Iqtisodiyot 02.04.2019 86

"TILLAFURUSH" HAM HUNARMANDMI?

Davra suhbati

Ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda Qashqadaryoda 1852 nafar hunarmand faoliyat olib bormoqda. Ularning 500 nafardan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi.

Milliy liboslar tayyorlash, gul bosilgan gazlamalar va chokli buyumlar tikish, kashtachilik, zardo‘zlik, zargarlik, metalldan, tunukadan buyumlar yasash bilan shug‘ullanuvchi hunarmandlar soni ko‘pchilikni tashkil etadi. Ular Prezidentimizning "Hunarmandchilikni yanada rivojlantirish va hunarmandlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni bilan qator imtiyozlardan foydalanib kelishmoqda. 

Bu haqda viloyat davlat soliq boshqarmasida "Soliq tizimida olib borilayotgan islohotlarning hunarmandchilikdagi aksi" mavzusida o‘tkazilgan davra suhbatida ta’kidlandi.

Xalqimizning boy madaniy merosi va tarixiy an’analari milliy hunarmandchilik, xalq badiiy va amaliy san’ati namunalarida namoyon bo‘ladi. Qolaversa, hunarmandlarni qo‘llab-quvvatlash asosida yangi ish o‘rinlari yaratish, oilalar farovonligini ta’minlash mumkin.

Shundan kelib chiqqan holda, mamlakatimizda sohani keng miqyosda rivojlantirish hamda aholi, ayniqsa, yoshlar, ayollar va kam ta’minlangan oilalarni hunarmandchilik bilan shug‘ullanishga rag‘batlantirish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Shu maqsadda ularga qator soliq imtiyozlari berilgan. Xususan,  hunarmandlar hunarmandchilik mahsulotlari ishlab chiqarish va sotish faoliyatini amalga oshirganlik uchun qat’iy belgilangan soliq to‘lovlardan to‘liq ozod etilgan. Shu bilan birga, ular o‘z mahsulotlari eksportidan tushgan xorijiy valyutani erkin tasarruf etish, bank hisob raqamlaridan chet el valyutasini naqd shaklda yechib olish huquqiga ega.

Shu kabi qator imtiyoz va qulayliklardan foydalanib kelayotganlarning barchasini ham hunarmand deyish mumkinmi?

Misol uchun, metall bilan ishlovchi hunarmandlarning aksariyatini darvoza yasovchilar tashkil etishi qayd etiladi. Darvoza yasovchilar hamma mahsulotni tayyor holda sotib oladi,  naqshlar, gullar va boshqa buyumlar. Xaridor buyurtma qilgan mahsulotning bichimiga qarab, metallni qurilma yordamida kesadi, payvandlaydi. Tayyor naqshlar va gullarni o‘rnatadi, bo‘yoq beradi, qarabsizki, darvoza tayyor. Qani bu yerda hunarmandchilikka xos qo‘l mehnati, qani bu yerda milliy an’ana? Biz ularni hunarmand deb ayta olamizmi? Bu yaqqol ko‘rinib turgan tadbirkorlik faoliyati emasmi?

Masalan, bozorda savdo qilayotgan "tillafurush" sanoat mahsulotlarini sotib o‘tiribdi. Lekin hunarmand sifatida faoliyat yuritmoqda. Sotayotgan mahsuloti esa qo‘lda ishlangan zargarlik mahsuloti emas. "Olibsotar"ning hunarmandlikka da’vo qilishi, eng achinarlisi, haqiqiy zahmatkash hunarmandlar uchun berilgan imtiyozlardan foydalanishi  to‘g‘rimikan?

Davra suhbatida hunarmand niqobi ostiga yashirinmoqchi bo‘lgan "uddaburon" tadbirkorlarni aniqlash, ularning faoliyat yo‘nalishini aniqlashtirishga erishish xususida ham fikrlar almashildi.

Jahongir BOYMURODOV