Jamiyat 12.07.2019 115

TO‘RIQ QASHQA NEGA OLIB KETILDI?

Ijro jarayonida

Hayot yo‘llari ayri tushgan bo‘lsa-da, alimentni kishi bolalarining ta’minoti, ular voyaga yetguncha to‘la-to‘kis yashashi uchun to‘laydi. Topish-tutishi haminqadar odamni-ku tushunish mumkindir, o‘zini eplolmayotgandir, ammo yetarli imkoni bo‘la turib, o‘z bolasini moddiy ta’minlashdan surbetlarcha bo‘yin tovlaydigan kimsalar ham bor.

Majburiy ijro byurosi Qamashi tuman bo‘limi ish yurituviga qarzdor T.D.dan undiruvchi Q.S. foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun oylik ish haqi va  boshqa daromadlarining to‘rtdan bir qismi miqdorida aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjati kelib tushgan.

Ijro harakatlari davomida ma’lum bo‘lishicha, T.D. 2016-yil 2-yanvardan buyon aliment pullarini to‘lamasdan kelgan va natijada uning qarzdorligi 11 million 734 ming so‘mga yetgan.

O‘tgan davr ichida tegishli tashkilotlarga muntazam so‘rovnomalar yuborilishiga qaramay qarzdor nomida hech qanday mol-mulk yo‘qligi bayon qilingan. Doimiy yashash manzili bir necha bor ko‘zdan kechirilganda ham undiruvga qaratish mumkin bo‘lgan mol-mulklar aniqlanmagan. O‘z navbatida u bir necha marotaba ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortilishi borasida ogohlantirilgan.

Biroq shu yilning 28-iyunida T.D.ning yashash xonadoni hamda yordamchi xo‘jaliklari qayta ko‘zdan kechirilganda, bolali to‘riq qashqa oti mavjudligi aniqlangan.

Shunga ko‘ra, davlat ijrochilari ikki bosh otni xatlash to‘g‘risida dalolatnoma rasmiylashtirib, tegishli tartibda realizatsiya qilish uchun olib ketishdi.

"Mol achchig‘i - jon achchig‘i" deganlaridek, ikki yarim yildan beri aliment to‘lamasdan kelgan fuqaro darhol 11 million 734 ming so‘m pulni qayerdandir topaqoldi va qarzdorligini to‘liq qopladi,  kelgusida alimentni o‘z vaqtida to‘lab borishi borasida va’dalar berdi.

Otlar esa egasiga qaytarildi.

O‘ylab qolasan kishi: imkon borida mol qo‘ldan ketishini kutish shartmi?! Axir u farzanddan aziz emasku...

M.ESHIMOV,

Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi katta inspektori