Jamiyat 05.07.2019 36

"TOG‘LARNI YOMON KO‘RAMAN!.."

Birni ko‘rib fikr qil

"TOG‘LARNI YOMON KO‘RAMAN!.."

Prezident afv etgan  ayol bilan suhbat

"Juda yosh turmushga chiqdim. Ota-onam biladi, dedim, ko‘ndim. Turmush o‘rtog‘imning ota-onasi ajrashgan, uch aka-uka tashvishi yolg‘iz onasining zimmasida edi. Uch o‘g‘ilda uch yuz tashvish: o‘qish, ish, yeb-ichish, kiyinish, fotiha to‘y, uylanish to‘yi, sunnat to‘y, uy-joy qurish va hokazo. Bularning oxiri ko‘rinmasdi. Shu sababli turmush o‘rtog‘im ham, akalari ham tez-tez Rossiyaga ishlagani borib kelishar ekan.

To‘yimizdan so‘ng bir oyga qolmasdan meni ham o‘zlari bilan olib ketishdi. Avvaliga hammasi risoladagiday edi. Lekin to‘satdan erimning odatlari, fikrlash tarzi o‘zgarib, shubhali kishilar bilan bordi-keldi qila boshladi. Bahonasi ham tayyor edi - biz bu yerlarga pul topgani kelganmiz. Bu odamlar esa bizga pul berardi.

Meni yurt sog‘inchi kundan-kun qiynasa-da, ortga qaytib ketishga ijozat yo‘q edi. Oradan ikki oy o‘tgach, erim menga bildirmasdan pasportimga viza qo‘ydirtirib, turli sabablarni vaj qilib, butunlay boshqa yurtga olib ketdi.

* * *

Fayzsiz o‘lka. Nursiz yurt. Harqalay, esimni taniganimdan beri bu davlat haqida faqat urush va notinchliklardan iborat tasavvurga ega edim. Bu ham yetmaganday, opam ham oilasi bilan bizga qo‘shilib kelgandi. Erim ekstremistlarning ta’sirida edi. Bir oy ichida qo‘poruvchilik harakatlarida ishtirok etayotgan vaqtida u halok bo‘ldi. Uning uchun qanchalik qayg‘urganimni bilmayman, chunki bu yakunni kutgandekman. Axir erimning harbiy sohada na ma’lumoti, na mahorati bor edi. U shunchaki havoyi orzulari to‘riga o‘ralashib qolgan, barcha harakatlarini ko‘r-ko‘rona, homiylari irodasi bilan bajaruvchi "mavjudot" edi, nazarimda.

Ammo haqiqiy azobli kunlarim shundan keyin boshlandi. Notanish joylar, notabiiy hayot tarzi tinka-madorimni quritdi. Menga tili begona xalqning tilini, yashash tarzini o‘rgandim. Bir so‘z bilan aytganda, jon saqlab qolish uchun kurashda davom etdim.

* * *

Bir yarim yildan so‘ng ikkinchi marotaba turmushga chiqishga majbur bo‘ldim. Farzand ko‘rdim. Ammo mudom Vatanga qaytish uchun yo‘l qidirardim (keyinroq bilsam, turmush o‘rtog‘im bilan bir-birimizdan yashirincha Vatanga qaytish uchun birdek imkon izlar ekanmiz). Shu darajada tahlikada, bir-birovga ishonchsizlikda yashardikki, turmush o‘rtog‘im menga, men esa unga qaytish haqidagi fikrimizni aytishga qo‘rqardik. Tasodifan niyatimiz bir ekanini bilib qolgachgina birgalikda ortga qaytish uchun chora izlay boshladik.

Bir kuni opam bilan qochmoqchi bo‘ldik. O‘sha kuni u negadir chiroyli, qip-qizil libosini kiyib chiqdi. Menga kulib qarab: "Singiljon, agar bu yerlardan eson-omon qutulib ketsang, iltimosim, bir hovuch duoda meni yo‘qlab qo‘y", dedi. Ishonasizmi, oradan o‘n besh daqiqa o‘tar-o‘tmas bomba tagida qoldi. Shu yerda men ham o‘qqa uchib, ikki oylik chaqalog‘imning ustiga yiqilibman. Hushimga kelsam, o‘q oyog‘imning bir qismini o‘pirib ketgan...

Qayta-qayta o‘n martalab operatsiyani boshdan kechirdim...

Opamning, pochchamning hatto qabrini ham topolmadim...

Bu orada 7 yil o‘tib ketdi. Vatanimizda ro‘y berayotgan o‘zgarishlar haqida eshitib, yana jon-jahdimiz bilan qaytish harakatiga tushdik. Aslida, har qanday vaziyatda ham qaytishga tayyor edik.

