TONGGI MUSAFFOLIK MAMLAKATI VAKILLARI QARSHIDA AKT BO‘YICHA SABOQ BERISHMOQDA

Oliy o‘quv yurtlarida

Shu kunlarda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Qarshi filialida Janubiy Koreyaning Sungkyunkvan universiteti (Sungkyunkwan University, SKKU) mutaxassislari tomonidan "AKT sohasida dasturiy ta’minot" mavzusida o‘quv-trening kurslari va koreys madaniyati darslari o‘tkazilmoqda.

O‘zbekistonga Koreya Respublikasining Axborot jamiyati masalalari bo‘yicha milliy agentligi (NIA) va TATU o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan kelgan volontyorlar - Sungkyunkvan universiteti professori va 7 nafar talabasi, Tonggi musaffolik mamlakatining eng qadimgi xususiy oliy o‘quv yurti sanalgan bu bilim dargohining XIV asrdan boshlab bugungi kungacha bo‘lgan tarixi va hozirgi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berishdi. Ularning ta’kidlashicha, Janubiy Koreyaning o‘nta eng yaxshi universiteti ro‘yxatidan joy olgan SKKU, ayniqsa, muhandislik ishi va texnologiyalar, fizika, kimyo, san’at, gumanitar, tabiiy va ijtimoiy fanlar kabi yo‘nalishlar bo‘yicha berilayotgan ta’lim sifati bilan butun dunyoga ma’lumu mashhur.

- Janubiy koreyalik hamkorlarimiz talabalarga sayyohlar uchun mobil ilovalarni yaratish, Java dasturlash tili, android operatsion tizimi, Arduino (o‘zining protsessori (mikrokontrolleri) va xotirasiga ega bo‘lgan qurilmalar) yordamida robototexnika qurilmalarini yaratish mavzularida o‘quv-trening mashg‘ulotlari olib borishmoqda, - deya xabar qiladi TATU Qarshi filiali direktorining matbuot kotibi Hikmat Safarov. - Shuningdek, tashrif davomida mehmonlar uchun Qarshi va Shahrisabz shaharlarining diqqatga sazovor joylari va muqaddas qadamjolarga sayohatlar uyushtirish hamda mahalliy yoshlarni koreys milliy madaniyati va urf-odatlari bilan tanishtirish ko‘zda tutilgan. O‘quv-trening  kurslari joriy yilning 20 iyuliga qadar davom etadi.

O‘z muxbirimiz