Jamiyat 04.06.2019 146

TUYA GO‘SHTI YEGAN PENYA yoxud Qarshida tabiiy gaz iste’molchilarini nima sarosimaga solayapti?

Bugunning gapi

TUYA GO‘SHTI YEGAN PENYA

yoxud Qarshida tabiiy gaz iste’molchilarini nima sarosimaga solayapti?

Shu kunlarda Qarshi shahri gaz idorasiga ishi tushgan deyarli hammaning og‘zida bir gap: "Qarzim yo‘q, ammo falon so‘m penya chiqibdi. To‘lamasa bo‘lmasmish". Bu holga faqat bir-ikki kishi duch kelgan bo‘lsa ham mayli edi. Tushunsa bo‘lardi. Axir intizomsiz iste’molchilar ham yo‘q emas-da oramizda. Biroq qizig‘i, dabdurustdan xabari berilgan ushbu "siylov"dan bebahra odamni uchratmaysiz hisobi. Bevosita joyiga borib o‘rganish asnosida ham bunga to‘la ishonch hosil qildik.

Kimdir penya xabarini eshitib sarosimaga tushgan, kimningdir jig‘ibiyroni chiqqan. Buni ularning yuziyu so‘zidan bilish ham qiyin emas. Hayratdan yoqa ushlayotgan iste’molchilar ham topiladi. Ayrimlarini suhbatga tortdik.

- Qarzni to‘layman, deb kelsam, 235 ming so‘m penya chiqarib o‘tiribdi, - deydi Qarshi shahri Kat mahallasida yashovchi Tamara Ikromova. - Kompyuterga qarab aytishdi. Hisoblagich bo‘yicha o‘tgan oy 6 ming so‘m ishlagan. Doim oyma-oy to‘lov qilib kelganmiz. Ortiqchasi bilan 50 ming so‘m to‘lamoqchi edim. Endi bu ahvol. Nimaga bunday qilishadi, hayronman. Yo‘q joydan penya deb tursa. Oilada bir o‘zim ishlayman. 500 ming so‘m maosh olaman. Osonmas-da. Qay biriga yetkazaman?!

Chaqar mahallasilik Gulbahor Xudoyorova ham intizomli iste’molchi bo‘lish payidagi fuqarolardan. O‘zi pensioner. O‘tgan oy foydalanilgan tabiiy gaz uchun qarzdorlikni so‘ndirgani kelgan. Qarzdan qutulgani yetmaganidek, abonent daftarchasi ustiga 186 ming so‘m penya, deb yozib qo‘yishibdi. Shoshib qolgan fuqaro 150 ming so‘mini to‘lab ham beribdi.

Albatta, iste’molchilarning iddaosi ham to‘g‘ri, e’tirozi o‘rinli. To‘lovini oyma-oy qilgan bo‘lsa, nega unga penya hisoblanishi kerak? O‘zi bu chora qachon qo‘llanishi mumkin? Shu o‘rinda masalaning huquqiy tomoniga bir ko‘z yugurtirishni lozim topdik.

Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-yanvardagi 22-son qaroriga asosan "Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari" tasdiqlangan. Unda keltirilishicha, iste’molchi oy tugaganidan so‘ng 10 kun mobaynida iste’mol qilingan gaz hajmi uchun tabiiy gaz iste’molini hisobga olish priborlari ko‘rsatkichlari yoki belgilangan meyorlar asosida to‘lovni amalga oshiradi. Tegishli muddatda iste’mol qilingan tabiiy gaz haqi o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda, iste’molchi gaz ta’minoti tashkilotiga qonun hujjatlarida belgilangan miqdorda penya to‘laydi. Hozirda bu miqdor qarz umumiy summasining 0,1 foizini tashkil etadi.

Bir qarashda bu arzimagan raqamdek ko‘rinadi. Aytaylik, iste’molchining muddatidan kechikkan 100 ming so‘m qarzdorligi bo‘lsa, unga o‘tgan har bir kun uchun 100 so‘mdan penya hisoblanishi, ammo bu miqdor qarz summasining 50 foizidan oshib ketmasligi kerak. Demak, fuqarolarga yozib berilayotgan penya bir yo ikki oyda shakllanib qolmagan. Bugun gardaniga hatto 2 million so‘mgacha penya ilingan iste’molchilar borligi shunday deyishimizga asos bo‘ladi. Mana bir misol. Qarshi shahri Gulshan mahallasida istiqomat qiluvchi Nigora Hamidova xonadoniga gaz uchun 1 million so‘mdan ziyod penya hisoblangan.

