Ma'naviyat 09.04.2019 129

TO‘G‘RI KELGANINI EMAS, TANLAB O‘QISH ZARUR

Din va dunyo

Islom dini ilmni ulug‘lagan, ko‘kka ko‘targan, olimlarga yuksak maqomlarni va’da etgan, ilm gunohlarga kafforat ekanini uqtirgan yagona dindir. U barcha mo‘min-musulmonlarga ilm olishni farz qilib belgiladi, o‘z o‘rnida olimlarning obidlardan afzalligi, olimlar oyog‘i ostiga farishtalar qanot yozishi, ilm davrasiga Allohning rahmati yog‘ilishi, ilm tarqatganlarga vafotidan keyin ham savob, ajr-mukofot to‘xtamay yetib turishi, olimlar qiyomat kuni o‘z yaqinlarini shafoat qilishi, ular nabiylar bilan bir maqomda bo‘lishi va’da qilingan.

Jumladan, Qur’oni karimning 740 o‘rnida ilm, hikmat va ma’rifat to‘g‘risida oyat keltirilgan. Alloh taolo o‘zining oxirgi va mukammal kitobi bo‘lgan muqaddas Qur’oni karimni ham aynan "O‘qi!" so‘zi bilan boshlagani bejiz emas.

Demak, har bir musulmon imkoni boricha o‘rganishga urinishi lozim. Chunki hadisi sharifda ham beshikdan qabrgacha ilm o‘rganishga buyurilgan. Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallamning sunnatlariga amal qilgan odam ulkan savoblarga ega bo‘ladi va ikki dunyoning baxtu saodatiga erishadi.

Ilm bor yerda kitob ko‘payadi. Kitob bor yerda ilm rivojlanadi. Ilm rivojlangan yerda taraqqiyot bo‘ladi, xalq farovon yashaydi, mamlakat obod bo‘ladi.

Ta’kidlab o‘tish joizki, kitob, ayniqsa, diniy manbalarni o‘qish uchun ham kishi avvalo uning qandayligini anglab yetmog‘i kerak. Chunki hadisi shariflarda "Albatta bu din ilmidir. Uni kimdan o‘qiyotganingizga e’tibor bering" deyilgan.

Biz qaysi kitobni o‘qishimizga, uning muallifiga ham diqqat bermog‘imiz kerak bo‘ladi. Xususan, diniy kitoblarda bu narsa o‘ta muhimdir. Buning uchun ahli sunna val jamoa aqidasiga to‘g‘ri keladigan, hanafiy mazhabida yozilgan asarlar kifoyadir. Bilib-bilmay keraksiz kitoblarni o‘qib, aqidada yoki mazhabda adashib qolishdan saqlanish zarur.

Hozirgi globallashuv zamonida kimdir internet orqali, yana kimdir dinga oid ma’ruzasi bilan odamlarni chalg‘itishga, e’tiqodidan burishga, turli nizolarni keltirib chiqarishga urinayotgani hech kimga sir emas. Yana kimlardir azaldan ota-bobolarimiz e’tiqod qilib kelgan moturidiya yo‘nalishi hamda Yer yuzi musulmonlarining aksarini tashkil etadigan hanafiy mazhabi g‘oyalariga zid tushunchalarni tarqatib, yosh avlodning boshini gangitib, musulmonlar o‘rtasida turli g‘arazliklarni, fitna va ziddiyatlarni urchitishga harakat qilmoqda.

Bu yo‘lda adashmaslik uchun duch kelgan narsani o‘qiyvermasdan, o‘zimizning allomalarning hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita tasdig‘idan o‘tgan, yurtimiz nashriyotlarida bosib chiqarilgan kitoblarni mutolaa qilish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Alloh taolo ilmga bo‘lgan mehrimizni, kitobga bo‘lgan rag‘batimizni kuchaytirsin. Ajdodlarimizning asarlarini o‘rganib, hayotimizga tatbiq qilishni barchamizga birdek nasib aylasin.

Rahmatillo USMONOV,

O‘zbekiston musulmonlari idorasining viloyatdagi vakili