Iqtisodiyot 13.08.2019 25

UCH BOSQICH, QARIYB 2500 ISH O‘RNI, 100 FOIZ EKSPORT

Yengil sanoat

Paxta xom ashyosi tayyorlash va eksport qilish yaxshigina daromadli faoliyat. Uni chuqur qayta ishlab, tayyor mahsulot ko‘rinishida sotish esa yanada ko‘proq manfaatli. Bu orqali qiymat ortadi, yangi ish o‘rinlari yaratiladi.

Shundan kelib chiqib, mamlakatimizda nafaqat paxta yetishtirish, balki uni shu yerning o‘zida qayta ishlash va tayyor mahsulot holida sotishga ustuvor ahamiyat berilmoqda. Misol uchun, 1991-yilda yurtimizda tayyorlangan paxta tolasining atigi 7 foizi o‘zimizda qayta ishlangan bo‘lsa, hozirgi  kunda bu ko‘rsatkich 40 foizdan oshiqni tashkil etadi. 2020-yilga borib esa mamlakatimizda yetishtirilgan paxtani xom ashyo ko‘rinishida eksport qilishga chek qo‘yiladi.  Buning uchun sohaga ixtisoslashgan 120 ta zamonaviy korxona tashkil etish, o‘ndan ortiq subyektni modernizatsiya qilish rejalashtirilgan.

Qarshi tumani Qoratepa qishlog‘i hududida faoliyat ko‘rsatayotgan "LT Textile International" korxonasi yuz foiz xorijiy sarmoya ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalardan biri sanaladi. Uning qurilish ishlari 2015-yilda boshlangan bo‘lsa, 2017-yilning iyul oyiga kelib ishlab chiqarishga kirishildi. Bu 3 bosqichli loyihaning dastlabki natijasi edi. Buning uchun xorijiy investor tomonidan 109 million AQSH dollari sarflandi va keltirilgan eng zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlangan majmuada paxta tolasidan ip-kalava ishlab chiqarish boshlandi. Shu bahonada 730 nafar mahalliy yigit-qiz doimiy ish bilan ta’minlandi.

Ta’kidlash joiz, viloyatimizda yetishtiriladigan paxta tolasi pishiq va cho‘ziluvchan ekanligi, qolaversa, mazkur yengil sanoat majmuasida xom ashyoga zamonaviy texnologiyalar asosida sifatli ishlov berilayotgani subyektda tayyorlanayotgan ip-kalavaning xorijda raqobatbardosh va xaridorgir bo‘lishini ta’minlayapti. Natijada mahsulot ishlab chiqarish ko‘lami ham, eksport geografiyasi ham kengayib, korxonaning iqtisodiy salohiyati yuksalib bormoqda.

- 2018-yilda qiymati 43 million 507 ming AQSH dollariga teng hajmda  mahsulot eksport qilgan bo‘lsak, 2019-yilning o‘tgan davri mobaynida bu ko‘rsatkich 30 million 922 ming AQSH dollariga yetdi, - deydi korxona rahbarining moliyaviy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari Yao Youxong. - Ko‘plab Osiyo va Yevropa davlatlari bizda ishlab chiqarilayotgan ip-kalavaning asosiy xaridorlari hisoblanadi.

Ayni paytda investorlar tomonidan loyihaning 2-bosqichini ishga tushirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar ham qizg‘in kechmoqda. Bunda 100 million AQSH dollari miqdoridagi sarmoya evaziga tayyor mato ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgandi. Hozirgi kunda shu maqsad uchun bunyod etilayotgan bino qurilishi ishlari yakunlanay deb qolgan. Unga xorijdan zarur texnologik uskunalar olib kelib o‘rnatiladi va kelgusi yil quvvat ishga tushiriladi. Ahamiyatli tomoni, loyihaning ikkinchi bosqichi amalga oshirilishi natijasida yana 700 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Yana bir e’tiborga molik jihati, korxona mulkdorlari kelgusi yildan boshlab klaster tizimida ishlashga o‘tishni reja qilishgan. Bu loyihaning 3-bosqichi sanaladi.

Bunda xorijiy investorlar viloyatimiz hududidan 40 ming gektar yer olib, 300 million AQSH dollari evaziga ilg‘or qishloq xo‘jaligi texnikalarini xarid qilish, zarur infratuzilmani shakllantirish hamda kuchli mutaxassislarni jalb etish orqali o‘zlari oliy navli paxta xom ashyosi yetishtirishni yo‘lga qo‘yishni ko‘zlashgan. Shunda yana 1000 nafar ishchi kuchiga ehtiyoj tug‘iladi. Mahalliy ishsiz yigit-qizlar uchun esa bu ayni muddao.

Jahongir BOYMURODOV

Sobir NARZIYEV olgan suratlar.