- Yashab turgan uyimizni 2017-yilda birovdan sotib olganmiz, - deydi fuqaro. - Notariusdan o‘tkazguncha, uy egasi MIBdan gazdan qarzi yo‘q, degan ma’lumotnoma olib kelib beruvdi. Tartibi shunday ekan. Bugun bilsak, 5-6 yilligini ko‘tarishibdi. Bizda shuncha penya bor ekan. Qiziq, qarzi bo‘lmasa, penya qayoqdan keldi?!100 mingning nari-berisida bo‘lsa ham boshqa gap edi. To‘lab ketardim. Bunga qayerdan topaman pulni. Maktabda o‘qituvchi bo‘lib ishlayman, kommunaldan qarzi yo‘q, degan "spravka" talab qilishadi. Shunga keluvdim o‘zi. Endi bu penyani oyligimdan ushlab qolishmasa yaxshi edi. Qiynalib topgan pulimizni yemay-ichmay, shu penyaga ishlatamizmi?!

Ma’lum bo‘ladiki, fuqaro yangi uyda yashay boshlaganiga endi 2 yil bo‘libdi. Aytganidek, iste’mol qilingan tabiiy gaz haqini oydan oyga o‘tkazib ham yubormagan. Chunki ish joyiga doim qarzi yo‘q degan ma’lumotnoma topshirgan. Xo‘sh, shu qisqa fursatda unga 1 million so‘mdan ko‘p penya hisoblanishi mumkinki? Har oyning oxirgi sanasida to‘lov qilgan taqdirda ham buncha chiqmaydi. Qaysi "aqlli" kompyuter hisoblagan buni? Yemagan    somsaga pul to‘lashmi bu? Qani bu yerda mantiq, qani adolat?!

Ushbu ta’minot korxonasining boshqa bir mijozi - Qarshi tumanilik A.Xudoyqulov bilan yuz bergan holat hammasidan oshib tushdi. Iste’molchining bildirishicha, bir necha yil oldin unga tabiiy gazdan qariyb 1,5 million so‘m noreal qarzdorlik hisoblangan. Fuqaro buni isbotlab bergach, asossiz qarz tegishli akt hujjati bilan yurituvdan olib tashlangan. E’tiborlisi, iste’molchi bugungi kunda unga yozilgan 500 ming so‘mdan ko‘p penyadan norozi bo‘lib abonent kartasini ko‘zdan kechirganda, o‘tgan davrdan beri aynan shu qarzdorlik summasiga ham jarima qo‘llab kelinayotgani ma’lum bo‘lgan. Shuning o‘ziyoq ushbu jarayon xolis kechayotganini   shubha ostida qoldiradi.

Qolaversa, odamlarni o‘ylantirayotgan boshqa bir savol bor. Ta’minotchi korxona iste’molchilarning kechiktirilgan qarzdorlikdan hosil bo‘lgan penyasi 5-6 yil davomida yig‘ilib borishiga nega yo‘l qo‘yib berdi? Nima uchun uni vaqtida, oyma-oy undirib bormagan, aholini xabardor etmagan? Penya uchun bir oyda 4-5 ming so‘m to‘lagan qaydayu, 72 oyda bir necha million so‘m?! Albatta, ikkinchisi har qanday kishiga og‘ir botadi. Shuningdek, qarzi yo‘qligi haqidagi ma’lumotnomalar nimaga asoslanib yozib berilgan? Xullas, penya masalasi nega aynan hozirgi paytga kelib kun tartibiga chiqarildi? Oldinroq qayerda edi shu gaplar? Ana shunday savollar bilan Qarshi shahar gaz uchastkasi mutasaddilariga yuzlandik.

- "Oblgaz"ga borasiz, penya masalasida ular to‘liq javob berishadi, biz uchastka bo‘lib qolganmiz, ta’minot bilan shug‘ullanamiz, xolos, - deydi uchastka muhandisi Nodir Sharopov. - Kassada o‘tirganlar ham bizning ishchilar emas. Hammasi MIBning xodimlari. Xullas, penyani biz hisoblamaymiz. 2013 yildan beri kompyuterga kiritiladi. Qarzdorlik bo‘yicha 278-sonli qaror bor. Shu bo‘yicha tartibga solinadi. Hisob-kitob bizga qaragan payti, 2015 yil aholi janjal qilib kelgach, o‘rtada bir-ikki yil to‘xtadi. Shu yil yanvar oyida Toshkentdan, "O‘ztransgaz"dan komissiya kelib, penyani undirish masalasini ko‘tarib ketdi. Bo‘lgani shu. Nega qayta joriy qilingani, huquqiy asosini keltirishga vakolatimiz yo‘q.

