Iqtisodiyot 03.05.2019 153

TUYAQUSH, ZOTDOR KURKA VA BALIQ BOQISH YO‘LGA QO‘YILADI

Xususiy sektor

Yurtimizda aholining asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, jumladan, go‘sht iste’mol qilish hajmi yildan-yilga oshib borayotgani tabiiy jarayondir. Bozor talabi o‘sayaptimi, demak, uni o‘z o‘rnida, to‘laqonli qanoatlantirish zarur. Bu esa ayni yo‘nalishda faoliyat ko‘rsatayotgan subyektlar ishini olg‘a harakatga keltirmoqda. Yangi quvvatlar ishga tushishi hisobiga mahsulot ishlab chiqarish salmog‘i ortayapti.

Shunisi aniqki, mavjud ehtiyojni faqat qoramolchilik va qo‘ychilik singari tarmoqlar salohiyati bilan samarali qoplab bo‘lmaydi. Xaridorda doim tanlash imkoniyati bo‘lishi kerak. Bu jihat esa iste’mol bozoriga parhez go‘sht yetkazib berish imkoniga ega parrandachilik, quyonchilik va baliqchilik tarmoqlari rivojini ta’minlayapti.

Koson tumanidagi "Xushnudbek Poyonbek" mas’uliyati cheklangan jamiyati ham  2-3 yildirki, aholi dasturxoniga tovuq va quyon go‘shti taqdim etib kelayapti. Korxona bir oyda 3-4 tonnagacha parhezbop  mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega.

- 7-8 yilcha avval biznesimizni savdo sohasida boshlagan bo‘lsak, bugun parrandachilik yo‘nalishida ham unumli faoliyat ko‘rsatayapmiz, - deydi korxona rahbari Shuhrat Yahyoyev. - Bir martada 4000 bosh broyler tovug‘ini parvarishlaymiz. Go‘sht berishda mahsuldor sanalgan ushbu jonivorlarni boqish uchun maxsus bino barpo etganmiz. O‘tgan davrda parhez go‘shtni nafaqat xom, balki pishirilgan holida ham realizatsiya qildik. Bundan tashqari, sanoat usulida tuxum yo‘nalishidagi 1000 boshdan oshiq tovuq  yetishtirishni ham tashkil qilganmiz. Mahsulot olish hajmi shunga yarasha. Quyonchilikda ham yaxshi tajriba to‘pladik. Bu jonivor go‘shtiga bozorda talab katta. Bir martada 300 boshgacha quyon boqib, sotayotganimiz bunga misol. Endilikda har biri 10 kilogrammga yetadigan Flandr zotli quyon parvarishini boshlaymiz.

Tadbirkorning aytishicha, korxonada yangi tarmoqlar uchun qo‘shimcha sharoitlar yaratishga ham kirishilgan. Naslli kurkachilikni yo‘lga qo‘yish, tuyaqush boqish quvvatini ishga tushirish, shu maqsadda 100 boshdan parranda olib kelish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Har biri 40 kilogrammgacha vazn qiluvchi zotdor kurka parvarishi tadbirkorlik subyektining go‘sht yetishtirish borasidagi imkoniyatini yanada yaxshilaydi. Ishbilarmon baliqchilikka ham istiqbolli soha sifatida qarayapti. Sun’iy havza barpo etib, iqlim-sharoitimizga chidamli Afrika laqqasini boqish ko‘zda tutilgan. Bu tashabbuslar amalga oshsa, korxonada foydali mehnat bilan band bo‘lgan kishilar soni ikki barobar ko‘payadi.

Mirzohid JO‘RAYEV

Suratlar muallifi Sobir NARZIYEV.