Tibbiyot 14.05.2019 89

TOG‘LI QISHLOQDA BEPUL TIBBIY KO‘RIK TASHKIL ETILDI

Shahrisabz tumanining tog‘li Xitoy mahallasida O‘zbekiston "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyat kengashi tashabbusi bilan aholining tibbiyot sohasiga oid murojaatlarini o‘rganish va amaliy hal etish bo‘yicha sayyor qabul hamda bepul tibbiy ko‘rik tashkil etildi.

Unda partiya faollari bilan bir qatorda viloyat tibbiyot boshqarmasi tizimidagi tibbiyot muassasalari shifokor mutaxassislari ishtirok etdi.

Dastlab mahalla ahli tibbiyot tizimiga oid muammolari bo‘yicha murojaat qildi.

- Farzandim Shohruz 5 yildan beri betob, - deydi Xitoy mahallasi Omag‘on qishlog‘ida yashovchi Matluba Sattorova. - Tez-tez davolatib turamiz. Oilaviy sharoitimiz og‘ir, shu bois o‘g‘limni tuman markaziy shifoxonasida davolatish uchun yo‘llanmaga ehtiyojimiz bor. Sayyor qabulda shu masala bo‘yicha murojaat qilgandim. Murojaatim amaliy hal etilib, qisqa vaqt ichida yo‘llanma beriladigan bo‘ldi.

- O‘g‘lim O‘lmas Sa’dullayev hozir 11 yoshda, - deydi Xitoy qishlog‘ilik Nafisa Yorboboyeva. - 1 yoshidan buyon kasallikka chalingan. Doimiy ravishda davolatib kelamiz. Iqtisodiy ahvolimiz og‘ir. Shu bois, farzandimni 1-guruh nogironligiga chiqarish uchun yordam so‘rab, murojaat etdim. Partiya faollari bu masalaga mas’ul tashkilotlarni jalb etib, uni ijobiy hal etishga yordam berishlarini bildirishdi.

Sayyor qabul davomida mahalla aholisidan shu kabi ko‘plab murojaatlar bo‘ldi. Ayrim   murojaatlarga o‘z joyida yechim topilgan bo‘lsa, ayrimlari bo‘yicha "yo‘l xaritasi" tuzilib, chora-tadbirlar belgilab olindi.

Shundan so‘ng, mahallada istiqomat qilayotgan 100 nafarga  yaqin boquvchisini yo‘qotgan, kam ta’minlangan, bolaligidan nogironligi bor aholi bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazildi.

J.BOYMURODOV