SSSR davrini bir tomonlama yozish mumkin emas. XX asrning 80-yillarida O‘zbekistonda tergov ishlarini olib borgan T.Gdlyan, N.Ivanov kimning topshirig‘ini bajarishgan? Nohaqliklar va inson qadrining poymol etilishini kengroq yoritish kerak. Shuningdek, "paxta ishi", "o‘zbeklar ishi" haqida yozishda Gdlyan va Ivanovning birgalikda yozgan "Kreml ishi" kitobida keltirilgan faktlarni ham o‘rganish lozim. Mustaqillikka xizmat qiladigan tarixiy masalalarga ko‘proq e’tibor qaratish kerak.

Nazarimda SSSR vaqtida bizga dinlar tarixi, payg‘ambarlar hayoti, islom dini, oqimlar, sunniylikdagi to‘rt mazhab mazmun-mohiyati, farqi yetarli darajada o‘rgatilmadi. Qur’oni karim, hadislar, ijmo va qiyosdan bebahra o‘sdik. O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilgan, asossiz bahslar va ixtiloflar kelib chiqishiga yo‘l qo‘ymagan holda yosh avlodni islom nuridan ko‘proq bahramand qilish kerakdir? Zero, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish samaradorligi tarixda isbotlangan.

Yettinchidan, Sayfitdin Axsikatiyning "Majmuat tavorix", Ahmad Ibn Masruhning "Nasabnomai o‘zbek" kabi tarixiy manbalarida yozilishicha, o‘zbek xalqi 92 ta urug‘ (bov, qabila)dan shakllangan. Ushbu urug‘lar orasida turkman, qirg‘iz, xitoy, qozoq, mo‘g‘ul kabi  urug‘lar ham uchraydi. Ularning hozirgi turkman, qirg‘iz, xitoy, qozoq, mo‘g‘ul xalqlariga aloqasi bormi?

Sakkizinchidan, Mahmud Koshg‘ariyning "Devoni lug‘atit turk" va boshqa tarixiy manbalarda yozilishicha, turkiy xalqlar qadimdan oromiy, so‘g‘d, Xorazm, moniy, araxmiy, turkiy run va uyg‘ur yozuvlaridan foydalanishgan. VIII asrdan boshlab arab, eski o‘zbek yozuvida ish yuritilgan. Bu holatlar tariximiz haqidagi manbalar kam bo‘lishiga sabab bo‘lmaganmi? SSSR davri, aniqrog‘i 1929-1940- yillarda xalqimiz lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida yozgan bo‘lsa, keyin kirill yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga o‘tgan. 1993-yil 2-sentabrda O‘zbekiston Respublikasining "Lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini joriy etish to‘g‘risida"gi Qonuni qabul qilindi. Ayni vaqtda yoshlar lotin yozuvida yozishga o‘rgatilib, yoshi kattalar esa kirill yozuvida yozishmoqda. Davlat idoralaridagi hujjatlar kirill alifbosida yuritilmoqda. Nazarimizda, bu borada qat’iy to‘xtamga kelish, yo unisini, yo bunisini tezroq tanlash shart! Aks holda kelajak avlodlar ham bugungi tariximizdan chala bahramand bo‘ladilar. Azaldan ma’lumki, yozuvni tez-tez o‘zgartirish tarixning "qashshoqlashishi"ga olib keladi.

To‘qqizinchidan, tariximizni haqqoniy yoritish masalasida akademik Bo‘riboy Ahmedov ta’kidlagani kabi, arab, fors, xitoy va boshqa tillarda yozilgan manbalarni bemalol o‘qiy oladigan tarixchi, yetuk arxeolog va antropolog, yaxshi tilshunos olim, qadimiy xalqlar haqida ularning turish-turmushi, dini, e’tiqodi va boshqa belgilariga qarab ilmiy xulosa chiqara oladigan etnograf, klassik jug‘rofiya ilmini, ayniqsa, toponimikani yaxshi bilgan jug‘rof, xalq og‘zaki ijodini mukammal bilgan folklorchi olimlarning birgalikda, boshqa yumushlarni yig‘ishtirib qo‘yib, ilmiy tadqiqot ishlari bilan muntazam shug‘ullanishi talab qilinadi.

O‘ylaymizki, chet ellarda saqlanayotgan tarixiy manbalardan, tarixini yozishda biz bilan "musobaqa"lashayotgan qardoshlarimiz tarixi va hatto "Ikki buyuk sarkarda: Chingizxon va Amir Temur" asari muallifi M.Ivaninga o‘xshagan bizga xayrixoh bo‘lmaganlar, tarix sahnasiga temuriylar o‘rniga kelgan sulola haqida yozilgan Muhammad Solihning "Shayboniynoma"si kabi asarlar, ma’lumotlardan ham foydalanish, ularni bizning olimlar yozgani bilan taqqoslash va asosli xulosa chiqarish kerak. Yozilgan tariximizni faqat o‘zimiz emas, boshqalar ham e’tirof etsin va tan olsin!

O‘ninchidan, ulug‘ maqsad, ya’ni Vatanimiz tarixini o‘rganish, o‘tmishga xolisona va haqqoniy baho berishda "bukvoyedlik"ka, asossiz bahs va ixtiloflar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik kerak.

Shunisi aniqki, tariximizning haqqoniy yozilishi, oq va qora dog‘larning birday ko‘rinib turishi kelgusi avlodlar qaysi davrdagi davlat boshqaruvi va qaysi ajdodlaridan o‘rnak olishini belgilab beradi. Zero, tarixdan saboq chiqarish nafaqat bitta millat va davlat, butun insoniyatni tanazzulga olib boruvchi yo‘llardan yurmaslikka undaydi.

Abdishukur OMONOV