Tibbiyot 15.11.2018 94

TO‘G‘RI OVQATLANISH – SALOMATLIK GAROVI

Seminar-trening

TO‘G‘RI OVQATLANISH – SALOMATLIK GAROVI

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, inson salomatligini belgilovchi omillarning 50 foizi ovqatlanish va hayot tarziga, 20 foizi naslga va 10 foizi tibbiy xizmat sifatiga bog‘liq. Bundan kelib chiqadiki, har bir kishi yashash tarzi va ovqatlanish madaniyatiga nihoyatda e’tiborli bo‘lishi darkor. Abu Ali ibn Sino ham uzoq umr ko‘rishning asosiy omili sifatida to‘g‘ri ovqatlanish masalasiga alohida e’tibor qaratgan. 

Bu haqda viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida “Sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollik” mavzusida o‘tgan seminar-treningda atroflicha fikr yuritildi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi va uning viloyat boshqarmasi, “Salomatlik-3” loyihasi hamda Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy tadqiqot instituti viloyat bo‘linmasi hamkorligida “Sog‘lom hayotga qadam bos!” shiori ostida tashkil etilgan mazkur tadbirda sog‘lom ovqatlanish va jismoniy faollikni targ‘ib qilishga e’tibor qaratildi. Unda mahallalar faollari, “Oila” ilmiy-amaliy markazi xodimlari  va OAV vakillari ishtirok etdi.

Seminar-treningda ta’lim muassasalari oshxonalaridagi ahvol ham tahlil qilindi.

Ma’lumki, maktab oshxonalarida o‘quvchilarga taklif etilayotgan yeguliklarning sifatini nazorat qiluvchi maxsus komissiya faoliyati yo‘lga qo‘yilib, issiq ovqat, turli sharbatlar, pishiriqlarning asosiy oziq moddalar - oqsil, yog‘, uglevod, turli vitaminlar, minerallarga boy bo‘lishiga oshxona xodimlari javobgar ekanligi belgilangan.

- Afsuski, ko‘pchilik maktablarda sotilishi taqiqlangan mahsulot va taomlar mavjud, - deydi Jamiyat salomatligi va sog‘liqni saqlashni tashkil etish ilmiy tadqiqot instituti viloyat bo‘linmasi mutaxassisi Gulnoza Berdimurodova. - Gamburger, chizburger, xot-dog, sosiska va kolbasa mahsulotlari, chips, gazlangan salqin ichimliklar sotilmoqda. Maxsus komissiya bu bo‘yicha ta’sirchan choralarni ko‘rishi zarur. 

Tadbirda, shuningdek, davolash-profilaktika muassasalarida parhez ovqatlanishni tashkil etish, ovqatlanishning ozuqaviy va biologik qiymatini ta’minlash, ortiqcha vaznni yo‘qotish va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglanib, muhokama etildi.

Mutaxassislarning fikricha, noratsional ovqatlanish oqibatida yuzaga keladigan qandli  diabet, ateroskleroz, yurak-qon tomir, ortiqcha vazn, buyrak va hazm a’zolari kasalliklarini davolashda ilmiy asosdagi parhez taomnomalarni yaratish maqsadga muvofiqdir.

Shohista BOZOROVA