* * *

...Va nihoyat, ona Vatandamiz! Bizni chegarada kutib olishdi. Vatan tuprog‘iga ko‘zda yosh bilan qadam qo‘ydik. Erimni so‘roqqa olib ketayotgan o‘zbekistonlik askarga 4 yoshli o‘g‘lim: "Dadamni otasanmi, mujohid? Onamni o‘ldirasanmi?", debdi (o‘g‘lim harbiy kiyimdagi har qanday askarni "mujohid" deb bilardi). To‘rt yoshida dunyoning to‘rt ming dahshatini boshidan kechirishga ulgurgan, yoshidan erta ulg‘ayib qolgan, zulmat ichida katta bo‘lishga majbur o‘g‘limning gapi askarning qalbini larzaga soldi, ko‘zlaridan tirqirab yosh sizib chiqdi. O‘g‘limni shart ko‘tarib, bag‘riga bosib: "Vatan o‘z bolasini o‘ldirmaydi, Prezident o‘z farzandini kechirdi. Otang ham, onang ham doim yoningda bo‘ladi, ular bilan endi baxtiyor yashaysan", dedi. Shu gaplardan bolamning quvonchli nigohini ko‘rganingizda edi! Uning hayajon bilan urayotgan yuragini eshitganingizda edi! Askar shunday gapirdiki, har qanday odamga shubha, hadik bilan qaraydigan o‘g‘lim ishondi!

Bizga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikning chek-chegarasi yo‘q edi. Bundan faqat vijdonim qiynalar, lekin men zarrachayam, zig‘irchayam haqqim bo‘lmagan bu mehrga zor edim, intizor edim...

* * *

Sevimli va qadrdon ota uyimga yetib keldik. Yetti yil diydorimga zor bo‘lgan onaizorimning faryodlari olamni tutib ketdi. Qip-qizil atirgulday yonimda turgan opamni ko‘z o‘ngimda boy berganimni, hozirda eslagim ham kelmaydigan sobiq turmush o‘rtog‘imning aldovlari ortidan xazon bo‘lgan yetti yillik umrim lahzalarini paydar-pay so‘zlab berganday bo‘ldim.

Ming tashakkur, biz kabi adashganlarning ko‘kragidan itarishmadi. Aksincha, Prezident maslahatchisi, viloyat hokimi holimdan xabar olib, tinch va osoyishta hayotga ko‘nikib ketgunimcha moddiy-ma’naviy qo‘llab-quvvatlashdi. Mendan ayblovlar olib tashlandi, yangi pasport oldim, o‘g‘limga guvohnoma olish arafasidamiz. Hokimiyatdagilar, mahalla-ko‘y xabar olib turishibdi.

* * *

Hayotim izga tushganidan juda xursandman. Lekin o‘g‘limdan xavotirdaman. Uyimiz Qarshi aeroportiga yaqin. Samolyot uchsa, burchakka tiqilib: "Yotinglar, hozir bomba tashlaydi!", deb baqiradi. Ko‘zlari qo‘rquvdan katta-katta bo‘lib ketadi. Bu boshida boshqalarga kulgili tuyuldi. Lekin tug‘ilgandan buyon urush ichida katta bo‘lgan o‘g‘limni faqat men tushunaman. Uning bolaligi qo‘rquv va dahshat ichida o‘tishiga   aybdor ham, uning bu qiliqlariga chidaguvchi, toqat qiluvchi, qayta tarbiya qilishga mas’ul va majbur ham o‘zimman...

* * *

Qarshi juda go‘zallashib ketibdi. Qarab ko‘zim quvnayapti. O‘g‘lim bilan maza qilib aylandik. Bir kuni tog‘alari bilan yangi bunyod etilgan "Vatanparvarlar bog‘i"ga bordik. U yerdagi tanklar, samolyotlarni ko‘rib, o‘g‘lim zorillab bo‘ynimga osildi. Murg‘ak yurakchasida qayta uyg‘ongan qo‘rquv va dahshat vujudimga titroq soldi. Bir men, bir tog‘alari bu tank va samolyotlar shunchaki ko‘rgazma uchun turgani, ular hech kimga qarata o‘q otmasligini, aksincha, Vatanimizga qarshi chiqmoqchi bo‘lganlarga qudratimizni namoyish etish uchun, qolaversa, ibrat uchun qo‘yilganini aytdik. Zo‘rg‘a tushuntirdik, zo‘rg‘a yupatdik...

* * *

Onam o‘q tekkan, qo‘rqinchli tusga kirib qolgan oyog‘imga ishora qilib: "Og‘rimayaptimi?" deb tez-tez so‘raydi, dori-darmon suradi. Men aytgim keladi: "Oh, mehribonim-a! Siz qalbimdagi dog‘larga, darzlarga, Vatandan yiroqda chekkan azoblarimdan qolgan yaralarga malham topolasizmi?! Erkalik qilib, kollejdagi o‘qishimni tashlamaganimda, yurtdan yiroqlarga ketmaganimda bugun oldingizda jismu ruhi yarimjon qizingiz o‘tirmas edi.

"Sen suyangan tog‘imsan!", deysiz, onajon! "Tog‘" so‘zini ishlatmang, ona! U qora tog‘larning qirrali toshlari yetti yillik umrimni yemirib tashlamadimi?! Tovonimga qo‘shib qalbimni tilmadimi?! Ulardan qo‘rqaman! Ularni yomon ko‘raman!

Onajon, Sizni doim tushlarimda ko‘rganman. Qo‘llarimdan tutib yorug‘likka olib chiqaverardingiz. Shu umid bilan umrimni o‘tkazdim. Shu umid bilan Vatanim sari intildim. Onajon, Vatanim ham Siz kabi meni, bolamni, adashgan turmush o‘rtog‘imni bag‘riga bosdi. Ayblarimizni kechirdi, boshimizni siladi. Zero, Vatan uchun ham, Ona uchun ham bolaning begonasi bo‘lmas ekan..."

Lola SAODATOVA yozib oldi.