Jamiyat 21.05.2019 143

TUNGI "OVCHILAR" TO‘DASI QILMISHLARI FOSH ETILDI

O‘tgan yilning oktabr oyida ichki ishlar idoralariga ketma-ket tarzda Qarshi shahrida yashovchi bir necha kishidan o‘ziga nisbatan talonchilik jinoyati sodir etgani haqida xabarlar kelib tushgan.

Qiziq tomoni, ushbu bosqinchilik holatlarining aksariyati deyarli bir xil ssenariy asosida sodir etilardi. Ya’ni barcha jabrlanuvchilar kayf-safoga moyil erkaklar bo‘lgan.

Gap shundaki, shikoyat qilganlarning barchasi Cho‘lquvar mahallasi (4-mitti tuman) hududida ketayotgan vaqtida yengiltabiat ko‘rinishdagi ikki yoki uch-nafar ayolga duch kelgan. Ayollar dastlab ularga gap tashlagan, so‘ng suhbat shahvoniy istaklarni amalga oshirishga borib taqalgan. Ayollar bunga rozilik bildirib, "o‘lja"ni o‘z "go‘sha"siga tomon ataylab qorong‘i va kimsasiz yo‘llar orqali boshlagan. Bu yerda esa avvaldan kutib turgan uch-to‘rt yigit ularning yo‘lini tusib, "Kechqurun begona qizlar bilan nima qilib yuribsan?" deya jabrlanuvchiga tashlanishgan. Har safar voqea talonchilar jabrlanuvchini urib, uning yonidagi pul va boshqa buyumlarini tortib olishi bilan yakunlanavergan.

Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida ushbu guruh a’zolari tez orada qo‘lga olindi. Achinarli tomoni, ularning barchasi hali 30 yoshga ham yetmagan yoshlar, to‘rt nafari esa yosh qizlar ekan.

Tafsilotlarga o‘tamiz. Koson tumani Arabxona mahallasilik T.X. Qarshi shahrida Kitob tumanilik, 1994-yilda tug‘ilgan Maftuna ismli qiz bilan tanishib, na rasmiy, na sha’riy nikoh qoidalariga amal qilmasdan, er-xotin sifatida yashay boshlaydi. Ammo tayinli biror ishning boshini tutmagan, kayf-safoga mukkasidan ketgan "oila" vakillari kvartirama-kvartira sang‘ib ovvora edi.

Xuddi shuningdek, Koson tumani Rahimso‘fi qishlog‘ilik 25 yoshli M.N. ham  o‘zidan 3 yosh katta Zuhra ismli qiz bilan tanishib, Qarshi shahrida nikohsiz birga yashab kelgan.

1998-yilda Qarshi shahrida tug‘ilgan Sh.SH. hamda 1999-yilda tug‘ilgan Fayozaning ham yurish-turishi xuddi shunday bo‘lgan.

"Ko‘r-ko‘rni qorong‘ida topadi", deganlaridek, harom-xarish hayot tarzidan xazar qilmagan bu yigit-qizlar ham bir-birlari bilan tanishib, goh unisi topgan ijara uyda, goh bunisining "kvartira"sida birga bazm qilib, tunab yurishgan.

Bunday bazmlarga xuddi o‘zlari kabi yana bir necha yigit-qizlar ham kelib-ketib turgan. Ularning shahardagi bozorlar atrofida mayda-chuyda buyumlarning oldi-sotdisidan topadigan puli bunday bazmlar, uy ijara haqi uchun hech narsa bo‘lmas, ko‘proq pul topish yo‘llarini qidirar, ammo halol mehnatga bo‘yinlari yor bermasdi.

Shu bois ular o‘zaro kelishib, talonchilik bilan pul topishga kelishib olishadi. Ish har doim bir xil usulda davom etardi. Kechqurun qizlar begona yigitlarga gap solib, ularni aldab, qorong‘i joyga boshlab kelar, bu yerda bekinib turgan yigitlar esa ularni urib, pul va boshqa buyumlarini tortib olishardi.

Faqat bir safar guruh a’zolari Qarshi shahridagi "Hilol" kafesi oldidan kirakash "Damas" mashinasiga o‘tirib, Qavali mahallasi hududiga borgan. So‘ng haydovchini urib, uning yonidagi pul va telefonini, mashinasining ayrim aksessuarlarini  tortib olishgan.

Ammo o‘zini xon, ko‘lankasini maydon sanagan jinoiy guruh a’zolarining bu jinoiy faoliyati uzoqqa cho‘zilmadi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudining ochiq sud majlisida ushbu guruhning 9 nafar a’zosiga nisbatan yuritilgan jinoyat ishi ko‘rib chiqilib, ularning har biriga tegishli tartibda jazo tayinlandi.

Shu o‘rinda yana bir jihatni afsus bilan aytish joizki, bu yigit-qizlarning aksariyati o‘z uylaridan uzoqda yashab yurishgan. Ota-ona, qarindosh-urug‘, mahalla-ko‘y go‘yoki ularning shaharda "biznes" bilan shug‘ullanayotganiga ishonib, indamay qo‘yavergani, biror marotaba qayerda, nima ish qilayotgani bilan qiziqmagani achinarli. Nahotki, hali turmushga chiqmagan, yosh qiz shaharga o‘zi kelib, ishlayapman deya oylab yursayu ota-ona bunga qiziqmasa. Ular e’tiborli bo‘lganida  bu jinoyatlar ham sodir etilmagan, o‘zlarining esa el-yurt oldida boshi egilmagan bo‘lardi.

SH.HASANOV,

Jinoyat ishlari bo‘yicha Nishon tuman sudi raisi