Ta'lim 09.07.2019 35

"TEMURBEKLAR MAKTABI"DA KIMLAR O‘QIYDI?

Yoshlar va ta’lim

Davlat rahbari tomonidan shu yilning 28-iyunida o‘smirlarni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalash hamda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari va davlat xizmati uchun kadrlar zaxirasini tayyorlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi qaror imzolandi.

Unga asosan Mudofaa vazirligining "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyi Farg‘ona viloyatida, Davlat xavfsizlik xizmatiniki Toshkent viloyati Qibray tumanida, Ichki ishlar vazirliginiki Nukus shahrida, Milliy gvardiyaniki Toshkent shahrida va Favqulodda vaziyatlar vazirliginiki Shaxrisabz shahrida tashkil etildi. Shahrisabz "Temurbeklar maktabi" harbiy-akademik litseyi hozirgi Shahrisabz iqtisodiyot kolleji binosida joylashadi.

"Temurbeklar maktabi"ga qabul va o‘qitish 2020/2021-o‘quv yilidan boshlanib, ularning har biriga yuz kishi qabul qilinadi va o‘qish muddati ikki yil. Unga umumta’lim maktablari va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarining 9-sinfini tamomlaganlik to‘g‘risidagi shahodatnomaga ega, sog‘ligi holatiga ko‘ra yaroqli deb topilgan hamda saralash tanlovidan muvaffaqiyatli o‘tgan, erkak jinsli O‘zbekiston fuqarolari qabul qilinadi. Saralash tanlovi dastlabki tanlash, harbiy-kasbiy tanlov va test sinovlaridan iborat.

Dastlabki tanlov nomzodlarning arizalari asosida yashash joyi bo‘yicha mudofaa ishlari bo‘yicha bo‘limlarda o‘tkaziladi. Nomzodning qanday hujjatlar taqdim qilishi kerakligi "Temurbeklar maktabi" Ustavi bilan belgilanadi. Dastlabki tanlov natijalari bo‘yicha nomzodlarning hujjatlari tuman (shahar) mudofaa bo‘limlari tomonidan viloyat mudofaa ishlari boshqarmalariga topshiriladi.

Harbiy-kasbiy tanlov nomzodning yashash joyi bo‘yicha mudofaa ishlari boshqarmasida o‘tkaziladi. Bu jarayonda nomzodning jismoniy tayyorgarlik holati tekshiriladi, savodxonlik darajasini baholash yozma diktant yozdirish yo‘li bilan aniqlanadi. Sog‘ligi bo‘yicha o‘qishga yaroqliligi yuzasidan qaror chiqariladi, yakka tartibda suhbat o‘tkaziladi. So‘ngra Davlat test markazi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlarini topshirishga qo‘yish haqida qaror qabul qilinadi. Yakuniy suhbatdan o‘ta olmagan nomzodlarning shaxsiy yig‘majildlari dalolatnoma asosida Xalq ta’limi vazirligining hududiy boshqarmasi vakiliga topshiriladi. O‘tganlarning hujjatlari mudofaa ishlari boshqarmasi orqali tegishli "Temurbeklar maktabi" qabul komissiyasiga yuboriladi.

Test sinovlariga ruxsat etilgan nomzodlar mudofaa ishlari boshqarmasi tomonidan berilgan ma’lumotnoma asosida o‘qigan maktabidan shahodatnomasini oladi. Test sinovlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan o‘rnatilgan tartibda o‘tkaziladi. Test topshiriqlari umumiy o‘rta ta’lim fanlari (5-9 sinflari kesimida)ning Davlat ta’lim standartlariga muvofiq tuziladi.

Dastlabki va harbiy-kasbiy tanlovdan muvoffaqiyatli o‘tgan quyidagi nomzodlar test sinovlarisiz o‘qishga qabul qilinadi: xalqaro va respublika fan olimpiadalarining g‘oliblari belgilangan kvota doirasida; o‘z xizmat vazifasini bajarish chog‘ida halok bo‘lgan hamda nogiron bo‘lib qolgan harbiy xizmatchilar, huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari va Favqulodda vaziyatlar vazirligi qutqaruv bo‘linmalari xizmatchilarining farzandlari - kvotadan tashqari; yetim, ota-ona qarovisiz qolgan, ijtimoiy nosog‘lom oilada yashayotgan, davlat va jamiyat ko‘magiga muhtoj bo‘lgan, o‘quv yilida umumta’lim maktablarining 9-sinfini tamomlagan, voyaga yetmagan yoshlar bilan ishlash bo‘yicha hududiy idoralararo komissiya tavsiyasi hamda tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining qarorlari asosida - kvotadan tashqari, belgilangan kvotaning besh foizidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda.

Test natijalariga qarab qabul komissiyasi nomzodlar ro‘yxatini tuzadi hamda bayonnomani rasmiylashtiradi. Shu asosda "Temurbeklar maktabi" direktorining buyrug‘i chiqarilib, nomzod o‘qishga qabul qilinadi. Bitiruvchilarga belgilangan namunadagi diplom va ko‘krak nishoni beriladi.

"Temurbeklar maktabi" bitiruvchilariga O‘zbekiston Respublikasi oliy harbiy va ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalariga o‘qishga kirishda test sinovlarida o‘zlari to‘plagan ballarning o‘ttiz foizi, boshqa oliy davlat o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishda esa o‘n besh foizi miqdoridagi qo‘shimcha ballar ko‘rinishida imtiyoz beriladi. Imtiyozli diplom bilan tugatgan bitiruvchilarga, tarkibida "Temurbeklar maktabi" bo‘lgan vazirlik va idoralarning tegishliligi bo‘yicha oliy harbiy yoki ixtisoslashtirilgan bilim yurtlariga test sinovlarisiz, harbiy-kasbiy saralash tadbirlarini muvaffaqiyatli o‘tish natijalari bo‘yicha kirish huquqi beriladi.

"Temurbeklar maktablari"ning asosiy vazifasi o‘quvchilarda xalqimizning ma’naviy qadriyatlariga chuqur hurmatni, ularda halollik, vatanparvarlik, sadoqat singari sifatlarni, milliy g‘urur tuyg‘ularini shakllantirish, Amir Temurning bebaho merosi, xalqimizning boy tarixi asosida faol fuqarolik pozitsiyasiga ega o‘quvchilarni tarbiyalashdan iborat. Bu maskanda tahsil olgan yoshlar keng dunyoqarash hamda yetakchilik qobiliyatlariga ega bo‘lgan mard va jasur Vatan himoyachilari bo‘lib yetishishi maqsad qilingan.

Abdishukur OMONOV,

viloyat hokimligi yuridik xizmat rahbari