Jarayon 08.10.2019 28

TIKLAB BO‘LMAS YO‘QOTISH XAVFI

Tahlillarga ko‘ra, sut emizuvchilarning 83, qushlarning 128, sudralib yuruvchilarning 21, amfibiyalarning 5, baliqlarning 81, mollyuskalarning 291, qisqichbaqasimonlarning 8, hasharotlarning 72, onixoforalarning 3 va turbellyariyalarning 1 turi  Yer yuzidan butunlay yo‘q bo‘lib ketmoqda.

Atrof-muhit, bioxilma-xillik o‘zgarishlarining ilmiy asoslari yaratilganiga 150 yildan oshgan bo‘lsa-da, aynan inson omili bilan, qishloq xo‘jaligi va sanoatda suv hamda boshqa tabiiy resurslardan jadal sur’atlarda meyoridan ortiq foydalanish oqibatida tabiiy flora va fauna dunyosi genofondi o‘zgarib, ko‘pchilik turlar yo‘qoldi, ba’zi bir turlar esa yo‘qolish arafasiga kelib qolgan. Shunga ko‘ra, jahon ekologlari tashabbusi bilan sayyoramizning deyarli barcha mamlakatlarida yo‘qolib ketish xavfi ostidagi hayvon va o‘simlik olami vakillari himoyasini ta’minlash maqsadida "Qizil kitob" chop etilib, undan keng ommani ushbu tiklab bo‘lmas yo‘qotishlardan ogoh etish, ona tabiatimizni asrab-avaylash, ekologik muammolar oldini olish ko‘zlangandi.

 "Qizil qitob" 1960-yildan boshlab nashr etilayotgan bo‘lsa, mamlakatimizda 1983 yili chop etilgan "Qizil kitob" 1-jildidan yo‘qolib ketish arafasidagi hayvonlar va 1984-yilgi 2-jilddan nodir o‘simliklar o‘rin oldi. Ayni paytda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi, Fanlar akademiyasi hamkorligida O‘zbekiston "Qizil qitobi"ning yangi nashri ustida ish olib borilmoqda. Ushbu  nashrlar albatta ekologik madaniyatni yuksaltirishi va yo‘qolish xavfi ostidagi turlar muhofaza choralarini topishga undovchi muhim manba bo‘ladi.     

Shuningdek, 2016-yili mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor "Bolalar uchun  Qizil kitob sahifalaridan" nomli ikki jildli kitob tayyorlanib, yosh kitobxonlar e’tiboriga havola qilinganini ta’kidlash joiz. Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi tasarrufidagi Hisor davlat qo‘riqxonasi ma’muriyati tomonidan ishlab chiqilgan "2019-yil ekotarg‘ibot ish rejasi"ga asosan, G‘ilon qishlog‘i faollari bilan hamkorlikda, mazkur hududda joylashgan 1-, 58-sonli maktab hamda Hisorak axborot texnologiyalari kollejining G‘ilon filiali  o‘qituvchi va o‘quvchilari, davlat nazoratchilari ishtirokida muhofazaga olingan tabiiy hududlarni asrashga oid hamda ekologiya va  atrof-muhit muhofazasining hozirgi kundagi dolzarb masalalari mavzusida o‘tkazilgan ekologik targ‘ibot tadbirlari ham muayyan samaralar berishi aniq. Ularda bildirilayotgan fikrlar, ayniqsa, "Qizil kitob"ga kiritilgan fauna vakillari - qor qoploni, Turkiston silovsini, oq tirnoqli qo‘ng‘ir ayiq, qizil sug‘ur, O‘rta Osiyo qunduzi, Sibir tog‘ echkisi, qushlardan hilol kaklik, oq boshli qumoy, tasqara, boyo‘g‘li  va boshqa turlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishtirokchilar e’tiborini tortmay qo‘ymaydi, albatta. Shuningdek, qo‘riqxona hududida ilk bor olingan qor qoploni haqidagi video va foto materiallar barchada katta qiziqish uyg‘otgani ham bor gap.

Prezidentimiz eng muhim masala - aholining ekologik madaniyatini oshirish haqida jiddiy bosh qotirishimiz zarurligini ta’kidlab, bunday muammolarni faqat ma’muriy yo‘l bilan hal etib bo‘lmaydi,  bunga yosh avlod qalbida ona tabiatga mehr-muhabbat, unga daxldorlik hissini tarbiyalash orqali erishish mumkin,  deb ta’kidlaganida, ayni haqiqatni aytgan edi.

Darhaqiqat, ekologik madaniyat bugungi kun kishisining ajralmas tartib-qoidalari qatoridan mustahkam joy olishi shart. Chunki busiz hayotni, ertangi kunni tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shunday ekan, kelajak avlodga tabiatni musaffo, ona sayyorani esa sog‘lom holda qoldirish har bir insonning muqaddas burchiga aylanmog‘i darkor.

K.YAKUBOV, F.ZIYADULLAYEV,

Hisor davlat qo‘riqxonasi ilmiy xodimlari

M.NIYOZOV,

qo‘riqxonaning G‘ilon bo‘limi boshlig‘i