Madaniyat 10.09.2019 5

TEATRLARDA - YANGI MAVSUM

San’at

Viloyat musiqali drama teatrida 87-mavsum ochildi. San’at sohasi vakillari, oliy o‘quv yurtlari o‘qituvchilari va talabalari, kollej va litsey o‘quvchilari hamda OAV vakillari ishtirok etgan mazkur ochilish tadbirida Tog‘ay Murod asarlari asosida O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan san’at arbobi Olimjon Salimov sahnalashtirgan "Xushvaqt" spektakli namoyish qilindi.

"Xushvaqt" asari qahramonlari Ziyodulla va Momosuluv hurlik zamonlari kelishiga ishonib yashaydi. Ularning o‘zaro mehr-muhabbati ko‘ngil qo‘shig‘idek jarang sochadi.

- "Oydinda yurgan odamlar"ni o‘qiganman, zo‘r kitob, - deydi Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti talabasi Muslim Rajabov. - Juda ta’sirli spektakl bo‘libdi, vaqtimga  achinmadim. Spektakl yoshlarga bugungi tinchlik-omonlikning qadriga yetishni, yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanishni o‘rgatadi.

Ma’lumot uchun, yozgi ta’tildan so‘ng o‘zining yangi mavsumini boshlagan teatr jamoasi xalqaro festivalda ishtirok etish uchun Turkiya davlatiga jo‘nab ketdi. Ular u yerda "Bobomning orzusi" spektaklini namoyish etishadi. Shuningdek, mavsum davomida jamoa tomonidan "Jamila", "Nodirabegim", "Arshin mol-olon" kabi 20 dan ortiq spektakl namoyishi rejalashtirilgan.

***

Viloyat qo‘g‘irchoq teatrining 25-mavsumi "Tafakkur sohibi - Zahriddin Muhammad Bobur"  spektakli bilan ochildi.

G‘ayrat Hamrayev rejissorligidagi sahna asarida  shoh va shoir Bobur hayoti, ijodi haqida hikoya qilinadi.

Asar umumta’lim maktablarida ham namoyish etilishi ko‘zda tutilgan. 

Shohista BOZOROVA

Suratda: tadbirdan lavha.