Ma'naviyat 27.08.2019 41

TUYAQUSH GO‘SHTI HALOLMI?

Bilib qo‘ygan afzal

Keyingi vaqtlarda tuyaqush boqib, tadbirkorlik faoliyatini yuritayotganlar soni viloyatimizda ham ko‘paymoqda. Xo‘sh, tuyaqush go‘shti halolmi, bu borada dinimiz ko‘rsatmalari qanday?

O‘zbekiston musulmonlari idorasi fatvo hay’ati Telegramdagi kanalida bu savolga quyidagicha javob berdi:

- Tuyaqush  - iste’mol qilish shar’an mumkin bo‘lgan qushlardan sanaladi. Bu borada barcha mazhab fuqaholari ittifoq qilishgan. Alloh taolo barcha pokiza narsalarni insonlarga halol qilgan bo‘lib, bu haqda Qur’oni karimda shunday marhamat qiladi: "Sizdan (o‘zlariga) halol qilingan narsalar haqida so‘raydilar. Ayting: "Sizlarga pokiza narsalar halol qilindi" (Moida surasi, 4-oyat).

Ushbu umumiy halol qilingan hayvonlardan shariatda istisno qilinganlarini iste’mol qilish joiz emas. Buni quyidagi kabi rivoyatlardan bilib olamiz:

Ibn Abbos roziyallohu anhu rivoyat qiladi: "Nabiy alayhissolatu vassalom yirtqich hayvonlardan oziq tishi borlari va o‘tkir tirnoqli qushlar(ning go‘shtini yeyish)dan qaytardilar" (Imom Muslim rivoyati).

Ulamolarimiz mazkur hadisdagi: "o‘tkir tirnoqli qushlar"dan murod - tirnoqlari bilan ov qilib, uning go‘shti bilan oziqlanadigan burgut, lochin, qirg‘iy kabi qushlar tushuniladi, deyishgan.

Tuyaqush mazkur rivoyatda zikr qilingan o‘tkir tirnoqli qushlar turiga kirmaydi. Faqat uni so‘yishda Allohning nomini zikr qilish shart hisoblanadi. Zero, Alloh taolo O‘zining nomi zikr qilib so‘yilgan hayvonninggina go‘shtini yeyishga amr qilgan.