Jamiyat 20.09.2019 41

TELEKANALLAR URCHITAYOTGAN "QIMOR" OHANRABOSI

TELEKANALLAR URCHITAYOTGAN "QIMOR" OHANRABOSI

Undan kimga naf, kimga zarar?

Ijtimoiy tarmoqlarda avtomashina yutib olish uchun yuk mashinasi to‘la aksiyali ichimliklarni sotib olib, qopqoqlarni ochayotgan "qahramon" tasvirlangan videoni ko‘pchilik ko‘rgan. Bu ishqibozni hech qanday aqlli gap yoki maslahat fikridan qaytarolmasligiga aminman. Binobarin,  u kabi "qopqoqmaniya" kasalligiga chalingan odamlar bugun ko‘plab uchraydi.

Tan olish kerak, televideniye orqali namoyish etilayotgan sovrinli o‘yinlar, turli shoular jamiyat uchun "boqimandalik", "tez boyib ketish", "manipulyatsiya domi"ga tushish kabi illatlar ildiz otishiga katta "hissa" qo‘shayapti. Ularda ishtirok etish uchun xarid qilish lozim bo‘lgan aksiyali mahsulotlar reklamasida uchraydigan "Mazasiga gap yo‘q", "Quvvatga kir", "O‘zingga ishon", "Spark, Lasetti, Malibu. O‘zing tanla!" kabi hayqiriqlaru chaqiriqlar kattayu kichikning e’tiborini tortib ulgurdi. Biroq iste’molchi bunday mahsulotlarni iste’mol uchun emas, aksiyasiga qiziqib xarid qilayotgani bor gap.

Telekanallar ham aksiyali ko‘rsatuvlar namoyishidan moddiy naf ko‘rishi aniq. Boz ustiga "Omad shou", "Oltin kalit", "Boriga boraka", "Millioner shou", "Sitro shou" singari ko‘rsatuvlarning muxlislari soni tez ortib borayotgani ham ularni efirga uzatayotgan telekanallar reytingiga ta’sir ko‘rsatadi. Odamlar esa aksiyali mahsulotlarning ta’mi va tarkibiga ko‘pam e’tibor qilmay, ko‘r-ko‘rona sotib olishda davom etmoqda...

Eng g‘alatisi shundaki, ijtimoiy tarmoqlar va turli messenjerlardagi guruhlarda hamda shaxsiy sahifalarda aksiyali ichimlik qopqog‘ining "6-qismini topib bering, suyunchisi bor, evaziga 2 000 $ beraman" yoki "Iltimos, yutuqli qopqoq qismlarini topishga yordam beringlar", degan yozg‘iriqlarni ham tez-tez uchratyapmiz. Achinarlisi, ilm olishni chetga surib, hech qanday mehnatsiz, osongina bir nimalik bo‘lib qolishni istaydigan yoshlar unga mukkasidan ketayapti.

Shunisi ayonki, aksiyalar uyushtiruvchilari foyda ko‘rmasa, tavakkalga qo‘l urmaydi. Shunday ekan, unda qatnashib, topganingizdan yo‘qotganingiz ko‘p bo‘ladi. Birinchidan, ro‘yolarga qorishgan orzularingiz ortidan muayyan miqdordagi mablag‘ingizni yo‘q qilasiz, eng qimmatli vaqtingizni ham boy berasiz.

- Energetik ichimliklarni xush ko‘rmayman, - deydi tarmoq foydalanuvchisi 21 yoshli Alisher Polvonov. - Ammo aksiyasiga qiziqib, ularni xarid qilaman. Chamamda shu paytgacha sarflagan pullarimga o‘sha aksiya yutug‘iga qo‘yilgan avtomobil yoki uyga boshlang‘ich to‘lov qilsam yoki o‘zimga kerak bo‘lgan maishiy texnikalarni bemalol sotib olsam bo‘lardi.

Men ham "Facebook" ijtimoiy tarmog‘i orqali "Yutuqli qopqoqqa suyunchi bor", deb "post" qo‘ydim. Ko‘pchilik "Menda bor, qancha berasiz?" deb yozdi. Boshida hazillashyapti, deb o‘yladim. Ammo qiziqishim ustunlik qilib, ular bilan uchrashdim. Aytgan pullarini berdim. O‘zimda yo‘q xursandman. Kompaniyaga borsam, bu qopqoqlar soxta ekanligini aytishdi. "Uddaburon"larni esa haligacha qidiraman. Sarflagan pullarimga achindim...

