Madaniyat 19.03.2019 36

TILI YO‘G‘U AYTAR SO‘ZI BOR...

TILI YO‘G‘U AYTAR SO‘ZI BOR...

Qo‘g‘irchoqlar - joni yo‘q, ammo yuzi, harakatlari his-tuyg‘ularga boy. Ularning tili yo‘q, biroq bolalarga aytar so‘zi bor. Kelajak avlodga mehr-muhabbat, halollik, to‘g‘rilikni o‘rgatuvchi vosita ular. Qo‘g‘irchoq yordamida gavdalantiriladigan asarlar bolajonlarning ma’naviy olamini oshiradi, dunyoqarashini shakllantiradi. 

Qarshilik Ilhom Saidolimov viloyat qo‘g‘irchoq teatrida qo‘g‘irchoq mexanizmi ishchisi. Bugun u yasagan o‘nlab obrazlardagi qo‘g‘irchoqlar o‘ziga xos "tarbiyachi"ga aylangan.

- Bolaligimda bo‘sh qoldim deguncha goh asfaltga bo‘r yordamida, goh tuproqli yerlarga, qolaversa rasm daftarlariga turli shakllarni chizib ketaverardim, - deydi u. - Keyinchalik Qarshi san’at kollejida san’at va madaniyat borasidagi bilimimni oshirdim. Teatrdagi faoliyatim davomida qo‘g‘irchoq yasash usullari, eskizlar chizish va niqob tayyorlash sirlarini chuqur o‘rgandim.

Ilhom dastlab "Hayot saboqlari" ertak tomoshasida Dangasa bola,  Bilag‘on kabi obrazlarni yaratdi. Keyinchalik "Chodir xayol", "Meshpolvon", "Tandir ona saxovati", "Muqbil va Mudbir", "To‘rt egizak", "Mittivoyning sarguzashtlari", "Maqtanchoq quyon", "G‘aroyib yertutlar", "Miu nomli mushukcha", "Do‘stlik uyi" kabi tomoshalar uchun ezgulik va yovuzlik, rostgo‘ylik va yolg‘onchilik, mehnatkashlik va ishyoqmaslik kabi turli fe’l-atvor egasi bo‘lgan qator obrazlarni yaratishga hissa qo‘shgan.

O‘yinchoqlar bolaning murg‘ak tasavvuriga bamisoli toshga o‘yilgan     naqshdek muhrlanib, uning ongida bir umr saqlanib qoladi. Go‘dakning ulg‘ayib, kasb tanlashi, kelajakda qanday yo‘ldan borishi, o‘zining hayot tarzini qanday axloqiy-ma’naviy asoslarga qurishi, hech shubhasiz, bolalikda qanday o‘yinchoqlar bilan oshno bo‘lib o‘sganiga ham bog‘liq. Buni chuqur anglagan usta yangi obraz yaratishga ehtiyotkorlik bilan yondashadi.

Shu o‘rinda bir mulohaza: shiddat bilan rivojlanayotgan axborot va texnika asrida professional ishlangan multfilmlar, internet o‘yinlari oldida qo‘lda yasalgan, oddiygina matodan ishlangan qo‘g‘irchoqlar yosh avlodning diqqatini torta olarmikan?

Bu savol har kuni mutaxassis ustaxonasiga qadam qo‘yishi bilan uni ham qiynay boshlaydi. Ammo, teatr tomoshalariga tashrif buyurib,     sahnadagi har bir qahramonning xatti-harakatlarini jon-dili bilan tomosha qilayotgan, undan ruhiy ozuqa olayotgan murg‘ak qalblarni ko‘rgach, o‘zini qiynayotgan savolga javob topadi.

Ayni kunlarda teatr jamoasi "Boburning yoshligi", "Shumbola" ertak-tomoshalari ustida ishlamoqda. Yangi yaratilayotgan ertaklardagi obrazlar ham bolalar dunyosini boyitishga, mehribonlik, rahmdillik, kattalarga hurmat, mehnatsevarlik, yaxshi xulq kabi sifatlarni shakllantirishga xizmat qilaveradi.

S.ALLAYOROVA