Ta'lim 27.08.2019 30

TEST NATIJALARI E’LON QILINDI

2019/2020-o‘quv yili uchun o‘tkazilgan oliy o‘quv yurtlariga kirish imtihonlarining yakuniy natijalari e’lon qilindi. Xabaringiz bor, bu yil OTMlarga qabulda abituriyentlar hujjatlarini rasmiylashtirish borasida qator qulayliklar yaratilib, test sinovlarini takomillashtirish, uning adolatli, xolis va shaffof o‘tishini ta’minlash bo‘yicha qator choralar ko‘rildi. 

Shuning barobarida Respublika oliy ta’lim muassasalariga qabul kvotalari qariyb 20 foizga oshirildi, talabalikka da’vogarlarga o‘quv yo‘nalishidan kelib chiqib, birato‘la uch oliy o‘quv yurtini tanlash imkoniyati yaratildi. Natijada abituriyentlar test topshirish joyini o‘zi tanlash, bir marta imtihon topshirib, uchta oliy ta’lim muassasasi sinovlarida qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Ma’lumki, viloyatimizdagi oliy o‘quv yurtlari ham ularda o‘qish istagini bildirgan abituriyentlar soni bo‘yicha yurtimizda yetakchi o‘rinlarda turadi. Qarshi davlat universiteti, Qarshi muhandislik-iqtisodiyot instituti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filiali qatorida, 2019/2020-o‘quv yilidan boshlab hududda  Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti va Toshkent kimyo-texnologiya instituti Shahrisabz filiallari, Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari  instituti Qarshi filiali ham faoliyat boshlagani ayniqsa, qashqadaryolik yoshlarda tanlov imkoniyatini oshirdi. Kuni kecha e’lon qilingan test yakuniy natijalariga ko‘ra, ularda jami  6 ming nafarga yaqin da’vogar ta’limning kunduzgi va sirtqi turlari bo‘yicha bakalavriat bosqichiga qabul qilingan bo‘lsa, belgilangan kvota bo‘yicha o‘qishga kirolmagan abituriyentlardan bir qanchasi OTMlar o‘z ichki imkoniyatlaridan kelib chiqib oshirilgan miqdordagi shartnoma asosida belgilaydigan qo‘shimcha o‘rinlarga umid qilsa bo‘ladi. 

O‘z muxbirimiz

Sobir NARZIYEV olgan surat.