Iqtisodiyot 07.06.2019 101

TOSH SARALASHDAN BETON BUYUMLARI ISHLAB CHIQARISHGACHA

Qurilish industriyasi

Ma’lumki, bozorni puxta o‘rganib ish ko‘rgan, xaridorgir va raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ygan tadbirkor aslo yutqazmaydi. G‘uzor tumanidagi "Soliha Muslima fayz" korxonasi faoliyati bunga yaqqol  misol bo‘la oladi.

- Bugun mamlakatimizning barcha hududlarida keng ko‘lamli qurilish ishlari amalga oshirilmoqda, - deydi korxona rahbari Shokir Shaymardonov. - Tabiiyki, bunyodkorlik hajmining yildan-yilga o‘sib borishi qurilish mollariga bo‘lgan talabni yanada oshiradi. Yuvib tozalangan va saralangan shag‘al tosh esa qurilishda doimiy ishlatiladigan va talab juda yuqori bo‘lgan mahsulot. Tumanning o‘zida ham unga katta ehtiyoj mavjud. Shuni inobatga olib, to‘rt yil avval faoliyatimizni aynan shag‘al tosh ishlab chiqarish bilan boshlagan edik. Bu ishimiz har tomonlama o‘zini oqladi.

Tadbirkorning aytishicha, sexga toshlar mashinada olib kelinib, birinchi bosqichda juda katta bosimdagi suv bilan yuviladi. Keyin tosh va qum alohida ajratilib, tayyor holatda chiqariladi. Bu ishlarning barchasi deyarli qo‘l mehnatisiz, kompyuterlashgan tizimda amalga oshiriladi.

Ayni paytda korxona ikki smenada, to‘liq quvvat bilan ishlamoqda. Mahsulotga xaridor ko‘p. Daromad ham shunga mos. Bu tadbirkorning moliyaviy imkoniyatlarini yanada kengaytirib, yangi faoliyat turlarini yo‘lga qo‘yishi uchun zamin hozirlayapti.

- Yaqinda beton to‘siqlar ishlab chiqarishni ham boshladik, - deydi Shokir Shaymardonov.  - Hozir ichki bozorda turli xil temir to‘siqlar mavjud. Ammo juda mustahkam va chidamli bo‘lgan beton to‘siqlarga ham talab yuqori. Biz ularni  o‘ziga xos dizaynda, milliy naqshinkor uslubda ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydik. Bu faoliyat turini tashkil etish ortiqcha qiyinchilik tug‘dirgani yo‘q. Zarur xom ashyoning asosiy qismi o‘zimizdan chiqadi. Kerakli qoliplarni olib kelib, ishchilarimizni shu hunarga o‘rgatdik xolos.

Faoliyatning kengayganidan ruhlangan tadbirkor yana bir rejani amalga oshirish maqsadida. U endi zamonaviy dizaynga ega yo‘lakbop plitkalar hamda yana bir necha turdagi temir-beton mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ymoqchi.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.