Jarayon 13.08.2019 54

TOG‘LI QISHLOQ AHOLISINI QANDAY MUAMMOLAR QIYNAMOQDA?

Sayyor qabul

Bahor faslining seryog‘in kelishi, sellarning ko‘p bo‘lishi oqibatida tog‘li qishloqdagi asosiy qatnov yo‘llari, ko‘priklar ta’mirtalab holga kelib qolgan. Bu esa hududda istiqomat qilayotgan aholi uchun qator noqulayliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘pchilik fuqarolar shu masala yuzasidan murojaat etib, yo‘l va ko‘priklarni ta’mirlashda amaliy yordam so‘radi.

Bu Yakkabog‘ tumanining Ishkent qishlog‘ida viloyat davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i - 4-sektor rahbari Ravshanjon Nasimov tomonidan o‘tkazilgan sayyor qabulda ko‘tarilgan masalalardan biri, xolos.

Ushbu muammo shu yerning o‘zida tuman hokimligi hamda mas’ul tashkilotlar vakillari ishtirokida muhokama etilib, uni hal etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilab olindi. Ishkent qishlog‘ini tuman markazi bilan bog‘lab turuvchi yo‘l 2 oy muddat ichida ta’mirlanadigan bo‘ldi.

 Shuningdek, ichimlik suvi, suyultirilgan gaz ballonlari va elektr energiyasi ta’minoti, sog‘liqni saqlashga oid hamda boshqa masalalar yuzasidan 21 fuqarodan 34 ta murojaat tushdi. Aksariyat muammolar qabul jarayonida hal etildi. Yechimi vaqt talab qiladigan murojaatlar ham tez orada bartaraf etiladi. Chunki har bir masala yuzasidan ijrochilar belgilanib, ularga tegishli topshiriqlar berildi.

- Nabiram og‘ir xastalik tufayli yura olmay qolgandi, - deydi shu qishloqlik Hudoyberdi Qosimov. - Shifokorlarga ko‘rsatdik, aytilgan tibbiy muolajalarni qilayapmiz. Sayyor qabulda nabiramga  nogironlik aravachasi ajratilishida amaliy yordam so‘rab murojaat qildim. Murojaatim shu yerning o‘zida hal etildi.

Sayyor qabulda Ishkent qishlog‘i yoshlariga, shuningdek, maktab kutubxonasiga badiiy adabiyotlar to‘plamlari sovg‘a qilindi. Bundan tashqari, kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalarga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi.

J.BOYMURODOV

Suratda: sayyor qabuldan lavha.