Jamiyat 02.08.2019 53

TEMIR YO‘LGA TUTASH UMR YO‘LI

4-avgust - O‘zbekiston Respublikasi temir yo‘l transporti xodimlari kuni

Shunday insonlar borki, ularning hayotiga, ko‘p yillik mehnat faoliyatiga havas qilsa arziydi. Uzoq yillardan buyon mamlakatimiz temir yo‘llari tizimida turli vazifalarda samarali mehnat qilib kelayotgan Toshmurod Salimovning umr yo‘li ham yoshlar uchun chinakam namuna, ulkan tajriba maktabidir.

1979-yilda o‘zi orzu qilganidek temiryo‘lchi bo‘lish ishtiyoqida Qamashining Qorabog‘idan poytaxti azimga yo‘l olgan yigitcha barcha sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tib, Toshkent temir yo‘l transporti muhandislari institutiga o‘qishga kirgan edi. Mana 40 yil bo‘libdiki, hayoti temir yo‘llar va temiryo‘lchilar orasida kechmoqda. Shu soha ichida ham jisman, ham ma’nan o‘sdi, ulg‘aydi. Bir paytlar tajribali mutaxassislarga shogird tushib, ularning o‘gitlarini olgan, tajribalarini o‘rgangan bo‘lsa, bugun o‘zining atrofi shogirdlar bilan gavjum. Toshmurod Salimov ularga o‘z tajribalarini o‘rtoqlashishdan, bilganlarini o‘rgatishdan aslo charchamaydi.

- Institutni bitirganimdan so‘ng yo‘llanma asosida Sverdlovskdagi temir yo‘l stansiyalaridan biriga ishga bordim, - deydi u. - Stansiyada poyezd qabul qiluvchining yordamchisi sifatida faoliyat boshlaganman. So‘ng Qarshi temir yo‘l bo‘limiga poyezdlar harakati dispetcherining yordamchisi bo‘lib keldim. Ana shundan so‘ng to bugunga qadar mamlakatimiz temir yo‘l tizimining viloyatimizdagi tashkilotlarida mehnat qilib kelmoqdaman.

Qahramonimiz faoliyatining eng qaynoq damlari mustaqillik yillarida kechdi. U 1992-yildan 2009-yilga qadar viloyatimiz temir yo‘l tizimining yuk va tijorat bo‘limida turli vazifalarda ishladi. 2009-2011-yillarda Koson temir yo‘l stansiyasiga, 2011-2013-yillarda esa "O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi" aksiyadorlik jamiyati Qarshi filialiga rahbarlik qildi. Ayni paytda "O‘zbekiston temir yo‘llari" AJ Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli yuk va tijorat ishlari bo‘limi boshlig‘i vazifasida faoliyat yuritib kelmoqda.

Istiqloldan so‘ng mamlakatimiz temir yo‘llarida amalga oshirilgan ulkan islohotlar, bunyodkorlik ishlari, xizmat sifatining zamonaviy andazalar asosida yo‘lga qo‘yilishida shu sohada mehnat qilayotgan ko‘plab mutaxassislar qatorida Toshmurod Salimovning ham hissasi bor.

- Mamlakatimiz temir yo‘llari  tizimida qisqa vaqt ichida juda katta ishlar qilindi, - deydi u. - Bir paytlar biz tasavvur ham qila olmagan tog‘li hududlarga-da temir izlar kirib bordi, temir yo‘l obyektlarida ulkan qurilish, bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi. Zamonaviy  tezyurar poyezdlar harakati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan bir qatorda, xizmat sifatini yaxshilash, mijozlarga qulaylik yaratish borasida ham misilsiz o‘zgarishlar bo‘ldi. Misol uchun, bundan bir necha yil oldin temir yo‘l orqali yuk tashish xizmatidan foydalanish tadbirkor uchun ancha mashaqqatli ish edi. U bu jarayonda ko‘plab ovoragarchiliklarga duch kelardi. Chunki tartib shunday edi. Bugun esa Davlat xizmatlari markaziga boradi va buyurtma beradi, tamom. Keyin kelib shartnoma imzolaydi va biz yukni tashib beramiz. Hatto kassa ham o‘zimizda tashkil etilgan. Maqsad - tadbirkor bankka borib kelish uchun ham vaqt yo‘qotmasin.

Toshmurod Salimov temir yo‘l tizimi, uning mamlakat ravnaqi uchun ahamiyati, qolaversa, ishining o‘ziga xos mashaqqat va mas’uliyatlari haqida ham maroq bilan so‘zlaydi. Shu sohani tanlab kam bo‘lmagani, erishgan barcha yutuqlarining asosi kasbiy faoliyati bilan bog‘liq ekanini ta’kidlaydi.

Toshmurod Safarov turmush o‘rtog‘i bilan birgalikda 4 nafar farzandni voyaga yetkazishdi. Barchasi oliy ma’lumotli, bugun turli sohalarda mehnat qilishmoqda.

Ha, kishi qaysi kasbda bo‘lmasin, astoydil mehnat qilsa, halol ishlasa, hech qachon kam bo‘lmaydi. Bunga Toshmurod Salimovning hayoti ham misol.

J.BOYMURODOV

Suratda: Toshmurod Salimov shogirdlari davrasida.

Sobir NARZIYEV olgan surat.