Qishloq xo'jaligi 23.08.2019 69

TERIM NARXI OSHAYAPTI, ENDI SHART-SHAROITGA HAM JIDDIY E’TIBOR QILISH KERAK

Paxta-2019

Ma’lumki, paxta jahon bozorida eng xaridorgir va qimmatbaho mahsulotlardan biri hisoblanadi. Undan olinadigan ekologik toza va sifatli tola yengil sanoat uchun muhim xom ashyodir. Shu bilan birgalikda, paxtadan o‘simlik yog‘i, xo‘jalik sovuni, chorva uchun yem va yana bir qator mahsulotlar olinadiki, ularning har biri ichki va tashqi bozorda birdek qadrlanadi.

Mamlakatimiz esa mana shunday yuqori qimmatga ega mahsulotni yetishtirishda dunyodagi eng ilg‘or davlatlar qatoridan joy olgan. Yurtimizda har yili katta maydonlarda paxta yetishtiriladi va olingan hosilning bir qismi eksport qilinsa, bir qismi shu yerdagi korxonalarda qayta ishlanib, tayyor mahsulot sifatida ichki va tashqi bozorga chiqariladi.

Albatta, paxta yetishtirishning ham o‘ziga yarasha mashaqqatlari mavjud. Bu yumush dehqon va fermerlardan erta bahordan kech kuzgacha tinimsiz ishlash, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida va sifatli bajarib borishni talab etadi. Hatto, yetishtirilgan hosilni yig‘ib olish ham eng mas’uliyatli jarayonlardan biri bo‘lib, uni kechiktirish tola sifati va salmog‘iga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu bois avvallari bu yumushga hukumat darajasidagi mavsumiy eng muhim tadbir sifatida qaralib, qariyb 2 oy davom etadigan yig‘im-terim ishlariga ko‘pchilik aholi, korxona va tashkilotlar, turli muassasalar xodimlari, hatto talabalar, kollej, maktab  o‘quvchilari jalb etib kelingani hech kimga sir emas. Ammo arzimagan terim pulini aytmasa, ular bu ishdan hech qanday manfaat ko‘rmasdi.

Mustabid tuzum davrida shakllangan mana shu tamoyil ko‘p yillar davomida mamlakatimizning xalqaro maydondagi nufuziga ham, yetishtirilgan paxta xom ashyosining qiymatiga ham salbiy ta’sir etib keldi. "Bolalar mehnatidan foydalanish", "Majburiy mehnat" kabi tamg‘alar natijasida yurtimizda yetishtirilgan qimmatbaho xom ashyoning ko‘plab "qora ro‘yxat"lardan o‘rin olgani, ayrim yirik davlatlar uni sotib olishdan voz kechgani, boshqalarni-da shunga undagani   bor gap.

Ana shulardan kelib chiqib, keyingi uch yilda mamlakatimiz rahbari tomonidan bu jihatga e’tibor qaratilib, paxta-yig‘im terimiga bolalarni, aholi, korxona va tashkilot xodimlarini majburiy jalb etishning oldini olish bo‘yicha qat’iy choralar ko‘rilmoqda. Joriy yil 12-avgust kuni iqtisodiyot tarmoqlari va hududlarning eksport salohiyatini oshirish, ulardan samarali foydalanish, investitsiyalarni, avvalo, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va o‘zlashtirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish ko‘lamini kengaytirish masalalariga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev bu haqda to‘xtalib,  barcha hokimlarga bu yil paxta yig‘im-terimiga budjet tashkilotlari jalb qilinmasligini eslatib o‘tgan edi.

Shu o‘rinda yana bir savol paydo bo‘ladi: xo‘sh, paxta yig‘im-terimiga hech kim majburiy jalb etilmas ekan, unda hosilni qisqa muddatda qanday saranjomlab olish mumkin? Fermerlar, paxta xom ashyosini qayta ishlovchi korxonalarning ichki imkoniyati bunga yetadimi?

Yetmaydi, albatta. Viloyatimiz misolida olaylik, joriy yilda hudud dehqonlari 135 ming 900 gektar maydonda g‘o‘za parvarishlamoqda. Davlatga paxta sotish bo‘yicha shartnoma rejasi 381 ming 300 tonnani tashkil etadi. Joriy yilda ob-havoning qulay kelgani, dalalarda hosil cho‘g‘i balandligini inobatga olsak, xirmon bundan ham yuksakroq bo‘lishi aniq.

Tabiiyki, bunday ulkan xirmonni barpo etish uchun juda katta qo‘l kuchi kerak. Boisi, bizdagi mavjud terim mashinalarining aksariyati allaqachon ma’nan eskirgan va sifatli ishlash borasida samara kutish qiyin. Sohada klaster uslubida ish boshlagan yangi korxonalar ham hali yetarli moddiy-texnik bazaga ega bo‘lib ulgurgani yo‘q. Shunday ekan, mavsumda baribir asosan qo‘l kuchiga tayaniladi. Bunday holatda eng maqbul yo‘l esa doimiy ish bilan band bo‘lmagan aholini yig‘im-terim ishlariga jalb etishdir. Ularning mehnati munosib rag‘batlantirilsa, qo‘l mehnatining qadri yetarli baholansa, bunga erishish mumkin.