Afsuski bu qopqoq yig‘ish mashg‘uloti shunchaki qiziqish emas, endilikda ishqibozlar uchun asosiy maqsadga aylanib ulgurdi. Albatta, har kuni televideniye orqali hamyurtlarimizning aksiyadan mashina, turli maishiy texnikalar yutganini ko‘rib, ko‘pchilikning havasi ortishi tabiiy. Siz ham beixtiyor o‘sha "topilmas qopqoq"larni topishni istab qolasiz. Ammo har bir narsada meyor bo‘lgani yaxshi. Axir inson salomatligiga salbiy ta’siri bo‘lgan mahsulotlarni keng aholi o‘rtasida bunday ommalashtirish ayanchli oqibatlarga olib kelishi mumkin. Vaholanki, Yevropa davlatlari allaqachon bunday ichimliklardan voz kechishmoqda. Ular energetik mahsulotlarni "o‘lim kokteyli" deb atashadi.

Ma’lumot uchun qayd etish lozimki, tilga olinayotgan bu kabi ichimliklar kishiga qo‘shimcha quvvat bermaydi. Faqat ular tarkibidagi moddalar organizmning ichki rezerviga yo‘l ochadi. Soddaroq qilib aytganda, energetik ichimliklar hech qanday quvvatga ega emas, u o‘z ichki resurslaringizdan foydalanadi.

- Energetik ichimliklarni umuman xarid qilmayman, - deydi Mahbuba Kamolova. - Buning o‘ziga yarasha jiddiy sabablari bor. Ukam ikki yil avval bir korxonaga qorovul sifatida ishga kirdi. Tunda uxlab qolmay deb energetik ichimliklarni ko‘p ichardi. Oqibatini bilmagan ekanmiz. Mazkur ichimliklar uning hayotiga zomin bo‘ldi. Eslasam, haligacha larzaga kelaman. Ukam energetik ichimliklarni haddan ziyod ko‘p iste’mol qilgani uchun yuragi o‘ynoqi bo‘lib qolgan ekan. Do‘xtirlardan energetik ichimliklar tarkibida inson organizmi uchun xavfli kofein, guarana, taurin kabi moddalar borligini eshitdik.

Taurin - energetik ichimliklarda albatta bo‘lishi kerak bo‘lgan moddalardan biri. U mushak to‘qimalarida to‘planadigan aminokislota bo‘lib, ichakdagi yog‘lar emulsiyasiga yordam beradi. Bu energetik ichimlikning bir bankasida 400-1000 milligramm miqdorgacha bo‘lib, asab buzilishiga olib keladi.

Kofein  - organizm zo‘riqishiga, turli asab va yurak kasalliklari kelib chiqishiga omil bo‘lar ekan.

Melatonin, inozit - bu vositalar uyg‘unligidagi ichimlik organizmni jismoniy va aqliy zo‘riqish bilan ishlashga majbur qiladi.

Endi o‘ylab ko‘ring, bir muddat charchoqlardan xalos bo‘lamiz, deb doimiy kasalliklarni orttirganimizdan ko‘ra, tabiiy mahsulotlarni iste’mol qilib, tanaga dam berganimiz yaxshi emasmi?!

To‘g‘ri, jismoniy mehnat bilan shug‘ullangandan so‘ng energetik ichimliklar iste’molidan odam charchoq hissini unutishi mumkin, ammo ular kishidagi toliqishni yo‘qotmaydi, balki uni ortga suradi. Ichimlik ta’siri o‘tgandan so‘ng charchoq ikki barobar ortadi.

E’tibor qilsak, bugun ayrim telekanallarimiz efirga uzatayotgan dasturlar orasida ma’rifat, ma’naviyat mavzusiga oidlariga nisbatan shoular ko‘proq o‘rin olayapti. Qimorni eslatadigan ko‘rsatuvlar, ularda ishtirok etishga undaydigan reklama roliklari telekanalga, ishlab chiqaruvchiga kattagina daromad keltirishi muqarrar. Ammo fuqarolarda chegarasiz iste’molchilik kayfiyatidan boshqa narsani shakllantirmaydi.

Ko‘rayapmiz, maktab, kollej o‘quvchisi ota-onasi tushlikka deb bergan pulidan tejab, yutuq chiqish ehtimoli bor tovarlar xaridiga shoshayapti. Uni juda ko‘p iste’mol qilayapti. Natijada sog‘lig‘iga xavf tug‘ilayapti, orzulari maydalashayapti. Birdaniga katta mablag‘, buyum yoki avtomobilga ega bo‘lish maqsadi ilm, mehnat bilan erishiladigan ulkan niyatlarni barbod qilayapti. Bu oxir-oqibat ular ongida yengil-yelpi hayotga intilish, befarqlik, loqaydlik, xudbinlik shakllanishiga olib kelmasligiga kafolat yo‘q.

Yanayam qanday xulosa qilish har kimning o‘ziga havola!

Qahramon SHERMATOV,

Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi bosh mutaxassisi