So'nggi yangiliklar 10.07.2019 113

TERGOVCHIGA PORA BERGAN FUQARO QO‘LGA OLINDI

Tezkor xabar

9-iyul kuni Nishon tumanilik M.Y. tuman IIB TB katta tergovchisiga pora berayotgan vaqtida qo‘lga olindi. Bu ma’lumotni tuman IIB mas’ul xodimi tasdiqladi.

Qayd etilishicha, Tallimarjon shahri Do‘stlik mahallasida joylashgan uylardan birining egalik huquqi M.Y.ning otasi hamda yana bir fuqaro O.R. o‘rtasida mojaroli bo‘lib kelayotgan edi. Mazkur ish bo‘yicha Nishon tumani IIB tergov bo‘linmasi katta tergovchisi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilayotgan bo‘lgan.

M.Y. tergovchidan ishni otasining foydasiga hal qilib berishni so‘raydi va agar shunday qilsa, bu xizmatini quruq qo‘ymasligini bildiradi.

Natijada M.Y. Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Nishon tuman bo‘limi, tuman prokuraturasi hamda tuman IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda tergovchiga uning xizmat xonasida 965 ming so‘m pulni bergan vaqtida qo‘lga olingan.

Ayni paytda M.Y.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

J.BOYMURODOV