Mas’ulning so‘zlaridan anglash mumkinki, bu yuqoridan bo‘lgan topshiriq. Boz ustiga, penyani undirishni istalgan payti to‘xtatib, yana qayta yo‘lga qo‘yishayotganiga nima deysiz?! G‘alati-a, shunday emasmi?! Nima, bu ishlar odamlarning asabini sinash uchun qilinadimi? Penyasi tug‘ib yotgan iste’molchini avval bamaylixotir, xotirjam yurishiga qo‘yib berib, keyin birdan sarosimaga solishdan, falon so‘m penyang, bor deb yurak yorishdan qanday maqsad ko‘zlangan?

- Penya kecha yo bugun chiqqan yangilik emas, 2005 yildan beri bor bu chora, - deydi Qashqadaryo bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali direktori o‘rinbosari Shokir Qodirov. - Iste’molchi qarzdorligini oyning 10-sanasiga qadar so‘ndirmadimi, dastur unga penya hisoblab ketaveradi. Hammasi avtomatik bajariladi. Faqat 50 foizdan o‘tkazmaydi. Bu masala nega hozir asosiy masalaga aylandi? Chunki ilgari e’tiborsizlik bor edi-da. Endi xalqning o‘zi qo‘zg‘aldi. "Spravka", shunga o‘xshash u-bu narsa chiqdi. Uyni oldi-sotdi qilayapti, shunda qarzi yo‘qligi haqida ma’lumot olishi kerak. Menda penya bormi-yo‘qmi, deb fuqaroning o‘zi qiziqayapti-da. Avval bu masalada kam odam murojaat qilardi. Endi ko‘paydi. Penya dolzarb bo‘lgani sababi ham shu.

Siz mutasaddining gaplaridan nima tushundingiz? Go‘yoki penya degan jabrni aholi o‘zi istab sotib olgan, degan ma’no kelib chiqadi. O‘zi tashabbuskori bo‘lgan narsadan o‘zi bexabar bo‘lishi mumkinmi? Xo‘p, loqaydlik bo‘lgan ekan, bunga kim aybdor, ta’minotchimi yo iste’molchi?  Axir shu paytgacha penyasi borligi biror joyda, na abonent daftarchasiga tikiladigan to‘lov kvitansiyasi (bu hujjatda "penya" degan alohida band bor - mual.)da, na fuqaroga taqdim etilayotgan qarzsizligini tasdiqlovchi ma’lumotnomada qayd etilmagan. Jilla qursa, ogohlantirish ham berilmaganku. Shokir Qodirov ham o‘z og‘zi bilan aytib turibdi, oxirgi paytda gaz idorasiga "spravka" so‘rab kelgich ko‘paygan. Endi esa buni qulay fursat bilib, hech ikkilanmay foydalanishgan-qo‘yishgan.

Bu yerda kim haq o‘zi?! Uni-buni bahona qilib, iste’molchidan 5-6 yillik penyani undirish uchun huquqiy asos bormi?

- Penya bo‘yicha ko‘p muammo bo‘layapti, ko‘p ariza tushayapti, - deydi Qarshi shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish tashkiloti huquqiy himoya mutaxassisi Rustam Berdiyev. - Shu masala yuzasidan fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudiga ikki fuqaro nomidan da’vo arizasi ham kiritdik. Hali hal qiluv qarorini olmadik. Shunday bo‘lsa-da, bu masalani yuridik jihatdan baholash mumkin.  Bunda ikkita xatoga yo‘l qo‘yilayapti. YA’ni birinchidan, ta’minot korxonasi va aksar iste’molchilar o‘rtasida shartnoma mavjud emas, shu kungacha  tuzilmagan. Agar shartnomaviy munosabat rasmiy bo‘lmasa, uning kuchi yo‘q degani. Iste’molchiga majburiyat yuklab bo‘lmaydi. Qolaversa, hisoblash noto‘g‘ri bo‘layapti. YA’ni Fuqarolik kodeksi 150-moddasiga ko‘ra, da’vo muddati uch yil etib belgilangan. Bundan chiqadiki, 2016-yildan berisi qamrab olinishi kerak. Aslida penya yildan yilga o‘tmasligi darkor. Iste’molchiga to‘lang deb, xat berilishi lozim edi. Ma’lum bo‘lishicha, hisob raqami boshqa deb, penyani alohida hisobga undirishayapti. Unutmaslik kerakki, penya ham qarzdek narsa.