Xuddi shu maqsadda, mamlakatimizda terim pullari sezilarli ravishda oshirib borilmoqda. Misol uchun, 2016-yilda qo‘lda terilgan 1 kilogramm paxta uchun 285 so‘m miqdorida haq to‘langan bo‘lsa, 2017-yilda bu miqdor salkam ikki barobarga oshirilib, dastlab 450 so‘m,  1 oktabrdan esa 500 so‘m etib belgilangan edi.

O‘tgan yili paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi bosqichda 650 so‘m, ikkinchi bosqichda 850 so‘m, uchinchi bosqichda 1000 so‘mdan mehnat haqi to‘landi. Shuningdek, viloyatimizning Koson, Muborak, Nishon va Kasbi tumanlarida (paxta-to‘qimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari faoliyat yuritayotgan hududlardan tashqari) qo‘lda terilgan bir kilogramm paxta uchun qo‘shimcha 150 so‘m, oziq-ovqat mahsulotlari uchun 150 so‘m, jami 300 so‘m ustama haq to‘langanini e’tirof etish joiz.

Joriy yilda esa bu miqdor yanada oshadi. Yaqinda Vazirlar Mahkamasining "2019-yil hosili paxta xom ashyosini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori loyihasi muhokama uchun e’lon qilindi. Loyihada paxta xom ashyosining qo‘lda terilgan 1 kilogrammi uchun birinchi terimda o‘rta tolali paxta navlari uchun - 800 so‘mdan, uzun tolali paxta navlari uchun - 1000 so‘mdan, ikkinchi terimda o‘rta tolali paxta navlari uchun - 1000 so‘mdan,  uzun tolali paxta navlari uchun - 1400 so‘mdan mehnat haqi to‘lash ko‘zda tutilgan.

Endi hisob-kitob qilib ko‘ring. Deylik, birinchi terimda bir oilaning to‘rt a’zosi terimda ishtirok etib, birgalikda kuniga o‘rtacha 500 kilogrammdan paxta terdi. Bu bir kunda 400 ming so‘m pul naq degani. Agar 15 kun shu taxlitda ishlashsa, oilaga 6 million so‘m qo‘shimcha daromad keladi. Mavsum davomida esa bu ko‘rsatkichni bemalol 15-20 milliondan oshirish mumkin.

Xo‘sh, buni kim istamaydi, deysiz? Osmondan chalpak yog‘ishini kutib o‘tirishga odatlanmagan har bir ishsiz, dalaga chiqishga imkon topa oladigan ishlilar ham bunga yo‘q demaydi. Faqat ular uchun yetarli shart-sharoit yaratilishi kerak. Boisi, bizda ayrim hududlarda mehnat resurslari ko‘p, paxta maydonlari kam bo‘lsa, ayrimlarida buning aksi. Misol uchun, viloyatda aholisi eng ko‘p (400 mingdan oshiq) bo‘lgan Chiroqchi tumanida bu yil 8 ming 300 gektar yerda g‘o‘za parvarishlangan bo‘lsa, 117 ming kishi istiqomat qiladigan Mirishkor tumanida 18 ming, 193 mingdan ko‘proq kishi yashaydigan Kasbi tumanida esa 20 ming 800 gektar, Koson tumanida (aholisi 280 ming kishi) 21 ming 500 gektar maydonda paxta xom ashyosi yetishtirilgan. Tabiiyki, ushbu cho‘l hududlarida  mavsum davomida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj boshqalariga qaraganda ancha yuqori bo‘ladi.

Shunday ekan, ularga boshqa tumanlardan mavsumiy ishchilarni jalb etish, buning uchun esa terimchilarga yaxshi shart-sharoit yaratib berish lozim. Qachonki, mavsumiy ishchilarning ma’lum vaqt davomida yashashi, dam olishi, ovqatlanishi uchun ko‘ngildagidek imkoniyat qilib berilsa, ular boshqa hududlarga borib terimda ishtirok etishga, qo‘shimcha mablag‘ ishlab topishga rag‘bat topadi. Aksincha, terim puli qanchalik yuqori bo‘lmasin, yarmi nurab bitgan,  na bemalol ovqatlanishga, na yuvinishga sharoiti bo‘lmagan dala shiyponlari, oddiy gigiyena talablariga-da javob bermaydigan "palatka"lar bilan ishchilarni chorlash qiyin.

Shunday ekan, fermerlar, klaster korxonalari rahbarlari hamda mahalliy hokimliklar mutasaddilari ham bu borada bosh qotirishi, terimchilar uchun shart-sharoitlarni talab darajasida tayyorlash lozim. Aks holda zarur ishchi kuchi shakllanmay, qaysidir tashkilotlarning o‘z xodimlarini terimda ishtirok etishga undashiga ham to‘g‘ri kelib qolishi hech gap emas. Bu narsa o‘tgan yilgi mavsumda ham ko‘zga tashlangan edi. Vaholanki, hech kim buni olqishlamaydi, keyin gap-so‘z ko‘payadi...

J.BOYMURODOV