Qishloq xo'jaligi 21.06.2019 142

TILYORAR QOVUNLAR EKSPORTGA YO‘LLANDI

Qashqadaryo va dunyo

Bugun serquyosh zaminimizda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari dunyoning ko‘pgina mamlakatlariga eksport qilinmoqda. Bunda ishbilarmon va uddaburon tadbirkorlarimizning hissasi beqiyosdir. Joriy yilning o‘tgan davrida ham yurtimizda, xususan Qashqadaryo zaminida yetishtirilgan sarxil va totli poliz va meva mahsulotlari chet davlatlarga peshma-pesh jo‘natilishiga erishilmoqda.

Ayni kunlarda ham vohamizning Koson, Chiroqchi va Qamashi tumanlarida pishib yetilgan xushta’m qovunlar Rossiya Federatsiyasiga eksport uchun yuklanmoqda.

Darhaqiqat, mazasi tilni yoradigan qovunlarimiz chet ellarda sevib iste’mol qilinadi. Ularni sotib olish istagida bo‘lgan talabgorlar ko‘plab topiladi. Bu esa o‘z mahsulotini xorij bozoriga yetkazib berishni maqsad qilgan yurtimiz sohibkorlari uchun ayni muddaodir.

Ma’lumotlarga ko‘ra, pishiqchilik mavsumining o‘tgan davrida viloyatimizdagi tadbirkorlar tomonidan 142 tonna qovun eksportga yo‘naltirildi. Mazkur jarayonda viloyatimizdagi eksportchi korxonalar faol ishtirok etgani ahamiyatlidir. Ularning orasida "Oltin voha agro invest" MCHJ ham bor.

- Ayni vaqtga qadar rossiyalik hamkorlarimizga sara va eksport talabiga mos qariyb 70 tonna qovun yetkazib berdik, - deydi ushbu tashkilot rahbari Abdulxay Namozov. - Xorijlik ishbilarmonlar bilan bir necha turdagi qishloq xo‘jaligi noz-ne’matlari oldi-sotdisi bo‘yicha manfaatli kelishuvlar imzolaganmiz. Ularga ko‘ra, qovundan tashqari tarvuz, shaftoli kabi sarxil qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinishi mo‘ljallangan.

Qayd etish joiz, har qanday mamlakat iqtisodiy qudrati uning jahon bozoridagi ishtirokiga, eksport salohiyatiga qarab baholanadi. Shu bois mamlakatimizda ham xorijga mahsulot chiqarish ko‘lamini oshirish, bu boradagi imkoniyat va resurslardan to‘laqonli foydalanish masalasi ustuvor ahamiyat kasb etayapti. Shunga hamohang mahalliy ishlab chiqaruvchilarni eksport faoliyatiga jalb etish, tashqi savdo bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan ishbilarmonlarga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilgan choralar ko‘rilmoqda, soha vakillariga bisyor yengilliklar taqdim etilayapti.

Aziza XUSHVAQTOVA,

viloyat bojxona boshqarmasi axborot xizmati xodimi