Iqtisodiyot 09.07.2019 90

TUSHUMLAR MIQDORI ORTDI

Soliq islohoti

2019-yil uchun budjet tushumlari prognozi 5 trillion 870  milliard 600 million so‘m etib belgilangani holda Qashqadaryoda joriy yilning birinchi yarim yilligida ijro 3 trillion 108,3 milliard so‘mga yoki 53 foizga bajarildi. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan davlat g‘aznasiga 1 trillion 319 milliard so‘m  (174 foiz) ko‘p mablag‘ tushirishga erishildi. Qolaversa, mahalliy budjet tushumlari prognozi 3 trillion 493,7 milliard so‘m miqdorida belgilangani holda dastlabki olti oyda bu 1 trillion 850,4 milliard so‘mga uddalandi.

Albatta, budjet daromadlarini ko‘paytirish o‘z-o‘zidan bo‘lmaydi. Bunga xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, yangi manbalar yaratish, soliq intizomini mustahkamlash kabilar orqali erishiladi. Natija qaytib soliq to‘lovchilar manfaatlariga xizmat qilishi tayin: aholi farovonligiga xizmat qiluvchi bunyodkorlik ishlari ko‘lami kengayadi, infratuzilma yaxshilanadi, ijtimoiy soha ahvoli jiddiy o‘nglanadi.

Yana bir jihati, mamlakatimizda, aholi, turli subyektlar zimmasiga tushadigan soliq yuki kamaytirilayotgani budjet tushumlari kamayishiga emas, balki aksincha, o‘sishiga imkon bermoqda. Misol uchun, joriy yilda tegishli "Yo‘l xaritasi"ga asosan qo‘shimcha 512,1 milliard so‘m mablag‘ topish ko‘zda tutilgan. Mazkur talab ijrosi 1- iyun holatida allaqachon 330,2 milliard so‘mga yoki 64,5 foizga ta’minlandi.

Ikkinchi yarim yillikda ham budjetga tushumlarni ko‘paytirishda ijobiy natijalar qayd etish uchun zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Firdavsiy JABBOROV,

viloyat davlat soliq boshqarmasi shu’ba boshlig‘i