To‘g‘ri-da. Penya ham jarima sifatidagi chora, iste’molchi zimmasidagi qarz. O‘tgan yillari fuqarolarga tegishli ma’lumotnoma berib kelgan gaz idorasi qanday qilib ularni yana qarzdorga chiqarishi mumkin?! Uddaburonlikni qarangki, bugun mazkur amaliyotni qo‘llashda sal boshqacha yo‘l tutishayapti. Endi ma’lumotnomada birvarakayiga ham qarzdorlikni, ham penyani aks ettirishayapti. YA’ni, tabiiy gazdan asosiy qarzdorlik yo‘q, lekin falon so‘m penya bor. Bir o‘ylab ko‘raylik. Budjet tashkilotida ishlovchi iste’molchi bu hujjatni o‘z ish joyiga taqdim etdi. Mavjud tartibga ko‘ra, qarz xodimning oyligidan ushlab qolinadi. Xo‘p, tag‘in penyaga deb shu maoshdan mablag‘ undirilmasligiga kim kafolat beradi?!

Yana bir jihat. Ta’minotchi korxona so‘nggi paytda iste’molchilarning gaz haqini vaqtida to‘lamayotganiga qattiq yopishib olgan. Ular talabicha ham boraylik. Buning uchun barcha sharoit yaratib berilganmi o‘zi?! Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Qarshi shahar gaz uchastkasiga 126 ming maishiy iste’molchi - aholi vakili qaraydi. Ta’minotchining shuncha kishidan oyning 10-sanasigacha to‘lovlarni to‘liq qabul qilib olishga imkoniyati yetadimi? Agar o‘rtacha ming fuqarodan to‘lov qabul qilish kerak bo‘lsa, ularning har biriga 5 daqiqadan vaqt ketsa ham, shahar gaz idorasi yonida tashkil etilgan qabul jarayonida bunga bir kunda ulgurish amri mahol. Axir biz 126 ming iste’molchi haqida gapirayapmiz. O‘sha kuni bu yerga ertalab 6 dan borgan ayrim fuqarolarga 1-2 soatda ham navbat tegmayotgani bu tizim qanday ishlashini yaqqol ko‘rsatib turibdi. Aholiga yoppasiga penya yozishdan avval shu haqda ham bafurja bosh qotirishsa yaxshi bo‘lardi chamamda.

Boz ustiga, "Tabiiy gazdan foydalanish qoidalari"ning faqat penyaga daxldor bandi ijrosini bajarishda jonbozlik ko‘rsatayotgan ta’minotchi boshqa majburiyatlarini ham sidqidildan ado etsa barchaga foyda bo‘lardi nazarimizda. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining o‘sha 22-son qarorida maishiy iste’molchilarga tabiiy gaz iste’molini hisobga olish zamonaviy uskunalarini xarid qilish, o‘rnatish, ro‘yxatdan o‘tkazish, davriy davlat qiyoslovi va plombalash tegishli ravishda hududiy gaz ta’minoti tashkilotlari mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi, deb qat’iy belgilab qo‘yilgan. Oxirgi paytda bu masala ham nuqul iste’molchi gardaniga yuklab qo‘yilayotgani ayni haqiqat. Ta’minotchi o‘z hisobidan biror aholi xonadoniga "schetchik" olib borib o‘rnatib berganini yaqin orada eshitmadik.

To‘satdan dolzarblik kasb etgan penya masalasini odamlar o‘zicha tusmol etayotgani ham bor gap. Kimdir "gazchilar ishida kami chiqqani uchun shuni to‘ldiraman deb, yoppasiga aholiga penya solishayapti", degan gumonni bildiradi. Ammo bunisi bizga qorong‘i, dalil-isbotsiz aniq bir fikr aytishga ojizmiz. Qolaversa, bu tashkilotdan ilgari ham pand yeganlar ko‘p bo‘lgan. Kamomad bo‘lib qolsa, katta pulni shartta fuqarolarga taqsimlab tashlashgani, natijada noreal qarzdorliklar yuzaga kelgani avvallari ko‘p quloqqa chalingan. Qarz asossiz mindirilgani ko‘p bora o‘z isbotini ham topgan.

Sarlavhani ham bekorga bunday tanlamadik. Agar homilador ayolning tug‘rug‘i kechiksa, tuya go‘shti yeganmi, deyisharkan momolarimiz.  Chunki tuya go‘shti tanovul qilgan xotinning oy kuni biroz kechikarkan. Bu naql ayni holatga ham juda mos kelayapti. Aftidan, gaz idorasida ishlovchi mutasaddilar ham aholi penyasiga tuya go‘shti yedirib rosa bo‘rdoqiga boqishgan ko‘rinadi. Aks holda, arzimagan 0,1 foiz hisobidan kelib chiqqan jarima yillar o‘tgani sari ko‘payib, katta bir summa holida endi-endi namoyon bo‘lmasdi, "tug‘rug‘i" bunchalik kechikmasdi. Bu esa haqli ravishda iste’molchini esankiratib qo‘yayapti. 

Mirzohid JO‘RAYEV,

jurnalist